O‘zbekiston | 18:14 / 02.12.2021
2198
3 daqiqa o‘qiladi

Senatning yangi veb-saytida har bir senatorning qonunni ma'qullash yoki rad etishdagi ishtiroki ochiqlanadi

Oliy Majlis Senatining yangi ishlab chiqilayotgan veb-saytida senatorlarning har bir qonunni (qarorni) ma'qullash yoki rad etishdagi ishtiroki to‘g‘risidagi ma'lumotlar joylanadi. Bu haqda Kun.uz so‘roviga muvofiq Senat taqdim etgan ma'lumotda aytiladi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

«Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta'minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmonida Oliy Majlis palatalariga o‘z rasmiy veb-saytlarida ba'zi ma'lumotlari joylashtirish tavsiya etilgan edi.

Senat matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, bugungi kunda tashkilot rasmiy veb-saytida parlament nazorati obektlarining hisobotlarini eshitish natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorlar tizimli ravishda joylashtirib borilmoqda. Senat rasmiy saytida, shuningdek Oliy Majlis Senati a'zosi haqidagi ma'lumotlar — ish joyi, lavozimi, tug‘ilgan sana va joyi, millati, hududi, ma'lumoti, mutaxassisligi, davlat mukofotlari hamda qo‘mita a'zoligiga doir ma'lumotlar bilan ham tanishish mumkin.

2019 yil 23 avgustdan boshlangan Senat yalpi majlislarining to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatilishi hozirga vaqtga qadar davom etmoqda. O‘z navbatida, Senatning yangi binosida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tegishli sharoitlar yaratilib, Senat qo‘mita majlislari (yopiq majlislar bundan mustasno) ham jonli efirga uzatilishi ta'minlanishi ma'lum qilindi.

Shuningdek, senatorning har bir qonunni (qarorni) ma'qullash yoki rad etishdagi ishtiroki to‘g‘risidagi ma'lumotlar, senatorlarning elektron pochta manzillari Senatning yangi ishlab chiqilayotgan veb-saytida o‘z aksini topadi.

Lekin Senat matbuot xizmati tashkilotning yangi veb-sayti qachon ishga tushishi borasida aniq ma'lumot berolmasligini bildirdi

Ochiqlikka doir prezident farmonida 1 dekabrdan amalga oshirish yuzasidan berilgan tavsiyalar qachondan Qonunchilik palatasida joriy qilinishi bo‘yicha quyi palata matbuot kotibiga yuzlandik. Qonunchilik palatasi matbuot kotibi, deputat Navro‘z Rizayev bu hafta quyi palatada yig‘ilish bo‘lmasligini, o‘zi hozir saylovchilar bilan uchrashuvda ekanligini, keyingi majlisda bu haqda ma'lumot berishini aytdi.

Ma'lumot uchun, bungacha Oliy Majlis Senatining yalpi majlislari jonli efirda uzatilib kelayotgan, biroq Qonunchilik palatasi, Jo‘qorg‘i Kenges hamda mahalliy kengashlar majlislarining ochiqligi ta'minlanmagan edi.

Prezident farmoni bilan Ochiq ma'lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma'lumotlar ro‘yxati ham tasdiqlangan bo‘lib, Aksilkorrupsiya agentligi direktori Akmal Burhonov Kun.uz’ga bergan intervyusida bu haqda batafsil to‘xtalgan edi.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid