21:15 / 24.11.2021
7514

Hindiston Rossiya bilan 590 mln dollarlik «Kalashnikov» avtomatlari ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma imzolashi mumkin

Qayd etilishicha, yakuniy shartnoma imzolanadigan bo‘lsa, 2022 yilning birinchi choragidan avtomatlarni ishlab chiqarish boshlanadi.

Foto: RIA Novosti

Hindiston qurolli kuchlari tomonidan «Kalashnikov» avtomatlari sotib olish bo‘yicha tuziladigan shartnoma qiymati 590 mln dollar deb baholanmoqda, deb xabar berdi RBK.

Agentlik manbasining so‘zlariga ko‘ra, Indo-Russian Rifles Private Limited Rossiya-Hindiston kompaniyasi va Hindiston qurolli kuchlari o‘rtasida 680 ming dona AK-203 «Kalashnikov» avtomatlari ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma narxi 100 mln dollarga pasaygan va 590 mln dollar deb baholangan. 

Avvalroq Janes nashri shartnoma qiymati 688 mln dollarga tengligini yozgandi. Avtomat ishlab chiqarish bo‘yicha memorandum 2019 yil fevralda imzolangan.

Indo-Russian Rifles Private Limited kompaniyasining 50,5 foiz aksiyasi Hindistonning Ordnance Factory Board davlat kompaniyasi, 42 foizi «Kalashnikov» konserni va 7,5 foizi «Rosoboroneksport»ga tegishli.

Qayd etilishicha, yakuniy shartnoma imzolanadigan bo‘lsa, 2022 yilning birinchi choragidan avtomatlarni ishlab chiqarish boshlanadi.

Avvalroq shartnoma doirasida 70 ming dona avtomat yetkazib beriladi, qolgan 610 ming donasi esa Hindistonda ishlab chiqariladi, deb yozgandi Times Now nashri.

Avtomat ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Hindistonga tashrifi chog‘ida imzolanishi taxmin qilinmoqda, deb yozadi Janes. RBK manbasining so‘zlariga ko‘ra, Putin 6 dekabrda Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashadi.

Top