JSST koronavirusning yangi shtammi nega aynan “omikron” deb nomlanganiga izoh berdi
JSST koronavirusning JARda ilk bor qayd qilingan yangi shtammiga grek alifbosining 13- va 14-harflari: “nyu” (nu) va “ksi” (xi)ni o‘tkazib yuborib, nega aynan 15-harfi – “omikron” nomi berilganiga izoh berdi.
Tashkilotda ta'kidlanishicha, bu turli tillarda tushunmovchilik yuzaga kelmasligi maqsadida amalga oshirilgan. Misol uchun, nu harfi talaffuz etilishi inglizcha so‘z new (yangi)ga o‘xshash, xi esa Xitoyda keng tarqalgan familiyalardan biri kabi talaffuz etiladi (jumladan, Xitoy raisi Si Tszinpin familiyasi shunday aytiladi).
JSST matbuot xizmatida tashkilot kasallik va viruslarni belgilashda “madaniy, milliy, hududiy, kasbiy, ijtimoiy kamsitishdan” qochishga harakat qilishi ta'kidlab o‘tilgan.
Jumladan, xalqaro tashkilot 2021 yil mayidan koronavirusning shtammlarini belgilashda geografik nomlardan voz kechib, “xavotir va qiziqish uyg‘otuvchi” variantlarni grek alifbosi harflari bilan belgilashni boshlagan.
Hozirda JSST “xavotirli” shtammlar sirasiga 5 ta shtammni kiritgan, bular: alfa, beta, gamma, delta va omikron. Virusning oxirgi omikron shtammi haqida janubiy afrikalik mutaxassislar ma'lum qilishdi. Hozirda yangi shtamm bilan kasallanish holatlari JARdan tashqari, Britaniya, Belgiya, Germaniya, Niderlandiya va Isroilda qayd qilingan.
Mavzuga oid
19:15 / 15.11.2024
JSST: 2018 yildan beri dunyoda tibbiyot muassasalariga 7,4 mingdan ortiq hujum uyushtirildi
18:19 / 13.11.2024
JSST maktab o‘quvchilariga yuklama ortib borayotganidan xavotirda
18:52 / 08.11.2024
Har yili dunyoda 1 milliarddan ortiq bola zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda - JSST
17:48 / 01.11.2024