Adliya vaziri Ruslanbek Davletov davlat boshqaruvi, huquqiy soha va davlat xizmatlari masalalari bo‘yicha Telegram'da tashkil etilgan jonli podkastda davlat boshqaruvini ixchamlashtirish masalasiga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi.
“Prezidentimiz inauguratsiyada aytgan nutqlarida ham hukumat, davlat organlarining ixcham bo‘lishi to‘g‘risida gapirdilar. Ma'muriy islohotlarning davom etishi bevosita Adliya vazirligi faoliyati bilan ham bog‘liq. Chunki davlat boshqaruvi samaradorligini tahlil qiluvchi alohida tuzilmalarimiz bor, shu bo‘yicha ko‘p ishlar olib boramiz va takliflarimizni hukumatga kiritib boramiz.
Davlat organlari tizimining ixcham bo‘lishi nima degani? Bu degani har bir sohada o‘zining vakolatiga ega bo‘lgan, funksiyalari boshqa idoralar bilan takrorlanmaydigan, u yerda ishlaydigan har bir xodimning aniq vazifasi belgilab qo‘yilgan tizimni anglatadi”, deydi vazir.
Davletov inspeksiyalar sonining ko‘pligiga ham e'tibor qaratdi.
“Bugungi kunda eng dolzarb masalalardan biri – bu organlarning soni. Mana yaqinda inspeksiyalarni tahlil qildik. 18ta inspeksiya bor, kerak bo‘lsa, bir-biri bilan vazifalari takrorlanayotganlari bor. Umuman, inspeksiyalar bugungi kunda davlat boshqaruvida jamoatchilikning ham e'tiboridan chetda qolyapti. Qanday tekshirishyapti, tadbirkor va fuqarolar bilan qanday munosabatga kirishyapti – ularning faoliyati juda ham shaffof emas.
Masalan, birgina qurilish, uy-joy nazorati sohasida 4ta davlat organi mas'ul. Yoki mahsulotlarning sifati va xavfsizligiga 8ta alohida tashkilot mas'ul bo‘lyapti. Demak, buni qaytadan ko‘rib chiqib, optimallashtirish masalasi ko‘ndalang turibdi”, ta'kidladi Ruslanbek Davletov.
Adliya vazirligi rahbari fuqarolarning bir masala yuzasidan idorama-idora sarson bo‘lib yurmasligi uchun “bir masala – bir idora” tamoyilini joriy qilish kerakligini bildirdi:
“Bir masala – bir idora” tamoyilini amalga oshirish kerak. Ya'ni fuqaro murojaat qilganda uning masalasini hal qiladigan idora hamma funksiyalarni qamrab olishi kerakki, 100 foiz hamma masalasini hal qilib bersin.
Mana, hozirda ta'lim sohasining o‘zida 5ta organimiz bor. Ta'limning boshqaruvi, tagidagi fundamental masalalar bir xil, lekin uning darajasidan kelib chiqib organlarga bo‘lingan. Balki buni ham qayta ko‘rib chiqish kerakdir. Takrorlovchi funksiyalari juda ko‘p. Mazmun-mohiyatan masalalari bir xil bo‘lgandan keyin boshqaruv ham bir xil bo‘lishi kerakdir balki.







