O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadi. Xo‘sh, ularning zamonaviy o‘zbek tili masalalariga munosabat qanday? Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirish kiritilishi masalasiga ular qanaqa qarashmoqda?

BMTning O‘zbekistondagi global loyihasi, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazuvchi onlayn platforma – U-report`da o‘zbek tiliga oid ayrim masalalarga yoshlarning munosabatini bilish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazildi.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan so‘rovnomada butun mamlakat bo‘ylab 5700dan ortiq respondent ishtirok etdi.

1. So‘rov natijalari shuni ko‘rsatadiki, erkaklar ayollarga qaraganda o‘zbek tili masalalariga konservativ yondashar ekan. Masalan, erkaklarning deyarli 50 foizi joy nomlari va reklamalar o‘zbek tilida emasligini salbiy qabul qilishsa, ayollar orasida bu ko‘rsatkich 31 foizni tashkil etadi.

2. So‘rovda qatnashganlarning 68 foizi o‘zbek tilini ona tili, 23 foizi davlat tili sifatida qabul qilishini bildirgan.

«O‘zbek tili – men bilmaydigan til» varianti bo‘yicha raqamlarda 14 va undan kichik yoshdagilar guruhi yetakchilik qilyapti (6 foiz). Shuningdek, ayni shu yosh guruhi «bu – turkiy tillaridan biri» variantida ham yetakchilik qilmoqda (4 foiz).

3. Respondentlarning 41 foizi o‘zbek tilini bilishini «yaxshi», 34 foizi «a'lo» deb baholagan. 14-25 yoshdagi respondentlarning faqat 1/3 qismi o‘zbek tilini «a'lo» darajada bilishini aytgan.

Erkaklar ayollarga nisbatan o‘zbek tilini bilishda o‘ziga ko‘proq ishonadi: erkaklarning 43 foizi bu ko‘nikmasini «yaxshi» va 35 foizi «a'lo» deb baholashgan bo‘lsa, ayollarda bu ko‘rsatkich mos ravishda 38 va 32 foizni tashkil qildi.

4. Respondentlarning 36 foizi «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun bilan tanish emasligini aytishgan. 24 foiz qatnashchi shunday qonun borligini biladi xolos. 8 foizi uni hech qachon o‘qimagan.