Jahon | 23:01 / 30.11.2021
21969
3 daqiqa o‘qiladi

Hindistonlik tadbirkor rafiqasiga “Toj-Mahal” qurdirdi

Hindistonning Madxya-Pradesh shtatida yashovchi 52 yoshli tadbirkor Anand Chuksi o‘z rafiqasi uchun mashhur Toj-Mahal maqbarasining kichraytirilgan nusxasini qurdirdi. Erkak shunday antiqa yo‘l bilan umr yo‘ldoshini to‘ylari sanasi bilan tabriklashga qaror qilgan.

Foto: ANAND PRAKASH CHOUKSEY

“Mini Toj-Mahal” bir zumda ommalashib ketdi.

 “Bu rafiqam, shahrimiz va uning aholisi uchun sovg‘a”, deb aytgan tadbirkor.

Uning ta'kidlashicha, maqbaraning kichraytirilgan nusxasini qurish uchun 20 mln rupiy, ya'ni 260 ming dollar sarflangan.

Chuksining uyi hududida joylashgan Toj-Mahal tezda o‘ziga sayyohlar e'tiborini tortdi. Tadbirkorning ta'kidlashicha, ko‘plab odamlar uning uyiga bino fonida nikoh fotosessiyalarini uyushtirish yoki shunchaki suratga tushish uchun kelishadi.

“Men bunga qarshi emasman, chunki shahrimizda hamma bir-birini taniydi va uyim eshiklari barcha uchun ochiq”, deb ta'kidlab o‘tgan Chuksi.

Foto: ANAND PRAKASH CHOUKSEY

Shu bilan birga, hind har kuni ham uyi ichkarisiga odamlarni kiritmasligini qo‘shimcha qilgan. “Uy bu uy, axir biz bu yerda yashaymiz”, deb tushuntirgan buni Chuksi. Biroq tadbirkor oilasi o‘z uyi eshiklarini vaqti-vaqti bilan tashrif buyuruvchilar uchun ochadi.

Ta'kidlanishicha, binoda turli qavatlarda joylashgan 4 ta yotoqxona, kutubxona va meditatsiya xonasi mavjud. Juftlik binoni haqiqiy Toj-Mahalga imkoni boricha o‘xshatishga harakat qilgan va uni qurish uchun 3 yil vaqt sarflagan: er-xotin bu maqsadda Toj-Mahalga bir necha marta tashrif buyurgan va uning ichki detallarini batafsil o‘rgangan. Binoni barpo etishda, shuningdek, maqbaraning uch o‘lchovli suratlaridan ham foydalanilgan. 

Tadbirkorning aytishicha, u dastlab rafiqasiga 24 metr balandlikdagi Toj-Mahalni sovg‘a qilmoqchi bo‘lgan, biroq mahalliy hokimiyat bunga ruxsat bermagan. Shundan keyin maqbaraning 3 marta kichraytirilgan nusxasi barpo etilgan.

Foto: ANAND PRAKASH CHOUKSEY

Chuksi Toj-Mahaldan ilhomlanib, uning nusxasini yaratgan birinchi odam emas. Ta'kidlanishicha, 2013 yilda pensiyaga chiqqan mahalliy amaldorlardan biri o‘z rafiqasi uchun maqbaraning nusxasini qurdirgan.

Toj-Mahal Hindiston shimolidagi Agra shahrida joylashgan bo‘lib, XVII asrda Boburiylar avlodi - podshoh Shoh Jahon tomonidan ko‘zi yorish vaqtida vafot etgan rafiqasi Mumtoz Mahal Begim uchun qurdirilgan.

Ushbu yodgorlik Hindiston ramzlaridan biri hisoblanadi. Pandemiyagacha unga har kun 70 mingga yaqin odam tashrif buyurgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid