22:57 / 09.11.2021
6431

Qirg‘izistonda saylovoldi jarayoniga aralashgani uchun bir necha mansabdor ishdan bo‘shatildi

«Sizning vazifangiz – saylovlar o‘tishi uchun sharoit yaratish. Fuqarolik pozitsiyangizni saylov kuni ovoz berish yo‘li bilan bildirishingiz mumkin. Saylov jarayoniga aralashmang», - dedi bosh vazir Akilbek Japarov amaldorlarga.

Foto: Sputnik

Qirg‘izistonda saylovoldi jarayoniga aralashgani uchun bir necha mansabdor shaxs ishdan bo‘shatildi, ayrimlariga hayfsan berildi. Bu haqda mamlakat vazirlar mahkamasi rahbari Akilbek Japarov ma'lum qildi.

«Saylov qonunchiligini buzgani sababli O‘sh davlat universiteti rektori Kudayberdi Kojobekov hamda ushbu o‘quv yurtidagi fakultetlardan birining dekani va uch nafar o‘qituvchisi ishdan bo‘shatildi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan tashqari, Botken oblasti Laylak tumani rahbari ishdan bo‘shatilgan va ta'lim vaziri Bolotbek Kupeshevga hayfsan berilgan. 

Vazirlar Mahkamasining ma'lumot berishicha, hozirga qadar IIV va markaziy saylov komissiyasiga saylov qonunchiligi buzilishi bilan bog‘liq 59ta ariza kelib tushgan.

«Siz targ‘ibot tadbirlarida qatnashmasligingiz kerak. O‘zingizning bevosita ishingizni bajaring. Sizning vazifangiz – saylovlar o‘tishi uchun sharoit yaratish. Fuqarolik pozitsiyangizni saylov kuni ovoz berish yo‘li bilan bildirishingiz mumkin. Saylov jarayoniga aralashmang», — dedi Japarov amaldorlarga.

Qirg‘iziston parlamentiga saylovlar 28 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Top