Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ijtimoiy yordam amaldorlarning hissiyotlari, kayfiyati yoki rahmdilligiga qarab hal etilishi kerak emas - adliya vaziri
“Yoki kim qattiqroq janjal qilsa, masalasini ijtimoiy tarmoqqa olib chiqsa, o‘shanga yordam berilar ekan, ijtimoiy yordam tizimi rivojlanmaydi”, dedi Ruslanbek Davletov. U mahalliy budjet pullari aniq reglament asosida ochiq va shaffof taqsimlanishi kerakligini aytdi.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov davlat boshqaruvi, huquqiy soha va davlat xizmatlari masalalari bo‘yicha Telegram'da tashkil etilgan jonli podkastda ijtimoiy yordam masalasiga to‘xtalib o‘tdi.
“Adliya tizimi sayyor qabullarga chiqqanda joylarda odamlar o‘z muammolari bo‘yicha ijtimoiy yordam so‘rashadi. Biz ijtimoiy himoya vazirligi emasmiz, ijtimoiy yordam bilan shug‘ullanmaymiz. Huquqiy tushuntirish berishimiz mumkin, shunday bo‘lsa-da qo‘ldan kelgancha ayrimlariga homiylarni jalb qilib yordam beramiz. Ularni bitta-bittalab hal qilib tugatish va samaraga erishishning iloji yo‘q. Bu yerda fundamental masalalar bor.
Olaylik, odamlar uyining tomini yopishga, operatsiyaga, bolalarga kiyimga va hokazolarga pul so‘rab hokimliklarga murojaat qilishadi. Masalan, amaldor yurak yetishmovchiligi bor bemorga yordam berganini ijtimoiy tarmoqda piar qiladi, hamma keyin uni maqtaydi. Biroq chuqurroq qarasak, respublikada, olaylik, 20 mingta yurak yetishmovchiligi mavjud bolalar yashayapti. Ular fuqaro emasmi? Boshqa kasalliklar-chi? Ya'ni ijtimoiy yordam amaldorlarning hissiyotlari, kayfiyati yoki rahmdilligiga qarab hal etilishi kerak emas. Yoki kim qattiqroq janjal qilsa, masalasini ijtimoiy tarmoqqa olib chiqsa, o‘shanga yordam berilar ekan, ijtimoiy yordam tizimi rivojlanmaydi. U manziliga yetib bormaydi va inson omili qurboni bo‘ladi.
Aslida mahalliy budjet pullari aniq reglament asosida ochiq va shaffof taqsimlanishi kerak. Tizim aniq mezonlar asosida ishlashi, yordam miqdori va ko‘lami aniq bo‘lishi, fuqaro davlatdan nimani, qanday va qayerdan so‘rashi va talab qila olishi aniq bo‘lishi kerak. Shunda hamma nimani talab qilib, nimaga erisha olishini tushunib yetadi, barqarorlik bo‘ladi va huquqiy mexanizmlar ishlaydi, ya'ni ijtimoiy himoya davlatning ijtimoiy siyosati chegaralari va ko‘lami doirasida amalga oshirilishi kerak”, – deydi adliya vaziri.
Mavzuga oid
10:24 / 24.05.2026
$57 millionlik ezgu tashabbus va IIVdagi ikki xil standart - hafta dayjesti
18:46 / 17.04.2026
Voyaga yetmagan guvoh va jabrlanuvchining qonuniy vakili instituti joriy etiladi
18:30 / 17.04.2026
Ruhiy holatida buzilish bo‘lgan nogironlarga ijtimoiy xizmat tizimi takomillashtiriladi
21:24 / 17.02.2026