O‘zbekiston | 15:59 / 22.11.2021
7381
4 daqiqa o‘qiladi

«Xususiy sektorni rivojlantirsak, hammasi joyiga tushadi» - investor temir yo‘lda tashish qimmatligi haqida

Investor tadbirkor ishlab chiqarishda importga ehtiyoj borligi, mahsulot olib kelishda temir yo‘l xarajatlari esa qimmatligi, bu muammoni hal etish uchun xususiy sektorni rivojlantirish kerakligini aytdi.

Investor, moliyaviy tahlilchi Bahriddin Qoraboyev Kun.uz’ga bergan intervyusida importda temir yo‘l xizmatlari muhim o‘rin tutishi, biroq hozirgi xarajatlar yuqoriligini aytdi. Tadbirkor sohada xususiy sektorni rivojlantirish tadbirkorlarga qulaylik yaratishi, ishlab chiqarish va eksport o‘sishini ta'minlashi haqida aytib o‘tdi.

«Logistika, kommunikatsiya tizimlari rivojlanishi milliy iqtisodiyot o‘sishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda respublikamizga mahsulot import qilishda temir yo‘llar qimmatligi asosiy muammolardan biri. Aytish kerakki, oxirgi 4-5 yildan beri narxlar sezilarli yuqori bo‘lib kelmoqda.

Albatta, ishlab chiqarish va eksportni rag‘batlantirish uchun xomashyoni 100 foiz o‘zimizdan topa olmaymiz. Shuning uchun ko‘p mahsulotlar chetdan olib kelinadi.

Temir yo‘l xarajatlarini hisoblasak, bu tadbirkorlarga qimmatlik qiladi. Masalan, Qozog‘iston chegarasidan Toshkentgacha bo‘lgan masofa 50 kilometr ham chiqmaydi. Shu yo‘lga 60 tonna yuk uchun 8 mln so‘mdan ortiq pul to‘lash kerak. Agar mahsulotni yuk mashinasida olib keladigan bo‘lsangiz, buning yarim baravar narxiga xursand bo‘lib olib kelib berishadi.

Mahsulot qimmatlashuvi jahon bozoriga kirishimizni ham qiyinlashtiradi. To‘g‘ri, soliq tizimi ancha joyiga tushdi. QQS 20 foizdan 15 foizga pasaydi. Lekin logistika masalasida ishlashimiz kerak. Temir yo‘lda xususiy sektorni rivojlantirsak, hammasi o‘z joyiga tushib ketadi, degan umiddamiz», deydi tadbirkor.

Bahriddin Qoraboyev

Investorning aytishicha, O‘zbekistonda qurilishga bo‘lgan talab oshib borayotgani qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarishni ham jadallashtirish zaruriyatini tug‘dirmoqda. Bunda konlardan foydalanish ham muhim o‘rin tutadi.

«Tsement mahsulotlarini konlardan qazib olayotgan vaqtda biz faqat sement olyapmiz. Lekin uning yonida boshqa qimmatbaho moddalar ham bor. Ularni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Masalan, kaolin, bazalt, travertin va boshqa bir qancha qazilma moddalar qolib ketmoqda.

Aytaylik, bazaltdan temir mahsulotlari, xususan, armaturalar olsa bo‘ladi. Undan uylar qurilishida foydalanish mumkin.

Eng muhimi, mazkur yo‘l bilan qurilish materiallari ishlab chiqarish nuqtalarini kengaytirishimiz mumkin. Faqatgina sement bilan cheklanmagan holda.

Hozirda o‘rtacha sement zavod ochish uchun 100 mln dollar mablag‘ kerak. Lekin men aytayotgan mahsulotlarni ishlab chiqarish unchalik katta mablag‘ talab qilmaydi. Qolaversa, ularning eksportini ham rivojlantirsa bo‘ladi. Demak, bu sohada tog‘ jinslarini qayta ishlash bo‘yicha ko‘proq tadqiqotlar olib borishga to‘g‘ri keladi», dedi Bahriddin Qoraboyev.

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqot chog‘ida temir yo‘l sohasidagi monopoliyani qattiq tanqid qilgandi. «Raqobat, xususiy sektor kirmasa, temir yo‘l monopoliyasini topshirmaydi, sifati o‘zgarmaydi, narxi kamaymaydi. Biz besh yil davomida o‘rgandik, hali raqamlashtirish bo‘yicha katta ishlar qilish kerak», degan edi u.

Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda temir yo‘l sohasida kelgusi 5 yil uchun 7 mingdan ziyod yuk vagoniga ehtiyoj mavjud. Bu muammoni davlat tomonidan emas, elektr energiyasi yoki sement ishlab chiqarish singari xususiy sektorni jalb qilish orqali ijobiy hal qilish mumkin.

Mavzuga oid