Jahon | 11:20 / 14.11.2021
24677
5 daqiqa o‘qiladi

Ko‘ngilli Robinzon: qariyb 40 yildan buyon baland tog‘larda kun kechirayotgan britaniyalik tarixi

Qariyb 40 yildan beri Ken Smit odatiy hayotdan voz kechib, Shotlandiyaning baland tog‘laridagi uzoq Lox-Trey ko‘li qirg‘og‘ida o‘zi yog‘ochdan qurgan uyda elektr va suv quvurisiz yashab kelyapti.

URUNA PRODUCTIONS

«Hamma shunday hayotda yashashni istaydi, biroq bunga jur'at etolmaydi», - deydi u.

O‘rmon ne'matlari va baliq ovlash bilan qorin to‘ydirish, o‘tin tayyorlash, eski tog‘orada kiyim yuvish – ideal hayot ekani borasida bahslashish mumkin. Ayniqsa yoshingiz 74da bo‘lsa. Ken Smitning kulbasidan ko‘l yaqinidagi Rannox Mur qo‘riqxonasi chegarasigacha bo‘lgan yo‘lgacha ikki soat piyoda yurish kerak.

«Bu yerlar tashlandiq. Kulbamga kelish uchun yo‘l yo‘q, biroq to‘g‘on qurilguniga qadar yo‘l bo‘lgan, bu yerda kimdir yashagan», - deydi u.

1929 yilda ko‘lda gidroelektrstansiyasi qurilgan. Suv ko‘tarilgani uchun ikki qishloq suv ostida qolgan.

Ularning qoldiqlari anavi yerda. Faqat men g‘alaba qozondim», - deydi ko‘lga tikilib.

Kenning darbadarlikdani ko‘plab suratlaridan biri. Foto: KEN SMITH

To‘qqiz yil oldin hujjatli film rejissyori Lizzi Makkenzi u bilan aloqaga chiqdi. Yaqinda u haqida «Trey darbadari» deb nomlangan film suratga oldi.

Angliya markazidagi Derbisherdan bo‘lgan Ken 15 yoshida ishlay boshlagan, u Yong‘in deposini qurardi. 26 yoshda uning hayoti butun umrga o‘zgarib ketadi. Ziyofatdan qaytayotgan Ken jinoiy guruh tomonidan kaltaklanadi, miyasiga qon quyilib, 23 kun hushsiz yotadi.

«Menga hech qachon tuzalmasligimni aytishgandi. Butun umrga soqov bo‘lib qolasan deyishgandi. Yurolmasligimni aytishgandi. Biroq men uddaladim. Ana o‘shanda boshqalarning qoidalariga ko‘ra emas, o‘z qoidalarim bo‘yicha yashashga qaror qildim», - deya hikoya qiladi u.

Ken dunyoning turli chekka burchaklarini tanlab sayohat qilishni boshlaydi. Kanadaning Alyaska bilan chegarasidagi Yukon hududida xayoliga yo‘lni boshqa tomonga burib, boshi oqqan tarafga ketish fikri keldi.

URUNA PRODUCTIONS

Ken 37,5 ming kilometr piyoda yuradi va deyarli o‘n yil mobaynida uyida bo‘lmaydi.

Bu vaqt ichida ota-onasi vafot etgan. Bu haqida u uyga kelgach bilgan. U hech narsa his qilmaganini aytadi. «Men nima yuz berganini darhol anglamadim», - deydi u. Endi vatanida uni hech narsa ushlab qolmasdi. Ken yana maqsadsiz yo‘lga otlanadi. Buyuk Britaniyani kezib chiqadi, Rannox Mur qo‘riqxonasida uning sargardonligiga yakun yasaladi. Ken o‘zi qolishni istagan joyni topgandi.

80-yillar o‘rtasi. Ken endigina o‘z uyini qurdi

Yolg‘izlikdagi hayot xatarlar bilan bog‘liq. Ular oxir-oqibat o‘zini ko‘rsatdi. 2019 yilning fevral oyida qor bosgan o‘rmonda Kenda insult yuz berdi. Uni o‘zi qochib ketgan sivilizatsiya qutqardi. Darbadarning yonida Lizzi Makkenzi sovg‘a qilgan radio mayoq bor edi va u SOS signalini yubordi. Yordam chaqirig‘i GPS tizimi sputnigi orqali o‘tib, Texas shtatining Hyuston shahrida qabul qilindi. Amerikaliklar zudlik bilan Buyuk Britaniya hukumatiga xabar berishdi va Kenni yaqinda joylashgan shahar Fort-Uilyamdagi kasalxonaga olib kelishdi.

Yetti kun davomida shifokorlar uning hayoti uchun kurashishdi va jamiyatga qaytib, shahardagi xonadonlardan biriga joylashish, keksa fuqarolarni parvarish qilish xizmatlaridan foydalanishga ko‘ndirmoqchi bo‘lishdi. Biroq Ken faqat bir narsa – o‘z kulbasiga qaytishni istardi.

U aynan shunday yo‘l tutdi. Biroq endi xotirasi va ko‘rish qobiliyati pasaygani sababli odamlardan ko‘proq yordam olishiga to‘g‘ri kelyapti. O‘rmonchi har ikki haftada unga yegulik olib keladi, Ken unga nafaqasidan pul to‘laydi.

URUNA PRODUCTIONS

Taxminan bir yildan keyin jarohat olgani sababli yana kasalxonaga olib kelindi. Biroq u o‘z fikrida qat'iy turib olgan.

«Men umrimning oxirigacha shu yerda qolaman. Turli voqealarni boshdan kechirdim, hechqisi yo‘q. Barchamiz Yerda abadiy emasmiz. Ertami, kechmi yana kasal bo‘laman, yoki yana nimadir bo‘ladi. Men bilan ham boshqalar bilan yuz bergan holat sodir bo‘ladi. Biroq 102 yoshgacha yashashga umid qilaman», - deydi u. 

Mavzuga oid