O‘zbekiston | 20:05 / 15.11.2021
14690
3 daqiqa o‘qiladi

«Ayniqsa, hokimlar o‘zgarishi kerak» - Prezident videoselektorida dasturlar ijrosini mahallalarda amalga oshirish vazifa qilib qo‘yildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 noyabr kuni aholi bandligini ta'minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Bugun iqtisodiyotdagi barcha sa'y-harakatlar aholi uchun daromad manbayi yaratish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan. Bu juda keng qamrovli vazifa bo‘lib, ijtimoiy nafaqa yoki uy berish bilan o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi. Bu iqtisodiy infratuzilma bilan birga investitsiya yo‘naltirish, energiya ta'minotini yaxshilash, ta'limni rivojlantirish kabi kompleks choralarni talab etadi.

Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi uchrashuvlarida joylardagi ehtiyoj va aholi talabidan kelib chiqib, hududiy dasturlar belgilangan edi. Ular uchun kelgusi yilda qariyb 75 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Endigi muhim vazifa bu dasturlarni mahallagacha tushirib, ijrosini ta'minlashdir», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Xususan, kelgusi yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari, ishsiz aholi va yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, xizmat ko‘rsatish sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish uchun 13 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

«Yangi O‘zbekiston degani, avvalo, yangicha ishlash kerak degani. Ayniqsa, hokimlar o‘zgarishi kerak. Hamma sa'y-harakatlar, ajratilayotgan mablag‘lar mahallada o‘z ifodasini topmasa, natija bo‘lmaydi. Bunda ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirish – asosiy mezon», – dedi davlat rahbari.

Bandlikni ta'minlashda eng katta sohalardan biri – qishloq xo‘jaligi. Kelgusi yilda paxta va g‘alladan bo‘shaydigan 80 ming gektar maydon aholiga ajratilishi belgilangan. Meva-sabzavotchilik klasterlariga 2 trillion so‘m, shu sohadagi loyihalarga 100 million dollar, tomorqalarda mahsulot yetishtirish uchun yana 100 million dollar yo‘naltiriladi. Aholi tomorqasida dehqonchilikni yo‘lga qo‘yish uchun banklar tomonidan 7 foiz stavkada imtiyozli kreditlar beriladi.

Kelgusi yilda davlat investitsiya dasturi doirasida jami 18 trillion so‘mlikdan ziyod 1 ming 700 ga yaqin loyiha, tarmoq va hududiy investitsiya dasturlari doirasida 22 milliard dollarlik 9 mingta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Ularning natijasida, mos ravishda, 135 ming va 305 mingta ish o‘rni tashkil etish maqsad qilingan.

Prezident bundan buyon dasturlar vazirlikda emas, mahallada shakllanishini, ularni hokimlarning yordamchilari o‘zi “mahallabay” tamoyili asosida ishlab chiqishi zarurligini ta'kidladi.

Kelasi yil xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb etilgan 2 milliard 200 ming dollar mablag‘ni o‘zlashtirish hisobiga 109 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning samarasida 28 ming aholi bandligi ta'minlanadi.

Davlat rahbari xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinadigan mablag‘larni ham mahallaga bog‘lash muhimligini qayd etdi.

Yig‘ilishda hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid