Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Qadrdonim Emmanuel». Jonsonning maktubi Parij va London o‘rtasidagi ziddiyatni avj oldirdi
Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasida migrantlar borasidagi uzoq yillik mojaro avj oldi. Bunga La-Manshni qayiqda suzib o‘tishga urinish chog‘ida 27 kishi halok bo‘lgani sabab bo‘ldi.
Ben Stansall / AFP / Scanpix / LETA
Bo‘g‘ozdagi inqiroz
24 noyabr kuni Buyuk Britaniya qirg‘oqlariga yo‘l olib, La-Manshni kesib o‘tmoqchi bo‘lgan meshkob (shishirilgan qayiq) Fransiya sohillari yaqinida cho‘kib ketdi. Fransiya sohil xizmati bir necha kishini qutqarishga muvaffaq bo‘lsa-da, muhojirlarning 27 nafari cho‘kib ketdi. Qurbonlar orasida uch nafar bola bo‘lgan.
Fransuz politsiyasi migrantlarni noqonuniy tashishni tashkillashtirishda ishtirok etishda gumon qilib, besh kishini qo‘lga olgan. Ular «o‘ta og‘irlashtiruvchi holatlar bilan ehtiyotsizlik tufayli odam o‘ldirish»da ayblanmoqda.
Stuart Brock / EPA / Scanpix / LETA
Ushbu hodisa rasmiy Parij va London o‘rtasida Fransiyadan Buyuk Britaniyaga suzib borish istagidagi muhojirlar masalasini qanday hal etish borasida uzoq yillar davom etayotgan mojaro avj olishiga sabab bo‘ldi. Bloomberg La-Manshdagi fojia Parij va London munosabatlarining quyi nuqtasiga aylangani haqida yozdi.
BBC’ning xabar berishicha, joriy yil kuzida La-Manshni suzib o‘tish orqali Fransiyadan Buyuk Britaniyaga qariyb 25 ming kishi kelgan. Bir yil avvalgi ko‘rsatkich esa 10 mingdan kamroqni tashkil qilgandi. 12 noyabr kuni Birlashgan Qirollikda bu sohada antirekord qayd etildi – bo‘g‘oz orqali mamlakatga minglab migrantlar kelgan.
Bo‘g‘ozni bu yo‘l bilan kesib o‘tish usuli shu darajada ommalashganki, Decathlon sport do‘koni tarmoqlari Kale va Fransiya shimolidagi boshqa shaharlardagi savdo nuqtalaridan kanoeni savdodan olib tashlashga majbur bo‘ldi.
Buyuk Britaniya uchun o‘sib borayotgan migratsiya oqimi jiddiy muammo tug‘diradi. Mamlakat chegarani kesib o‘tgan va o‘z suv hududida qo‘lga olinganlarni ortga qaytarib yubora olmaydi. Chunki Yevropa Ittifoqidan chiqqanidan keyin London hech bir YeI a'zosi bilan readmissiya kelishuvini imzolamagan.
25 noyabr kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson tvitterida e'lon qilgan xat bilan Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga murojaat qildi. Unda Jonson migratsion inqirozni hal qilish bo‘yicha bir necha taklifni ilgari surgan: masalan, bo‘g‘oz va havo hududini hamkorlikda nazorat qilish hamda La-Manshni kesib o‘tayotgan kemalarni aniqlashda yuqori texnologik usullar, jumladan, radar va sensorlardan foydalanish.

Jonson avvalgi takliflari, jumladan, patrul kemalarining ikki davlat suv hududlariga kirishiga ruxsat berish va Buyuk Britaniya qirg‘oqlariga suzib kelgan migrantlarni Fransiyaga qaytarib yuborish dasturi bajarilishiga erishishini alohida qayd etdi.
Parijda Jonsonning xatti-harakatlarini jiddiy norozilik bilan qarshilashdi. Makronni hamkasbi unga shaxsan xat bilan murojaat qilmagani g‘azablantirdi. «Bunday masalalar mamlakatlar yetakchilari bilan tvitter orqali yoki ochiq maktublar bilan hal etilmaydi», dedi bu vaqtda tashrif bilan Rimda bo‘lib turgan Makron.
Shundan so‘ng, Fransiya Buyuk Britaniya ichki ishlar vaziri Priti Patelga yuborilgan taklifnomani qaytarib oldi. U 28 noyabr kuni Kale shahrida migratsion inqiroz bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi vazirlari uchrashuvida qatnashishi kerak edi. Uchrashuv Germaniya, Niderlandiya, Belgiya va Yevrokomissiya ishtirokida o‘tkazildi. Uning yakuniga ko‘ra, 1 dekabrdan boshlab Yevropa chegaralarni qo‘riqlash xizmati aviatsiyasi tomonidan chegaralarni nazorat qilishni boshlash qarori qabul qilindi (Frontex). London qaror qabul qilishda ishtirok etmadi.
Financial Times nashrining yozishicha, fransuzlar Buyuk Britaniya Brexit tufayli yuzaga kelgan muammolar uchun javobgarlikni Makronga yuklashga urinayotganidan norozi.
Britaniyalik amaldorlar esa, o‘z navbatida, Fransiya prezidentining murosasizligini izohlar ekan, aprel oyida u qayta saylanish uchun kurash olib borishi, shu munosabat bilan o‘z raqiblari bo‘lgan millatchilarning tanqidlarini qaytarishiga to‘g‘ri kelishini aytishmoqda.
Gonzalo Fuentes / Reuters / Scanpix / LETA
Financial Times’ning qayd etishicha, migrantlarni Fransiyaga qaytarib yuborish taklifini fransuz tomoni bir necha marta rad etgan. Fransiya ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanen sentabr oyida buni «shantaj» deb atagan; Parij Buyuk Britaniya bu masalani Yevropa Ittifoqi darajasida hal etishi kerakligini ta'kidlamoqda.
Baliq uchun urush
Ikki mamlakat o‘rtasida ziddiyat uyg‘otuvchi yana bir masala, baliq ovini litsenziyalashdir. Ikki mamlakat iqtisodiyoti uchun (Buyuk Britaniyada tarmoqning YaIMdagi ulushi – 0,06 foiz, Fransiyada esa 0,1 foiz) baliq ovi katta rol o‘ynamasa ham mazkur bahs juda muhim. Chunki Buyuk Britaniya va Fransiya o‘rtasidagi keyinchalik savdo masalalarini hal qilishda pretsedent yuzaga keltirishi mumkin. Baliq ovi Brexit’dan keyin imzolangan savdo bitimi bilan tartibga solingan. Biroq uning qoidalarini turlicha talqin etish mumkin. Fransuz baliqchilari avvallari ham bu yerda ov bilan shug‘ullanganliklarini isbotlay olishsa, Normand orollari (Gernsi va Jyersi ham ular qatorida) suvlarida ovlashga ruxsat berilgan.
Biroq kelishuvda qanday dalillar keltirilishi kerakligi aytilmagan. London GPS ma'lumotlarini talab qiladi. Bunday ma'lumotlarni esa kichik baliq ovlash kemalari taqdim eta olmaydi, chunki ular bunday apparatura bilan jihozlanmagan.
Shuning sababli ular baliq ovini davom ettirish uchun litsenziya ololmaydi. Natijada Parij Londonni Brexit kelishuvlariga amal qilmaslikda ayblaydi. Politico ma'lumotlariga ko‘ra, bahs oz sonli litsenziyalar ustida ketmoqda – qariyb 55ta kema ana shunday litsenziyani kutmoqda. Baliqchilarning o‘zi ham vaziyatni keskinlashtirmoqda: 26 noyabr kuni bir necha baliq ovlash kemalari Buyuk Britaniyaning pozitsiyasiga qarshi chiqib, La-Manshni to‘sib qo‘ydi.
Politico’ning yozishicha, bahsda g‘alaba qozonish Parij uchun muhim. Aks holda xavfli pretsedent yuzaga kelishidan prezident Makron jamoasidagilar xavfsiramoqda.
Fransiya bosh vaziri Jan Kasteks Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyenga maktub yubordi. Xatda Buyuk Britaniyani «jazolash» va Yevropa Ittifoqidan chiqish muayyan oqibatlarni anglatishini ko‘rsatib qo‘yishga chaqirdi.
Makron boshqa choralarni qo‘llashga tayyor ekanini aytgan. Jumladan, agar baliqchilarga litsenziya berish bo‘yicha vaziyat hal etilmasa, Buyuk Britaniyadan keladigan yuk tashuvchilar ustidan nazorat o‘rnatishga tayyor ekanini ham ma'lum qildi. Londonda bunday yondashuv keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Johanna Geron / Reuters / Scanpix / LETA
Ikki mamlakat o‘rtasidagi bahsli masala ortida nima bor?
The New York Times’ning ta'kidlashicha, Makron uchun Buyuk Britaniya bilan kelishmovchilik ichki siyosiy kontekstda muhim. 2022 yilning aprel oyida mamlakatda prezident saylovlari bo‘lib o‘tadi. U esa yevroskeptiklarga Yevroittifoqdan chiqish manfaatli emasligini isbotlashi kerak. Saylovlarda yorqin ishtirok etishi kutilayotgan o‘ng populist Erik Zemmur Fransiyaning YeIdan chiqishi tarafdori. Makron saylovchilar ko‘z oldida aynan shu g‘oyani neytrallashtirishi talab etiladi.
Boris Jonson esa buning aksini isbotlashi kerak. Financial Times’ning yozishicha, inglizlarning ko‘pchiligi Brexit’ni xato qaror bo‘lgan hisoblaydi. Fransiya bilan ziddiyat darajasining ortishi Parijni Buyuk Britaniyaga qarshi choralar ko‘rishga majbur qilib, Jonsonga YeIdan chiqish bo‘yicha kelishuvlardagi kamchiliklarni yopib ketishga, xususan, qish faslida kutilayotgan tovarlarni yetkazish va narxlarning o‘sishi muammosini fransuzlarga ag‘darish imkonini berardi. Shuningdek, Parij bilan qarama-qarshilik Jonsonga Shimoliy Irlandiya bilan bir tomonlama tartibda savdo kelishuvidagi bahsli tuzatishlari og‘riqsiz hal etishga yordam berishi mumkin.
Fransiyaning Rossiyadagi, keyin esa Buyuk Britaniyadagi sobiq elchisi Silvi Brennanning The New York Times’ga aytishicha, Jonson Fransiyani mamlakat yuzma-yuz kelgan muammolar uchun aybdor qilishga urinmoqda. U uzoq masofaga yuk tashuvchilar yetishmasligi tufayli yonilg‘i yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammoni misol tariqasida keltirdi. «Biz ular (YeIda) qolishini istardik. Ular o‘z tanlovini amalga oshirdi, biroq biz uni hurmat qilamiz. Biroq endilikda afzalliklar va to‘laqonli erkinlikdan foydalana olishmaydi», - dedi u.
Brennan Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashishida AUKUS (Buyuk Britaniya, AQSh va Avstraliya) mudofaa ittifoqiga asos solinishi ham sabab bo‘lganini qayd etdi. Bu ittifoq Fransiyani Avstraliya uchun atom suv osti kemalarini qurish haqidagi shartnomasiz qoldirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Makronni kuchsizlantirdi va endi u Fransiya YeIda bir o‘zi harakat qilayotgan Buyuk Britaniyaga qaraganda kuchli ekanini isbotlashga urinadi.
O‘z navbatida, Buyuk Britaniyaning Fransiyadagi sobiq elchisi Piter Uestmakott Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqishi Fransiya uchun katta zarba bo‘lganini aytmoqda. Chunki u ham Germaniya singari YeI siyosati uchun mas'ul bo‘lgan «katta uchlik» mamlakatlariga kirgan. Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqib ketishi ittifoqda mavjud kuchlar muvozanatini izdan chiqarib, yetakchilik huquqi uchun Parijni Berlin bilan raqib bo‘lishga majbur qildi. Diplomatning qayd etishicha, Makron va Jonson o‘rtasidagi o‘zaro ishonch darajasi juda past, ulardan biri lavozimini tark etmagunicha munosabatlar yaxshilanmaydi.
Mavzuga oid
15:29 / 03.04.2026
Tramp Makron va uning rafiqasini masxara qildi. Fransiya yetakchisi javob qaytardi
13:13 / 03.04.2026
Yaqin Sharqdagi urush: Erondagi eng baland ko‘prik vayron qilindi
21:34 / 01.04.2026
Fransiya prezidenti Falastinning birinchi elchisidan ishonch yorliqlarini qabul qildi
13:37 / 14.03.2026