Iqtisodiyot | 19:10 / 22.11.2021
25385
13 daqiqa o‘qiladi

«Islom iqtisodiyotini bizga olib kelishning hech qanday qiyin joyi yo‘q» – Islom moliyasi haqida suhbat

Islom moliyasi nima va uning an'anaviy moliyalash tizimidan qanday farqi bor? Rivojlangan davlatlar nega islom iqtisodiyotidan keng foydalana boshladi? Islomiy moliyalash tizimini O‘zbekistonda ham joriy etish mumkinmi? Shu va boshqa savollarga navbatdagi dasturimizda javob olasiz.

Kun.uz dunyo iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, bugungi kunda rivojlangan davlatlarda ham keng joriy etilayotgan islomiy moliya tizimi haqidagi turkum suhbatlarni boshlaydi. Loyihaning ilk mehmonlari «Assoodiq» loyihasi ta'sischilari Abdulmannon domla Abdulloh hamda Jahongir Dadajonov bo‘ldi.

Oxirgi paytlarda xalqimiz orasida islom moliyasi tushunchasi tez-tez tilga olinmoqda. Hukumat ham O‘zbekistonda islomiy banklarni tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlanganini ma'lum qilgan. Avvalo, islom moliyasi tushunchasiga izoh bersangiz?

Abdulmannon Abdulloh: Xalqimizning 95 foizi islom diniga e'tiqod qiladigan musulmonlar bo‘lgani uchun islom moliyasi degan narsa yurtimizda qizg‘in qabul qilinyapti. Albatta, bu bejiz emas. Chunki iymon taqozolaridan bittasi iqtisodni ham aqidaga muvofiq tarzda to‘g‘rilab olishdir.

Islom iqtisodiyoti – bu ilohiy ta'limot. Unga amal qilgan inson taraqqiyotga, muvaffaqiyatga erishmasligining iloji yo‘q. Yevropa xalqi musulmon bo‘lgani uchun emas, iqtisodiga katta foyda keltirgani uchun buni tanlayapti.

Bank ham yangi o‘ylab chiqarilgan narsa emas. U ham aslida islomiy ta'limotning bir bo‘lagi.

Abdulmannon Abdulloh

Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu asharai mubashsharalardan biri, Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning iqtisoddagi shogirdlari bo‘lgan.

U zot bir kunda 1000 nafar odamni ishlatarkan. Bankni tashkil qilgan. Odamlar pulini omonatga qo‘yamiz deyishsa, «Unday qilmanglar. Menga qarz sifatida beringlar», deganlar. Omonat bilan qarzning nima farqi bor, deyilsa, omonat mabodo o‘g‘irlab ketilsa yoki yo‘qotib qo‘yilsa to‘lanmaydi. Omonatning hukmi shunaqa. Lekin qarz deydigan bo‘lsa, to‘lash kerak. Haligi 1000 ishchi o‘zlaridan olingan qarz evaziga faoliyat yuritgan.

U kishi odamlardan olingan pullarni muzoraba, murobahaga yo‘naltirganlar. Shirkat qilib turib, katta-katta qurilishlarga ishlatganlar. Bu Rasululloh alayhissalomning tanlovi edi.

Demak, Rasululloh solallohu alayhi vasallamning zamonlaridan boshlab bank tizimi bo‘lgan va yaxshi faoliyat yuritgan. Vaqt o‘tishi mobaynida bank tizimidan to‘g‘ri faoliyat yuritilishi davom etib, ozgina o‘zgarishlarga uchragan.

Islom iqtisodiyotini olib kelishning hech qanday qiyin joyi yo‘q. Islomiy ta'limot avvaldan bo‘lgan. Islom yangi mahsulotlarga qarshimi, degan savollar bor. Yo‘q, hech qanaqasiga qarshi emas. Balki islom ta'limoti bo‘yicha hamma narsaning asli muboh. Bir inson aqlini ishlatib yangi mahsulotni ishlab chiqarsa, uning shariatga zid joyi bor yoki yo‘qligiga qaraladi. Zid joyi bo‘lsa to‘g‘rilab qo‘yiladi, bo‘lmasa o‘sha holatda davom etib ketilaveradi.

Xalqimizda «eskicha» degan so‘z endi yo‘qoldi. Islom eskicha din emas, u qiyomatgacha yap-yangi ekanini ko‘pchilik endi tushunib yetdi.

Shunga o‘xshab, islom iqtisodiyotini ham ma'lum bir davrlarda zo‘r ish bergan produktlar deb o‘ylashadi. Aslida unday emas. Insonning ehtiyoji – sotadi, sotib oladi, birini yollaydi, biri yollanma ishchi bo‘ladi. Xuddi shunga o‘xshagan oldin sal soddaroq ko‘rinishda bo‘ladigan bo‘lsa, hozir ozgina murakkabroq ko‘rinishda, xolos.

Murakkab holatlariga ham islom ulamolarining tayyorgarligi bormi? Alamdullilloh! Ulamolarimiz, har zamonning fuqaholari o‘sha zamon insonlariga kerakli bo‘lgan mahsulotlarni shariatga muvofiq yoki muvofiq emasligini to‘g‘rilab berganlar. Bu hamma vaqtda bo‘lgan. Qiziq tomoni shundaki, oldingi fuqaholarimiz farazan savol berib, javob ham qaytarib qo‘yaverganlar. Hozirda ham shunaqa ulamolarimiz bor. Ular mabodo 50-60 yildan keyingi holatlarni ham belgilab beryaptilar.

Butun dunyo, Amerika bormi, Angliya bormi, rivojlangan Germaniya bormi, hammasi islom iqtisodiyotini yuritish bo‘yicha qonunlar chiqarib qo‘ygan. An'anaviy tijorat qilmoqchi bo‘lsangiz mana bu qonun, islom iqtisodiga muvofiq tijorat qilmoqchi bo‘lsangiz ana qonun. Xohlasa muzoraba, murobaha, istasa mushoraka tarzida yuritsin.

Taraqqiyotimizga sabab bo‘ladigan jihatlardan biri – islomiy ta'limotlarga qadam qo‘yishimiz. Chunki bunga qadam qo‘yiladigan bo‘lsa, taraqqiyot bo‘lmasligining iloji yo‘q. Chunki bu aql orqali o‘ylab chiqarilgan ta'limot emas, ilohiy ta'limot. Ilohiy ta'limot bo‘lgandan keyin natija bermay iloji yo‘q.

Bugungi kunda jahon iqtisodiyotida islom moliyasining tutgan o‘rni qay darajada? Bu soha qaysi davlatlarda rivojlangan hamda ularning tajribalarini O‘zbekistonda ham joriy etish mumkinmi?

Jahongir Dadajonov: Ustozimiz aytganlaridek, hatto Yevropa davlatlarida ham, musulmonlar 2-3 foiz bo‘lgan mamlakatlarda ham islom moliyasi bor.

Jahongir Dadajonov

Islom moliyasi deganda urg‘u berib alohida narsaga chiqarib olishimiz shart emas. Bugungi kunda ham odamlar sherikchilik qilyapti. Ikki odam pul tikyapti. Bir narsa olib kelyapti. Shu ham islom moliyasiga kiradi, ya'ni  mushoraka deyiladi.

Bir odam bozordan narsa olib kelib bo‘lib to‘lashga sotyapti. Buni murobaha deymiz.

Masalan, birov uy qurdiryapti yoki buyurtma asosida mebel yasatyapti. Bu shariatda istisna deyiladi. Bular hozir jamiyatimizda bor. Faqat nomini, farz va vojiblarini bilmaganimiz uchun ham uni buzib qo‘yyapmiz. Shularni biroz to‘g‘rilasak bo‘ldi va to‘g‘rilashning iloji ham bor.

Fuqarolik va boshqa qonunlarni o‘rganib qo‘yganmiz. Qonunlarimizning islom moliyasiga zid joylari juda kam. Faqat shu bank sohasida muammolar bor. Muammo shundaki, aholidan pul qabul qilish islom moliyasi tamoyillariga mos emas.

Pullarni boshqarishda sarmoya bo‘lsa, keyin uni sheriklikka, istisnaga, salam savdosiga, murobahaga va hokazo boshqa islom moliyasi produktlariga yo‘naltirish mumkin.

Hozirgi kunda aholidan keladigan asosiy pul oqimlari banklarga faqat qarz orqali kirib kelmoqda. Omonat degani bilan fuqarolar bankka qarz beradi. Omonat aslida ishlatilmay, joyida turishi kerak bo‘lgan pul. Bank u pulni olganidan keyin ishlatmasligi kerak.

Bunda xalqdan pullarni ikki ko‘rinishda olish mumkin. Bittasi muzorabaga, ikkinchisi mushorakaga. Asosan muzorabaga olinadi va pullar kerakli loyihalarga yo‘naltiriladi. Masalan, mashhur 7ta produkt bor. Ularga tikishadi. Bu haqda biroz tushuncha bo‘lsa, amalga oshirish mumkin.

Asosiy pul oqimlari islom moliyasi tamoyillariga mos kelmagani uchun banklarning bu tomonlari rivojlanmayapti. Lekin xalqning ichida buzilib qilinayotgan bo‘lsa ham bu narsa bor. Faqat qanday to‘g‘ri qilishni bilib olishimiz kerak. Shuni xalqimiz qo‘llashni boshlasa, keyin uni qonunlarga kiritib to‘g‘rilab borilaveradi.

Abdulmannon Abdulloh: Hozirgi an'anaviy iqtisoddan islom iqtisodining nima farqi bor? Aytarli katta farqlari yo‘q. Faqat islomda bir necha muhim shablonlar qo‘yib qo‘yilgan. O‘shalarga rioya qilinsa bo‘ldi.

Masalan, Rasululloh solallohu alayhi vasallam: «Al g‘unmu bil g‘urmi», deganlar.

Inson bir narsadan foyda olishi uchun g‘urum degan narsaga e'tibor qaratishi kerak. G‘urum nima? U mablag‘ tikish, ishlash va nasiya olsa uning javobgarligini bo‘yniga olish. Shu qoidaga amal qilinsa bo‘ldi. O‘z-o‘zidan tekindan foydaga o‘tirib olishlar, nohaqdan foyda yeyishlar, kimlarningdir moli boshqalar qo‘liga nohaq o‘tib ketish holatlari to‘xtaydi-qoladi. Shuncha odam o‘z qilgan faoliyatiga qarab haq olishni boshlaydi.

Masalan, zavod bilan bitta mijozni tanishtirib qo‘yyapti. Qilgan ishi shu. Buning uchun haq olishi mumkinmi? Mumkin. Lekin bir marta haq olish mumkin. Ammo endi bir marta tanishtirgandan keyin to o‘sha o‘rtadagi aloqa uzilguncha haq olib, yeb o‘tiribdi.

Vaholanki, Rasululloh solallohu alayhi vasallamning «Al g‘unmu bil g‘urmi», degan shartlari bu odamda topilmayapti. To‘g‘ri, bir marta topilyapti. Lekin davomiylik, foydani hosil qilish degan narsa yo‘q.

Shariatdagi 5-6tagina asosiy joylariga e'tibor berib qo‘yilsa, hech qanday tuzatishlarga ham hojat yo‘q. Yangi bir narsani olib chiqishga ham hojat qolmaydi.

Hozirda ko‘plab tadbirkorlar va boshqa sohalar vakillari ham shu bilimlarga muhtojligi ma'lum. Ayni paytdagi faoliyatingiz islom moliyasi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun bu bo‘yicha nima ishlar amalga oshirilayotgani, o‘zingiz hamkorligingizda ta'sis etilgan loyiha haqida ma'lumot bersangiz.

— Ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning orzularidan biri islom iqtisodi to‘g‘risida kitob yozish edi. Hazrat islom aqidasi, ibodatga tegishli, ruhiy tarbiyaga oid kitoblar yozdi. Hayotlik paytlarida islom iqtisodiyotiga oid kitob yozish orzularini gohi-gohida izhor qilib turardilar. Umrlari kifoya qilmagan ekan. Shu narsa bizga asosiy turtki bo‘lib, shu jihatni biz ham davom ettirsak degan niyat tug‘ildi.

Faoliyatimiz davomida bildikki, xalqimiz bunga o‘ta chanqoq ekani ko‘rinib qoldi. «Qayga borishni bilmay, falon masalaga javob izlab qiynalib turgandik», deguvchilar ko‘p uchramoqda. Albatta, buning ham ilmi bo‘lishi kerak-ku, deb «Assoodiq» loyihasini boshladik. Bu Jahongir bilan boshchiligimizda boshlandi.

Hozirda insonlarning iqtisodiy munosabatlarini to‘g‘rilashga harakat qilinyapti.

Jahongir Dadajonov: «Assoodiq» loyihamiz odamlarga islom moliyasi ta'limotlarini berishga xizmat qiladi. 1 kunlik, 10 kunlik treninglarimiz bor. Bir kunlikda bir mavzu olinsa, 10 kunlikda islom moliyasiga oid bilimlar boshidan oxirigacha beriladi. Shu bilan birga, boshqaruv ilmi, marketing mavzulari ham o‘rgatiladi.

Respublikamizda an'anaviy banklar rivojlangan. Ularning moliyaviy aylanmasida kredit katta foizlarni egallaydi. Ko‘pchilik kredit oladi. Islom iqtisodiyotida kreditga muqobil qanday yechimlar yoki choralar taklif qilinadi?

Abdulmannon Abdulloh: Aytganimdek, Zubayr ib Avvom roziyollohu anhu bank tashkil qilgan. U nima qilardi? Odamlardan pul olishda omonat deyilsa, olmasdi. Yo‘q, omonat emas qarzga beringlar derdilar. Biz bu qarzni olamiz va ma'lum bir tomonga yo‘naltiramiz, deganlar. Bu insoniyatga nihoyat darajada foydali ekani ko‘rinadi. Qachon foyda ko‘ramiz, qachonki mablag‘ tikilsa, mehnat qilinsa, javobgarlik bo‘yinga olinadigan bo‘lsa. Talafotga uchrasa, pul o‘zining miqdoricha qaytarib beriladi. Yo‘q, agar ham qarz holatda, ham ko‘payib turishini xohlayman desang, muzorabaga tikamiz, deganlar.

Tijoratni zo‘r eplab, mablag‘ga muhtoj bo‘lgan shaxslar bor. O‘shalarga tikamiz. Ishlab chiqarishga beramiz. Ular ko‘paytirib beradi.

Bu yerda adolatli tizim bor – foyda ko‘rmasa haq olmaydi. Shu xolos.

O‘sha bankdan tadbirkorlar hammasi mablag‘ olaveradi. Masalan, muzoraba. Mablag‘ sizdan, aylantirib, ko‘paytirib foyda ko‘rish mendan. Shunda foydani bo‘lishaveramiz.

Yana bittasi sherikchilik. Siz pul tikasiz, biz ishlab chiqarishlarga yo‘naltiramiz, dehqonchilik va boshqa mablag‘ kerak tomonlarga sarflab, foyda ko‘rsak falon qismini siz bilan bo‘lishamiz. Bu yerda nima farqi bor deyilsa, foyda ko‘rsak bo‘lishamiz degan joyi bor.

Islombek Umaraliyev suhbatlashdi,
Tasvirchi va montaj ustasi Mirvohid Mirrahimov.

Videolavha va maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosalari asosida tayyorlangan.

Mavzuga oid