O‘zbekiston | 19:50 / 11.11.2021
26450
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud 16 fevral voqealarida ayblangan sobiq bojxonachilarga chiqarilgan oqlov ajrimini bekor qildi

Sobiq bojxonachilar ishi Oliy sudda ko‘rib chiqilib, Toshkent viloyat sudining oqlov ajrimi bekor qilindi. Ish viloyat sudida qayta ko‘riladi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: KUN.UZ

Ishni Oliy sudda ko‘rish bir oydan oshiq tanaffusdan so‘ng davom ettirildi. Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati tomonidan 30 sentabr kuni ko‘rilishi boshlangan jinoyat ishi bo‘yicha 11 noyabr kuni kassatsiya ajrimi chiqarildi.

Oliy sud ajrimi bilan Toshkent viloyati prokurori protesti qisman qanoatlantirilib, Toshkent viloyat sudining apellyatsiya hay'ati tomonidan 2021 yil 24 iyul kuni chiqarilgan oqlov ajrimi bekor qilindi hamda ish viloyat sudida apellyatsiya instansiyasida yangidan ko‘rish uchun yuborildi.

Sudlov hay'ati oqlov ajrimini bekor qilishga asos sifatida viloyat sudida ishni ko‘rish chog‘ida ayrim protsessual talablarga rioya qilinmaganini keltirdi. Shu bilan birga, sud sobiq bojxonachilarning ayblilik masalasiga to‘xtalmaganini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, bundan 22 yil avval Toshkentda sodir bo‘lgan terrorchilik aktlaridan so‘ng jinoiy javobgarlikka tortilgan bir necha sobiq bojxonachilar 2021 yilda oqlangan edi. Oqlov hukmiga nisbatan Toshkent viloyati prokurori protest kiritgach, ish Oliy sudda qayta ko‘rildi.

Mavzuga oid