“Kanalingizga sizdan so‘ramay reklama qo‘yib, pul ishlaydi” - Allamjonov Telegram'dagi yangilikni tanqid qildi
Telegram'ning reklamalari hatto O‘zbekiston prezidentining kanalida ham paydo bo‘ldi. Kanal adminlari reklamalar mazmuniga ta'sir qila olmayapti. Komil Allamjonov buni qoralab, Pavel Durovni “birovning kanaliga xudbinlarcha o‘zining reklamasini joylashtirish”da aybladi.
Telegram ma'muriyati messenjerdagi kanallarda ularning egalaridan ruxsat so‘ramagan holda reklamalar e'lon qila boshladi. Bu esa foydalanuvchilarda norozilik uyg‘otmoqda.
Telegram asoschisi Pavel Durovga ko‘ra, o‘z kanalida reklama bo‘lmasligini xohlovchilar tez orada messenjerga pul to‘lab bu imkoniyatga ega bo‘lishi mumkin bo‘ladi.
O‘zbekiston Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov o‘z kanalida bu yangilikka munosabat bildirdi.
Allamjonovning fikricha, Telegram'da davlat organlari va rasmiy shaxslarga tegishli kanallar talaygina va ularning kanallarida tartibga solinmagan turlicha mavzulardagi reklamalar chiqishi maqsadga muvofiq emas.
Qolaversa, foydalanuvchilar o‘zlari kuzatayotgan kanallarida chiqayotgan ma'lumotlarga ishonadi va messenjerning reklamasini kanal mualliflari joylagan deb o‘ylashlari mumkin.
“Telegram asoschisi Pavel Durovning Telegram'dagi yangi reklama siyosati juda ham o‘ylantiryapti. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, siz obuna bo‘lgan kanal, bloger yoki tahririyat maqolalari orasida turli reklamalar paydo bo‘lyapti.
Telegram messenjeri tartibiga ko‘ra, endilikda ular tahririyat yoki bloger ruxsatisiz, xohlagan kanaliga reklama qo‘yishi mumkin. Bundan kelib chiqadiki, siz eshakdek ishlab kanalni ko‘tarasiz, uning obro‘yi uchun xavf-xatarga qaramay yozasiz, sizning kanalingizni hamma o‘qishni boshlaganida Telegram tayyorga ayyor bo‘lib, sizdan so‘ramay o‘z reklamasini sizning kanalingizga qo‘yib, pul ishlaydi. Sizga esa figushki.
Yana nimamush, “Reklama ko‘rishni istamaysanmi? To‘la! Reklama sening kanalingda chiqishini xohlamaysanmi? To‘la!”
Yaqinda O‘zbekiston prezidenti kanalida yoki huquq-tartibot organlari kanalida ham reklama chiqishi g‘alati ko‘rindi.
Bu reklama sizga yoqadimi, siz olib borayotgan kanal mavzusiga to‘g‘ri keladimi, yo‘qmi – ularga farqi yo‘q. Pul kelsa bo‘ldi. Xohlasa, cho‘chqa go‘shtini, xohlasa, dinimizga zid bo‘lgan reklamalarni sizga tiqishtirsa ham, siz hech narsa qila olmaysiz.
Shu sabab ko‘p rus Telegram segmentidagi kanal administratorlari bunday “yangilikdan” so‘ng isyon ko‘tardi! “Hoooy, bu reklama bizdan emas, uzr endi, shunday bo‘lib qoldi, ishonib qolmanglar” degan ma'noda.
Yana bir o‘ylantiradigan jihat, Rossiyaning Federal jazoni ijro etish xizmati Telegram kanalida kriptovalutalarning reklamasi chiqqanini ko‘rdik. Tabiiyki, bu – juda ham g‘alati holat. Bu kabi reklamalar davlat organlari va tashkilotlarining kanallarida, siyosatchilarda hamda hukumat odamlarining kanallarida chiqishi noo‘rin. O‘z navbatida bu ularning obro‘yi va mavqeyi jiddiy putur yetkazishi aniq”, deb yozadi Komil Allamjonov.
U Telegram rahbari Pavel Durovga qarata birovning kanaliga o‘z reklamasini joylagandan ko‘ra, kompaniyani sotib yuborgani ma'qulligini yozgan.
“Hurmatli Pavel, Telegram'ga hammani obdan o‘rgatib qo‘yib, endi bu yo‘l bilan proyektni monetizatsiya qilmasangiz bo‘lardi. Albatta, bizdan so‘rab o‘tirarmidingiz! Undan ko‘ra, katta kompaniyalarga sotib yuborganingiz yaxshi kompaniyani, birovning kanaliga xudbinlarcha o‘zingizning reklamangizni joylagandan ko‘ra. Yoki YouTube'ga o‘xshab bo‘lishing kanal egalari bilan va o‘sha kanalga zid reklamani qo‘ymaslik imkoniyatini ham yarating, deb qoluvchi Komil Allamjonov”.
So‘nggi paytlarda o‘zbek segmentidagi bir necha yirik Telegram kanalarida messenjer ma'muriyati tomonidan joylashtirilayotgan reklamalar paydo bo‘layotgani ko‘zga tashlanmoqda.
Pavel Durov buni messenjer o‘z xarajatlarini o‘zi qoplashi vaqti kelgani bilan izohlayapti. U reklamalarni pulli o‘chirish funksiyasi ishga tushishini ham e'lon qilgan, buning uchun kompaniyaga “uncha ko‘p bo‘lmagan” pul to‘lash kerak bo‘ladi. Aniq summa hozircha ma'lum emas.
Mavzuga oid
20:04 / 26.11.2024
Kriptovaluta bilan bog‘liq bitimlar Telegramʼning asosiy daromad manbaiga aylandi
01:57 / 26.11.2024
Allamjonovga suiqasd: tergovning yangi tafsilotlari, jinoyatni fosh etishga to‘sqinlik qilgan amaldorlar va katta tozalash
16:11 / 25.11.2024
Komil Allamjonovga suiqasd bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan Javlon Yunusov Janubiy Koreyada qo‘lga olindi
12:38 / 25.11.2024