Italiya bosh vaziri Jorja Meloni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

Kecha, 28 may kuni oqshomda Samarqandga ketib kelgan mehmonni aeroportda shaxsan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Shundan so‘ng Jorja Meloni O‘zbekiston prezidenti hamrohligida Samarqand shahridagi Registon maydoni va “Boqiy shahar” majmuasi bilan tanishdi.

Italiya bosh vaziriga O‘zbekiston xalqining boy madaniy merosi, hunarmandchilik va amaliy san’atini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar namoyish qilindi. Raqs jamoalarining chiqishlaridan iborat madaniy dastur tashkil etildi.

29 may kuni tongda Kongress markazi oldidagi maydonda Italiya yetakchisini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Faxriy qorovul saf tortdi, harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyov va Jorja Melonining yuzma-yuz va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

2023 yil iyun oyida Rim shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi, shu jumladan yetkazib berilayotgan mahsulotlar turining kengaygani hisobiga qariyb 3 barobar oshdi. Qo‘shma korxona va loyihalar soni 2 barobar ko‘paydi. Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan metallurgiya, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, turizm va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli kooperatsiya yo‘lga qo‘yilgan.