Iqtisodiyot | 07:49 / 28.10.2025
8594
3 daqiqa o‘qiladi

XVJ reytingi: 2026 yilda dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ)ning oktyabr oyidagi hisobotiga ko‘ra, 2026 yilda jahon iqtisodiyoti ehtiyotkor o‘sish va ortib borayotgan noaniqlik davriga kirishi kutilyapti.

Foto: Bloomberg

Tashkilot ta’kidlashicha, jahon taraqqiyoti fragmentatsiyaning kuchayishi va proteksionizmning o‘sishi fonida sekinlashmoqda. Asosiy xavflar qatorida — texnologiya kompaniyalari aksiyalarining ehtimoliy qayta baholanishi va davlat institutlari mustaqilligining susayishi, bu esa iqtisodiy siyosat sifatini izdan chiqarishi mumkin.

Reyting YaIMning amaldagi AQSh dollaridagi nominal qiymatlarini hisobga oladi va har bir iqtisodiyotning nisbiy ulushini aks ettiradi.

AQSh — dunyoning eng yirik iqtisodiyoti. Yuz yildan ortiq vaqt davomida Qo‘shma Shtatlar YaIM bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni saqlab kelmoqda va, ehtimol, yaqin o‘n yilliklarda ham yetakchi bo‘lib qoladi. 2026 yilda Amerika iqtisodiyoti XVJ bahosiga ko‘ra 31,8 trln dollarga yetadi — bu Xitoy (2-o‘rin), Germaniya (3-o‘rin) va Hindiston (4-o‘rin) YaIM umumiy yig‘indisiga yaqin ko‘rsatkich.

Xitoy 20,7 trln dollarlik YaIM prognozi bilan ikkinchi o‘rinni saqlab qoladi — bu AQShdan 35 foizga kam, ammo uchinchi pog‘onadagi Germaniyadan deyarli uch barobar ko‘p. Biroq Xitoy iqtisodiyotiga tuzilmaviy cheklovlar — aholining qarishi, ko‘chmas mulk bozorining susayishi va eksport bojlari o‘sishi — bosim o‘tkazmoqda. Shu omillar YaIM o‘sishini yillik taxminan 4 foiz atrofigacha, so‘nggi qirq yildagi eng past darajagacha sekinlashtiradi.

Hindiston (4,5 trln dollar) ichki talab hisobiga to‘rtinchi pozitsiyani mustahkamlab, Yaponiyani ortda qoldiradi. Ro‘yxatda Indoneziya va Turkiya ham yuqoriga ko‘tarilmoqda — bu demografik ustunliklar va o‘rta darajadagi rivojlanishga ega iqtisodlardagi islohotlarni aks ettiradi.

Rossiya XVJ ma’lumotlariga ko‘ra 2,5 trln dollarlik YaIM prognozi bilan reytingda to‘qqizinchi o‘rinni egallaydi.

Osiya dunyoning eng yirik iqtisodiy mintaqasiga aylanadi. Xitoy, Yaponiya va Hindiston hisobiga Osiyo jami YaIM bo‘yicha ilk bor Shimoliy Amerikadan o‘tadi. Uchinchi o‘rinda — Yevropa, undan keyin Yaqin Sharq, Janubiy Amerika, Afrika va, nihoyat, Okeaniya bo‘ladi.

Mavzuga oid