Jahon | 20:27 / 18.11.2021
5207
6 daqiqa o‘qiladi

JSST: Bachadon bo‘yni saratoni va bu kasallikdan og‘riqli o‘limning oldini olish mumkin

Har yili bachadon bo‘yni saratonidan qariyb 300 ming ayol vafot etadi. Odam papilloma virusiga qarshi vaksina, erta aniqlash va davolash yordamida ana shu o‘lim holatlari katta qismining oldini olish mumkin edi.

Foto: UNICEF

17 noyabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Gebreyyesus jahon yulduzlari, bachadon bo‘yni kasalligini boshdan o‘tkazgan bemorlar, shuningdek, nodavlat va ilmiy tashkilot vakillari bilan ana shu og‘ir kasallikni bartaraf etish borasidagi sa'y-harakatlarni safarbar qilishga chaqirdi.

Koronavirus misolida bo‘lgani kabi bachadon bo‘yni saratoniga qarshi kurashda zarur bo‘lgan muhim vositalar cheklangan: qashshoq mamlakatlarda yashaydigan ayollar va qizlar boy mamlakatlarda yashaydiganlardan farqli ravishda tibbiy tekshiruvdan o‘tish, odam papilloma virusi (OPV)ga qarshi emlanish va zaruriy davolanish uchun imkoniyatga ega emas. Saratonning ushbu turidan 10ta o‘lim holatining 9tasi daromadi o‘rta yoki past bo‘lgan mamlakatlarga to‘g‘ri kelishi mazkur tengsizlik isbotidir.

2020 yilda bachadon bo‘yni saratoni deyarli barcha holatlarini chaqiruvchi OPVga qarshi dunyoda 9 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan qizlarning 13 foizigina vaksina olgan. Global kasallik yukining deyarli uchdan ikki qismi to‘g‘ri keluvchi taxminan 80 mamlakatda emlanish umuman o‘tkazilmagan.

«Bachadon bo‘yni saratoni – og‘ir kasallik, biroq erta aniqlash orqali uning oldini olish mumkin. Bu muvaffaqiyatli davolanadigan saraton turlaridan biri. Bachadon bo‘yni saratoni o‘tmishda qolishi uchun bizda barcha vositalar mavjud, biroq buning uchun muhtoj bo‘lgan har bir odam bu vositalarni olishi kerak», deya ta'kidladi JSST bosh direktori.

Bachadon bo‘yni saratoniga qarshi kurashda ilg‘or yechimlar

So‘nggi yillarda profilaktika va davolash borasida ko‘plab ilg‘or yechimlar kuzatildi. OPVga qarshi yangi, yanada takomillashgan vaksinalar hamda kasallikni davolash uchun yangi vositalar paydo bo‘ldi.

So‘nggi yilda OPV vaksinalarini yetti mamlakat — Kamerun, Kabo-Verde, Salvador, Mavritaniya, Qatar, San-Tome va Prinsipi hamda Tuvaluga yetkazib berishga erishildi. Natijada aholisi OPVga qarshi emlanishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar soni 115taga yetdi. Bir qator mamlakatlarda tibbiyot xodimlari saratondan avvalgi o‘simtalarning termik ablyatsiyasi uchun yangi ixcham qurilmalardan foydalanishga o‘qitildi.

So‘nggi yillarda sun'iy idrokdan foydalangan holda skrining texnologiyasi sohasida tadqiqotlar o‘tkazilyapti. Bu esa saratondan oldingi holatlarni maksimal darajada erta aniqlashni ta'minlashda yordam beradi.

«Hatto ushbu misli ko‘rilmagan og‘ir yilda ham bachadon bo‘yni saratonini yo‘q qilish yo‘lida olg‘a siljishni ko‘ryapmiz. Tadqiqotlar va yangi texnologiyalarni ishlab chiqishda muhim natijalarga erishildi», deya qayd etdi JSST bosh direktorining strategik ustuvorliklar bo‘yicha maxsus maslahatchisi Prinsess Nono Simelela.

Muammolar saqlanib qolmoqda

Biroq siljish hamma yerda ham kuzatilmayapti. Ko‘plab ayollar tekshiruvdan o‘tish imkoniyatiga ega emas. Yaqinda o‘tkazilgan so‘rovnomada mamlakatlarning 43 foizi saratonni davolashni tashkillashtirishdagi jiddiy uzilishlar haqida ma'lum qildi. Vaksina olish darajasi 2019 yildagi 15 foizdan 2020 yilda 13 foizga tushdi. Bunga pandemiya tufayli tibbiyot xizmatlari faoliyatidagi uzilishlar hamda maktablar yopilishi qisman sabab bo‘ldi.

17 noyabr kuni JSSTning Jyenevadagi shtab-kvartirasida Bachadon bo‘yni saratoniga qarshi harakatlar kuni – yirik xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi. Aynan shu kun uchun dunyodagi 100ta qadamjo, masalan, Pekindagi Osmon ibodatxonasi, Avstraliyadagi shahar panoramalari, Niagara sharsharasi bachadon bo‘yni saratoniga qarshi kurash ramzi bo‘lgan firuza rangida yoritiladi.

JSST O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratonini 30 soniyada davolashning yangi usulini namoyish etdi

«Bu ancha oddiy texnologiya. To‘pponchani yodga soluvchi qurilma 100 darajaga yaqin issiq harorat yordamida saratondan avval paydo bo‘ladigan o‘simtalarni yo‘q qiladi. Jarayon bor-yo‘g‘i 30 soniya vaqt oladi va mahalliy anesteziya ostida o‘tkaziladi. Qurilmadan foydalanish oson, uni to‘g‘ri tayyorgarlikdan o‘tgach, nafaqat shifokorlar, balki hamshiralar ham eng oddiy klinik sharoitlarda mamlakatning istalgan nuqtasida amalga oshirishi mumkin», dedi Yevropa Kolposkopiya federatsiyasi ta'lim qo‘mitasi raisi Ksave Karkopino.

U JSST o‘quv kursini o‘tkazish uchun O‘zbekistonga Fransiya elchixonasi tomonidan taklif etildi. Buning uchun O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda mamlakatga dastlabki to‘rtta termik ablyatsiya qurilmalari yetkazib berildi.

Bachadon bo‘ynining saratondan oldin zararlanishi tufayli davolanishga muhtoj ayollar bachadon bo‘yni saratonini skrining qilish loyihasi o‘tkazilayotgan ikki hududda yangi davolash usulidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

O‘zbekistonda o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlarda tinglovchilar Ksave Karkopino boshchiligida yangi texnologiyadan foydalangan holda ilk to‘rt nafar bemorni davolashdi.

Saratonni davolashga mo‘ljallangan uchta yangi qurilma Qoraqalpog‘istondagi shifoxonalarga va bitta qurilma Chirchiqdagi kasalxonaga yuboriladi. Mahalliy aholi JSSTning yangi tavsiyalariga asoslangan bachadon bo‘yni saratoni profilaktikasi dasturida ishtirok etishi mumkin.

Гулзода Иброҳимова
Tayyorlagan Гулзода Иброҳимова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid