20:05 / 21.11.2021
21539

Dunyodagi ilk metropolitenning qurilishi yoxud shahar transportida sodir bo‘lgan inqilob

Insoniyat tomonidan temir yo‘l qurila boshlanishi taraqqiyotni ancha tezlashtirib yuborgan bo‘lsa, yerosti temir yo‘li – metro qurilishi shahar transportida haqiqiy inqilob bo‘lgan. Shaharsozlik aynan metrolar qurila boshlangandan so‘ng yanada rivojlangan.

Yirik shaharlarda eng muhim ish jamoat transportining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi hisoblanadi. Dunyoning yirik shaharlarida bu muammoni hal qilish uchun eng yaxshi yechim sifatida yerosti va yerusti metrolari qurilgan. Ammo metrolarni qurish hazilakam ish emas: katta mablag‘dan tashqari uzoq vaqt ham talab qilinadi. O‘z vaqtida dunyodagi ilk yerosti temir yo‘li – London metrosini qurish ham oson bo‘lmagan.

Foto: redbubble.com

XIX asr o‘rtalariga kelib Yevropa va Amerikaning turli shaharlarida aholi soni ko‘payib, ko‘chalarida harakatlanish qiyinlasha boshladi. O‘sha paytlarda hali avtomobil kashf etilmagan, shaharlarning tor ko‘chalariga temir yo‘llarni olib kirishning mutlaqo iloji yo‘q edi.

Shu sababli shahar transporti vazifasini ot qo‘shilgan arava – izvoshlar bajarardi. Son-sanoqsiz izvoshlar piyodalar harakatlanishiga xalal berish bilan birga shahar ko‘chalari ot axlati bilan ifloslanishiga sabab bo‘lardi.

Foto: alamy.com

O‘sha paytda London aholisi 2 milliondan oshgan, shahar ko‘chalari tor, izvoshlar va piyodalarning harakatlanishi tobora qiyinlashardi. Shahar ko‘chalari bo‘ylab yo‘lovchi tashish uchun bir qancha ot qo‘shilgan maxsus arava – omnibuslar xizmat qila boshlashi bilan tor yo‘llarda tirbandlik yanada oshadi.

Ana shunday holatda, Buyuk Britaniya poytaxtida yer ostidan temir yo‘l liniyalari tortishga qaror qilinadi.

Foto: alamy.com

Temza ostidan o‘tkazilgan tonnel

1818 yil fransiyalik muhandis Mark Byunel London bo‘ylab oqadigan Temza daryosi ostidan tonnel o‘tkazish loyihasini ishlab chiqadi. Loyiha bo‘yicha 1825-1843 yillar oralig‘ida qurilish ishlari olib boriladi va dunyodagi ilk yerosti tonneli qurib bitkaziladi. O‘shanda tonnelning kengligi 11 metr, balandligi 6 metr bo‘lgan.

Avvaliga mazkur tonnel piyodalar uchun xizmat qilgan. Keyinchalik, 1865 yilda Londonda dunyodagi ilk metro ishga tushirilgach shahar bo‘ylab o‘tgan temir yo‘lning bir qismi shu tonnel orqali o‘tkaziladi. Shu tariqa undan yo‘lovchi hamda yuk poyezdlari ham o‘ta boshlaydi.

Foto: alamy.com

Temza ostidan o‘tkazilgan tonnelni London metrosining onasi deb atashadi. O‘sha paytda qiyin sharoitda daryo ostidan tonnel o‘tkazilgach muhandislar yer ostidan temir yo‘l tortish loyihalarini tayyorlay boshlashadi.

London metrosi qurilishi

Londonda ilk yerosti temir yo‘llarini qurish rejasi 1850 yilda paydo bo‘lgan. O‘sha paytda Buyuk Britaniya poytaxtida temir yo‘l tarmoqlari ko‘p edi. Shahar aholisiga oltita temir yo‘l vokzali xizmat ko‘rsatgan. Bular – London-bridj, Yuston, Paddington, Kings-Kross, Bishopsgeyt va Vaterloo.

1855 yilda Parlament akti bilan  Metropoliten Railway nomli yerosti temir yo‘li qurilishiga ruxsat beriladi. Bu yerosti temir yo‘li Paddington va Kings-Kross temir yo‘l vokzallarini Farringdon bekati bilan o‘zaro bog‘lashi lozim edi. Ushbu qurilishni moliyalashtirishni Great Western Railway temir yo‘l kompaniyasi zimmasiga oladi.

Qurilish ishlari mablag‘ yetishmovchiligi tufayli rejadagidan biroz kechikib 1860 yil fevralda boshlanadi. O‘shanda yerosti temir yo‘li qurilishi bekor qilinishi ham mumkin edi. Ammo bu ishni amalga oshirish tarafdori bo‘lganlar shahar hokimligidan mablag‘ ajratishni va qurilishni qo‘llab-quvvatlashni so‘rashadi. Bunda mahalliy advokat Charlz Pirsonning hissasi katta bo‘ladi. Shu sababli bu insonni London metrosining otasi deb ham atashadi.

Pirson shahar transport korporatsiyasini qurilishga mablag‘ ajratishga ko‘ndiradi. Shu tariqa ishlar boshlanadi. Qurilishning bosh muhandisi etib Jon Fouler tayinlanadi. Pirson esa ilk metro liniyasi ochilishidan bir necha oy avval vafot etadi.

London metrosida tonnellar xandaq usulida qazilgan. Avval bo‘yi 10 metrli chuqur qazilgan. Chuqurga temir yo‘l yotqizilib, usti arkasimon g‘ishtli gumbaz qilib yopilgan. So‘ng gumbazlarning tepasi tuproq bilan to‘ldirilgan.

Foto: alamy.com

Dunyodagi ilk metroning ochilishi

Nihoyat 1863 yil 10 yanvar kuni Metropoliten Railway’ning ilk yo‘nalishi Metropoliten Line ochiladi. Liniyaning uzunligi 6 kilometr, bekatlar soni esa yettita edi: «Bishops Roud» (avvalgi «Paddington»), «Edjver-roud», «Beyker-strit», «Portlend-roud» (avvalgi «Greyt-Portlend-strit»), «Gauer-strit» (avvalgi «Yuston-skver»), «Kings-Kross» (avvalgi «Kings-Kross Sent-Pankrass») va «Farringdon-strit» (Farringdon).

Metroda havo so‘rish uskunalari o‘rnatilmagani uchun vagonlarni tortib yuradigan teplovoz hamma yoqni tutunga to‘ldirib yuboradi. Shunday bo‘lsa-da yer osti temir yo‘li qisqa muddatda londonliklar uchun ommabop transport turiga aylanadi.

Metro ilk ochilgan paytda kuniga o‘rtacha 26 000 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Bir yil davomida esa 9,5 million nafar yo‘lovchi tashigan. 1864 yilda bu ko‘rsatkich 12 million nafarni tashkil etgan.

Metropoliten qurilishi bilan shug‘ullanayotgan kompaniya London aholisining metrodan faol foydalanayotganini ko‘rib 1863 yilda yangi liniya qurilishini boshlab yuboradi. 1864 yil 30 iyunda ikkinchi liniya ham ishga tushirildi va bekatlar soni 13taga yetadi.

Foto: digilander.libero.it

Shundan so‘ng turli qurilish kompaniyalari tomonidan birin-ketin yangi liniyalar, yangi bekatlar qurila boshlanadi. 1890 yildan boshlab London metropolitenida ilk marta elektr bilan harakatlanadigan lokomotivlardan foydalana boshlanadi.

London metrosini qurishda turli kompaniyalarga imkoniyat berilgan. Hatto AQShdan kelgan investorlar ham uning bir qismini qurishgan.

XX asr boshlarida London metropolitenidagi turli yo‘nalishlarga bir-biridan mustaqil, yettita kompaniya xizmat ko‘rsatgan. Shu sababli turli liniyalar bir-biriga o‘zaro bog‘lanmagan edi.

Aholi bir liniyadan ikkinchisiga o‘tish uchun yer yuzasiga chiqib, so‘ng ikkinchi liniyaga tushishi kerak edi. Bu holat London aholisiga noqulaylik keltirib chiqara boshlaydi.

Shundan so‘ng London metropolitenining turli yo‘nalishlariga egalik qilayotgan kompaniyalar kelishib ularni o‘zaro bog‘lay boshlaydi. Shu tariqa metropolitenning ma’lum qismi yaxlit transport tizimiga aylanadi. Shuningdek, ikkinchi tarafdan metroni elektrlashtirish ishlari ham olib boriladi.

1933 yilda London shahar hokimligining qarori bilan metropolitenda xizmat ko‘rsatayotgan barcha kompaniyalar «London yo‘lovchi transport departamenti»ga birlashadi. Keyinchalik uning nomi London Transport’ga qisqartiriladi.

Ikkinchi jahon urushi boshlanganda Londonda yangi metro yo‘nalishlarini qurish ishlari to‘xtab qoladi. Germaniya aviatsiyasi Buyuk Britaniyaning turli shaharlarini bombardimon qilganda hukumat London metrosiga vaqtinchalik boshpana sifatida 200 ming aholini joylashtiradi.

Foto: maxpark.com

Urushdan so‘ng 1948 yilda Leyboristlar partiyasidan Bosh vazir etib saylangan Klement Ettli London metropolitenini natsionalizatsiya qiladi va metropoliten boshqaruvini Transport vazirligiga o‘tkazadi.

1970 yilda metropoliten boshqaruvi London shahar kengashi ixtiyoriga o‘tkaziladi. 1994 yilda London metrosidagi liniyalar yana xususiylashtirila boshlanadi. 2000 yildan metropoliten davlat-xususiy sektor sherikchiligi asosida boshqarib kelinmoqda.

London metropolitenida paravozlar qatnovi 1961 yilga kelib tugatiladi. Ammo yana 10 yil davomida paravozlardan xo‘jalik ishlarida foydalanishadi.

London metropoliteni haqida qiziqarli ma’lumotlar

1948 yilda London metropolitenida jami 720 million nafar yo‘lovchi tashiladi. Bu o‘sha davr uchun yetib bo‘lmas natija edi. Bu rekord 1985 yilga kelib yangilanadi va shu yili 762 million nafar yo‘lovchi tashiladi.

London metropolitenida chiptasiz yurgan yo‘lovchilarga 80 funt sterling jarima solinadi. Jarima 21 kungacha to‘lansa, uning 50 foizi hisoblanadi.

London metropolitenida birinchi eskalator 1947 yilda o‘rnatilgan. Bugun bu metroda jami 426 ta eskalator, 164 ta lift bor. Eng uzun eskalator 60 metr va u 27,4 metr balandlikka olib chiqadi.

Foto: digilander.libero.it

London metropoliteni bugun dunyodagi eng tiqilinch yer osti yo‘li hisoblanadi. Bu yerda ham poyezdlarning o‘z vaqtidan kechikib kelishi holatlari tez-tez uchraydi. Shu sababli yo‘lovchilar ma’lum vaqtini metro poyezdlarini kutish uchun yo‘qotadi.

2010 yilda 330 ming yo‘lovchi poyezdlar kechikkani uchun vaqt yo‘qotganini aytib metropolitendan tovon puli undirish talabi bilan chiqadi. O‘shanda ularga jami 2 million funt sterling to‘lab beriladi.

London metropolitenida xavfsizlik masalalari bo‘yicha ishlar juda yaxshi tashkil etilgan. Yo‘lovchilar ehtiyot bo‘lishlari haqidagi e’lonlar doimiy ravishda berib boriladi.

London metropolitenida xavfsizlik va jamoat tartibini Buyuk Britaniya transport politsiyasi xodimlari ta’minlaydi. Bu yerdagi baxtsiz hodisalarning aksariyati odamlar o‘z joniga qasd qilishga urinishi ortidan kelib chiqadi. Bu yerda har yili o‘rtacha 50 kishi o‘z joniga qasd qiladi.

London metropoliteni nogironlarga yaratilgan sharoitlar bo‘yicha so‘nggi o‘rinlarni egallaydi. Bu yerdagi ko‘plab bekatlarda nogironlar harakatlanishi uchun maxsus zina yoki yo‘laklar qilinmagan. Nogironlar uchun boshqa qulayliklar ham yo‘q.

London metropoliteni bekatlari ham did bilan bezatilgan.

Foto: digilander.libero.it

Londonning turli qismlarida joylashgan bekatlarda shaharning o‘sha qismida joylashgan mashhur binolar yoki boshqa obektlarning ramzi va u haqdagi ma’lumotlar berilgan.

Masalan, Beyker-strit bekatida Artur Konan Doyl asarlari qahramoni bo‘lgan mashhur izquvar Sherlok Xolmsning tasviri tushirilgan. Bunga sabab asarda Sherlok Xolms yashagan uy aynan Beyker-Strit ko‘chasida joylashgan. Shuningdek, London metropolitenida ko‘plab filmlarning epizodlari suratga olingan.

Foto: alamy.com

London metropoliteni 24 soat davomida faoliyat ko‘rsatadi.

London metrosida poyezdlarning to‘qnashuvi ham sodir bo‘lib turadi. Birinchi hodisa 1938 yilda sodir bo‘lgan va unda 12 nafar yo‘lovchi tan jarohatlari olgan.

London metropolitenida...

Eng uzun yo‘nalish 54,9 kilometr, «Uest Raislip» va «Epping» bekatlari oralig‘i. Bu yerda poyezd to‘xtamasdan 1 soat 28 daqiqa harakatlanadi.

Bekatlar orasidagi eng uzun o‘tish yo‘lagi 6,26 kilometr, «Chelfont-end-Letimer» va «Cheshem» bekatlari orasida joylashgan.

Eng qisqa yo‘lak 260 metr, «Leyster Skver» va «Kovent Garden» bekatlari oralig‘ida.

Eng uzun eskalator 60 metr uzunlikda «Endjyel» bekatida, eng qisqa eskalator «Stratford» bekatida 4 metr uzunlikda o‘rnatilgan.

Eng chuqur shaxta lifti 55 metr, «Xampsted» bekatida joylashgan.

Eng chuqur bekat ko‘cha yuzasidan 59 metr chuqurlikda joylashgan, «Xampsted» bekati.

Foto: coqrafiya.info

Eng yuzaki qurilgan bekat ko‘cha yuzasidan 5,9 metr chuqurlikda joylashgan, «Redbridj» bekati.

Shahar markazidan eng uzoqda «Amersham» bekati joylashgan,  38,1 kilometr,

Eng ko‘p yo‘lovchi «Vaterloo» bekatidan o‘tadi, yiliga 100 milliondan ko‘proq.

London metrosining uzunligi 420 kilometr, bekatlar soni 270 tani tashkil etadi.

Foto: coqrafiya.info

Ushbu metropolitendan kuniga 3 million kishi foydalanadi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Moskva va Parij metrosidan keyin uchinchi o‘rinni egallaydi.

London metrosida chekish 1987 yilda, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish esa 2008 yilda taqiqlangan.

London metrosidan hatto Buyuk Britaniya qirolichasi ham foydalangan. U 1969 yilda yangi ochilgan «Viktoriya» yo‘nalishining faxriy yo‘lovchisi bo‘lgan.

London metrosida jami 19 ming nafar xodim mehnat qiladi.

Foto: stock.adobe.com
Foto: Depositphotos

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

 

Top