O‘zbekiston | 13:26 / 13.11.2021
3054
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyatida respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Media-tur tashkil etildi

Prezident raisligida 2 noyabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriq ijrosi doirasida Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida bunyod etilgan Guliston yo‘ldosh shaharchasi hamda viloyatda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar bilan tanishtirish maqsadida Respublika OAV vakillari uchun 8-9 noyabr kunlari Media-tur tashkil etildi.

Media-tur ishtirokchilari dastlab Farg‘ona shahridagi kasb-hunar maktabida tashkil etilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish marosimida qatnashdi.

Shundan so‘ng OAV vakillari Farg‘ona shahridagi “Fergana global textile” korxonasida bo‘ldi. Mehmonlar paxta xomashyosini o‘zida qayta ishlab, mato holatiga keltirayotgan korxona faoliyati bilan tanishdi.  

Xalqaro aeroport yaqinidagi “Ilg‘or” MFY hududida 300 gektar maydonda barpo etilayotgan Ekoshahar ishtirokchilarning navbatdagi manzili bo‘ldi. Ekoshahar loyihasi bilan tanishgan OAV vakillari keyingi manzilda Oltiariq tumanidagi “NIRT FRUIT” mevachilik fermer xo‘jaligi tomonidan amalga oshirilayotgan meva-sabzavotlarni saqlash va uning eksporti bilan bog‘liq ma'lumotlarga ega bo‘lishdi.

Media-turning ikkinchi kunida ishtirokchilar Bog‘dod tumani Guliston shaharchasida bunyod etilgan, prezident tashabbusi bilan boshlanib, “Bog‘dod tajribasi” sifatida e'tirof etilgan 61 ta ko‘p qavatli turar-joy binolari hamda mahalla binosi, kovorking markazi, madaniyat saroyi, poliklinika, maktabgacha ta'lim muassasasi, umumiy o‘rta ta'lim maktabi, sport-sog‘lomlashtirish va ko‘plab savdo majmualari faoliyati bilan tanishdi.

Tuman hokimi Vosiljon Nazarov media-tur ishtirokchilariga Guliston shaharcha haqida ma'lumot berdi.

V.Nazarovning ta'kidlashicha, Yangi massiv bunyod etilishi hisobiga tumandagi 1 ming 200 dan ortiq oila uy-joyli bo‘lgan. Aholi bandligini ta'minlash maqsadida yondosh hududda har biri 10 sotixdan iborat mingta issiqxona barpo etilgan. Bu issiqxonalarning 400 tadan ziyodrog‘i o‘z egalariga topshirilgan. Shuningdek, “Muruvvat” kichik sanoat zonasida o‘nlab yangi tadbirkorlik loyihalari tufayli 280 dan ortiq ish o‘rinlari yaratilgan.

Press-tur ishtirokchilari yo‘ldosh shaharchadagi yangi xonadon egalari bilan suhbatlashdi. Chin yetimlarga qurilayotgan 2 sotixli uylar, madaniyat saroyi, maktab va bog‘cha hamda issiqxona faoliyati bilan tanishdi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida, “Tomorqadan boqqa” shiori ostida o‘tkazilgan ko‘chat ekish aksiyasida ishtirok etishdi.

Rejaga ko‘ra, media-tur ishtirokchilari Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan “Andelaia” erkaklar ko‘ylaklari ishlab chiqarish, hamda “Kokand bicyclesk” velosiped ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishdilar.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid