19:02 / 24.11.2021
25440

Ayrim tuman hokimlari prezident qarorlarini tushunmaydi – Shavkat Mirziyoyev

Kelgusi yilda paxta va g‘alladan qisqartiriladigan 80 ming gektar yer maydonlari aholiga dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun 10 sotixdan 1 gektargacha 10 yil muddatga ochiq elektron tanlov o‘tkazish orqali ijaraga berilishi ma'lum qilindi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish, meva-sabzavotchilik klasterlari va tomorqa xo‘jaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Yig‘ilishda yer muammolari alohida muhokama qilindi.

«Yaqinda qabul qilingan qarorlar bilan paxta-to‘qimachilik va g‘alla klasterlari faoliyati bilan bog‘liq barcha masalalar yechib berildi. Og‘ir masalalar edi, lekin yechimini topdik. Endi har bir viloyat hokimi bu masala bilan jiddiy shug‘ullanishi lozim.

Buning hisobidan, to‘qimachilik sanoati korxonalari eksporti joriy yilda – 3 milliard dollardan, kelgusi besh yilda esa – 7 milliard dollardan oshiriladi. Albatta bu marraga yetishimiz kerak.

Xuddi shunday ishlab, meva-sabzavotchilik eksportini bugungi kundagi 1,2 milliard dollardan, kamida 5 milliard dollarga ko‘paytirish bo‘yicha barcha imkoniyatlar bor.

Bu borada, Asaka, Angor, Denov, Jomboy, Samarqand, Oltiariq, Quva, Yuqori Chirchiq, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida meva-sabzavotchilik klasterlari faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilib, ular 25-30 million dollardan mahsulot eksport qilmoqda. Lekin 25ta tumanda eksport 1 million dollardan oshmagan bo‘lsa, meva-sabzavotga ixtisoslashgan 8ta tumanda klasterlar tashkil etilmagan. Bu tuman hokimlari nima qilib yuribdi?

Kecha har bir viloyat hokimiga yo‘l qo‘yilgan qoloqliklar ko‘rsatib berildi. Eng yomoni ayrim tuman hokimlari prezident qarorlarini tushunmaydi. Endi natija ko‘rsatilishi kerak. Bilasiz, korrupsiyaga oid jiddiy qarorlar qabul qilyapmiz. Endi har bir pul chiqishi shaffof va xalq uchun oshkora bo‘lishi kerak», dedi prezident.

Kelgusi yilda paxta va g‘alladan qisqartiriladigan 80 ming gektar maydonlar aholiga dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun 10 sotixdan 1 gektargacha 10 yil muddatga ochiq elektron tanlov o‘tkazish orqali ijaraga berilishi ma'lum qilindi. 

«Biz kelgusi yilda paxta va g‘alladan bo‘shagan 80 ming gektar yerlarni aholiga bo‘lib beryapmiz. Bundan tashqari, 70 ming gektar yerlar «oborot»ga qaytariladi. Aholining o‘zida ham 500 ming gektar atrofida tomorqa yerlari mavjud.

Ushbu yerlardan qo‘shimcha 10 million tonna mahsulot olish, 1,5 million aholini band qilish va 800 million dollarlik eksport qilishga sharoit yaratilmoqda», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Joriy yil 1 dekabrdan Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi tomonidan meva-sabzavot yetishtiruvchilarni imtiyozli kreditlash yo‘lga qo‘yilishi, bunda, «klaster–fermer–bank» zanjiri asosida mahsulot hajmi va moliyalashtirish muddatlari aniq ko‘rsatilgan uch tomonlama shartnomalar tuzilishi ma'lum qilingan.

Top