Sport | 15:02 / 03.12.2021
21474
20 daqiqa o‘qiladi

Ronalduda yubiley, «Liverpul»da rekordlar, «Real» yaqqol peshqadam. Hafta o‘yinlari

Hafta o‘rtasida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar.

Foto: Instagram

«Manchester Yunayted» Kerrikning so‘nggi uchrashuvida «Arsenal»ni yengib, YeChL hududiga yaqinlashdi

Manchester Yunayted — Arsenal 3:2
Gollar: Fernandesh (44), Ronaldu (52, 70 penalti) — Smit-Rou (13), Edegor (54).
Manchester Yunayted — De Xea, Dalot, Lindelyof, Maguayr, Telles, Fred, Maktominey, Reshford (Lingard, 79), Sancho, Fernandesh (van de Bek, 90), Ronaldu (Marsiyal, 88).
Arsenal — Ramsdeyl, Gabriel, Uayt, Tomiyasu, Tavaresh, Tomas, El-Nenni, Smit-Rou (Saka, 70), Martinelli, Edegor (Nketia, 79), Obameyang (Lyakazett, 79).
Ogohlantirish: Maktominey (45+1).

Ralf Rangnikning viza bilan bog‘liq muammolari tufayli manchesterliklarni bu o‘yinda ham Maykl Kerrik boshqardi. «Chelsi»ga qarshi o‘yinda Krishtianu Ronalduni zaxirada qoldirgan Kerrik bu safar uni boshlang‘ich tarkibga qaytardi. Dalot va Maguayrni ham. Sardor diskvalifikatsiya tufayli «Chelsi»ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborgandi, «Stemford Brij»da Bayi kuchli o‘yin namoyish etdi, ammo Kerrik uni zaxirada qoldirib, Maguayrni tushirishga qaror qildi.

«Arsenal»da ham boshlang‘ich tarkibda syurprizlar bo‘ldi: O‘yinga to‘la tayyor bo‘lmagan Saka zaxirada qoldi, Lokonga ham. O‘yinni ilk daqiqalardan El-Nenni boshladi — bungacha u chempionatning joriy mavsumida faqat bir marta zaxiradan o‘yinga qo‘shilgandi.

«Arsenal» APLda bungacha qatorasiga olti o‘yinda «MYu»ga yutqazmagandi. Bu safar ham o‘yinni kuchli boshladi — mezbonlar darvozasi tomon ketma-ket burchak zarbalari belgilandi va ulardan birida mavsumning eng rezonansli gollaridan biri urildi. Tashqaridan qaraganda barchasi oddiy: «standart» vaqtida Fred De Xeaning oyog‘ini bosib oldi va ispaniyalik posbon yiqilib, oyog‘ini ushlab yotdi. Arbitr Martin Atkinson darvozabonga tibbiy yordam kerakligini ko‘rmadi va o‘yin davom ettirildi, Smit-Rou esa jarima maydoni tashqarisidan turib zarba yo‘lladi, to‘p bo‘sh qolgan darvoza to‘riga borib tushdi.

Atkinson De Xeaga shifokorlar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilayotgan mahalda videoassistentlar bilan maslahatlashdi, yordamchilar esa unga «Arsenal» futbolchilari tomonidan qoidabuzarlik sodir etilmaganini va golni hisoblash mumkinligini aytishdi.

Lekin bu epizodda etika masalasi bor. Smit-Rou darvozabon yiqilib yotganini ko‘rgan-ko‘rmagani noma'lum, ammo «Arsenal» futbolchilari va Arteta golni qizg‘in nishonlashdi. Shu bilan birga, agar De Xea yiqilib qolmaganida, bu zarbani qaytarishi ham kafolatlanmagandi. Bunday vaziyatda Arteta futbolchilariga gol o‘tkazib berishni ko‘rsatma qilishi kerakmidi? «Lids» bosh murabbiyi Marselo Belsa 2019 yil aprelida shunga o‘xshash vaziyatda «Aston Villa» futbolchilari javob golini urishi uchun sharoit yaratib bergandi, ammo shu qarori tufayli jamoaning APLga chiqishi bir yilga kechikkandi. O‘shanda darvozabon emas, maydondagi futbolchi gazonga yotib qolgandi, ammo argentinalik murabbiy o‘z jamoasi urgan golni haqqoniy deb topmagandi. Bu safar esa Arteta sukut saqladi, shunday ekan feyr-pley haqida gap bo‘lishi mumkin emasdi.

Bu gol «Yunayted»ning jahlini chiqardi. O‘yining dastlabki 15 daqiqaligida mezbonlar o‘zlariga o‘rgatilgandek futbol o‘ynashgan bo‘lsa, keyin faqat olg‘a intilishdi. Aftidan, mezbonlar endi o‘yinga butunlay boshqacha yondasha boshlashdi — «Arsenal»ning golidan keyin «MYu» raqib futbolchilarining jarohat olishiga befarqlik bilan qaradi — birinchi bo‘lim davomida «Yunayted» hujum uyushtirayotgan vaqtda londonlik futbolchilar jarohatlanishi bilan bog‘liq ikki epizod kuzatildi, bu vaqtda raqib o‘yinni davom ettirdi.

Mezbonlar o‘z golini baribir urishdi: Fred xatosini yuvdi va Brunu Fernandeshga golli uzatma berdi. Tanaffusdan keyin «MYu» yubileyni ham nishonladi: Krishtianu «Yunayted»ni oldinga olib chiqdi va shu bilan birga faoliyatidagi 800-golini urdi.

O‘yin davomida Ronaldu navbatdagi golini penaltidan urdi, ammo portugaliyalik futbolchining ikki goli orasida Edegor hisobni tenglashtirgandi. Shu bilan birga, norvegiyalik futbolchi ko‘p o‘tmay jarima maydoni ichida Fredga qo‘pollik qildi va Atkinson videotakrorlardan keyin 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Ronaldu hisobni 3:2 ko‘rinishiga keltirdi.

Bu o‘yinda ikki jamoada ham mudofaa chizig‘ida muammolar kuzatildi, o‘yinda beshta gol urilgani ham shuni ko‘rsatib turibdi. Aytish mumkinki, «Arsenal» mag‘lubiyatga loyiq emasdi, hisob 3:3 bo‘lishi mantiqiy ham edi. Ammo De Xea bunga rozi bo‘lmadi — aynan u Obameyangning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini to‘sdi va «Manchester Yunayted» uchun uch ochkoni saqlab qoldi.

«Qizil iblislar» muhim g‘alabaga erishdi va Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi o‘rin bilan oradagi farqni uchtagacha qisqartirdi.

Angliya: Uotfordda muxlisning hayoti saqlab qolindi

«Uotford» — «Chelsi» — 1:2 (Dennis, 43 — Maunt, 29. Ziyosh, 74)

Angliya chempionatining joriy mavsumida ikkinchi bor muxlisning sog‘ligidagi muammo tufayli o‘yin to‘xtab qoldi. Bunday holat ilk bor «Nyukasl» — «Tottenhem» uchrashuvida kuzatilgandi, bu safar esa o‘yinning 13-daqiqasida tanaffus qilishga to‘g‘ri keldi. Bu safar ham futbolchilardan biri hakamni tribunadagi holat haqida xabardor qildi, «Chelsi» himoyachisi Alonso shifokorlarni yordamga yubordi. Muxlislardan birining yuragi to‘xtab qolganida arbitr o‘yinni to‘xtatib turdi, shifokorlar uni o‘ziga keltirib, bemor shifoxonaga olib ketilgach, o‘yin davom ettirildi.

Bu tanaffusdan keyin «Chelsi» o‘yinni kuchaytirdi va hujumlardan biri Mauntning aniq zarbasi bilan yakunlandi. Ammo «Uotford» Klaudio Raneri kelganidan keyin nafaqat raqib hamlalarini qaytarish bilan, balki favoritlarga ko‘ngilsizlik keltirish bilan ham shug‘ullanmoqda. «MYu» va «Lester»ga qarshi o‘yinlarda ham darvozani ishg‘ol etgan Dennis bu o‘yinda chiroyli gol bilan seriyani davom ettirdi. U to‘pni Ryudigerning oyoqlari ostidan o‘tkazdi va keyin Mendiga hech qanday imkon qoldirmagan holda zarba yo‘lladi. Ammo bu durang uchun yetarli bo‘lmadi, ikkinchi bo‘limda Maunt Ziyosh bilan kombinatsiyada yana bir golni yuzaga keltirdi.

«Aston Villa» — «Manchester Siti» — 1:2 (Uotkins, 47 — Ruben Diash, 27. Bernardu Silva, 43)

Stiven Jyerrard Birmingemda faoliyatini ikki g‘alaba bilan boshlagandi, ammo «Manchester Siti» — butunlay boshqa daraja. Buni Bernardu Silva ijrosidagi ikkinchi goldan ham bilsa bo‘ladi, bu gol urilgan kombinatsiyani futbol o‘quv qo‘llanmalariga kiritish mumkin. Mehmonlar pressingidan qanday chiqib ketish bo‘yicha dars o‘tishdi, portugaliyalik futbolchining to‘pni to‘xtatmasdan zarba berishi chiroyli yakun bo‘ldi, birinchi bo‘limda to‘liq ustunlik qilgan «shaharliklar» shunga mos hisobda tanaffusga yo‘l olishdi.

Ikkinchi bo‘lim ham «Aston Villa» yangi murabbiy hali ko‘p ish qilishi kerakligini ko‘rsatdi. Mezbonlar gol urib hisobni tenglashtirgan bo‘lsa-da, o‘yinning qolgan qismi ham chempionlar nazoratida kechdi va ular bu o‘yinda g‘alaba qozonishiga hech qanday shubha uyg‘onmadi. Xosep Gvardiola esa maydonga yaqin vaqtgacha birmingemliklarning kumiri hisoblangan Grilishni maydonga tushirdi, futbolchini maydondagi muxlislarning bir qismi olqishlashdi, qolgani — hushtakbozlik qilishdi.

«Everton» — «Liverpul» — 1:4 (Grey, 38 — Henderson, 9. Saloh, 19, 64. Diogu Jota, 79)

Foto: PETER BYRNE/GETTY IMAGES

Derbi arafasida qizillarda barchasi joyida edi, «irislar» esa qatorasiga yetti o‘yindan (bu qariyb ikki oyga teng) buyon g‘alaba qozona olmayotgandi. Rafael Benites sobiq klubini mag‘lub etishga harakat qilishini aytdi, ammo hozirda «Everton» va «Liverpul» o‘rtasida farq katta. Henderson jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi bilan hisobni ochib berdi, 10 daqiqa o‘tib Saloh himoyachilardan qochib ketib, darvozabonni ojiz qoldirdi.

Gap urilgan gollar va yirik hisobda ham emas, Yurgen Klopp jamoasi juda kuchli o‘yin ko‘rsatdi. Lekin mezbonlar derbiga mos bo‘lishga harakat qilishdi va Grey «Everton»ning so‘nggi oydagi ilk goliga mualliflik qildi. Ammo intriga uzoq saqlanib qolmadi — Saloh navbatdagi soloni namoyish etdi. Diogu Jotaning o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasi esa prinsipial raqibning kamsitilishiga aylandi. «Liverpul» g‘alaba qozonib, Angliyada abadiy qoladigandek ko‘ringan ikki rekordni yangiladi.

Qizillar qatorasiga 18 o‘yindan buyon kamida ikki gol urib g‘alaba qozonmoqda, bu orqali «Sanderlend»ning 1926/27 yillar mavsumidagi natijasi yaxshilandi. Xuddi shunday ko‘rsatkich safardagi qatorasiga 14 o‘yinda qayd etildi va bu borada «Preston»ning 1888/89 yillar mavsumdagi rekordi yangilandi.

Italiya: «Milan» «Napoli»ga deyarli yetib oldi

«Jyenoa» — «Milan» — 0:3 (Ibrahimovich, 10. Junior Messias, 45+1, 61)

Har qanday qoidada istisno holatlar bo‘ladi, shu tufayli chempionatning 18- va 2-o‘rinlaridagi jamoalar to‘qnashuvi diqqat markaziga tushdi. Bu oqshomda Andrey Shevchenko murabbiy sifatida o‘zining sobiq jamoasini mehmon qildi. Rossonerilar afsonasiga taqvim juda yomon keldi, o‘tgan dam olish kunlarida Italiyadagi murabbiylik faoliyatini «Roma»ga qarshi o‘yin bilan boshlagan mutaxassis navbatdagi turda «Yuventus» mehmoni bo‘ladi.

Hafta o‘rtasidagi turda esa «grifonlar» Milan klubini qabul qildi va jamoaga raqib tarkibidagi muammolar ham yordam bera oladi. Bu o‘yinda milanliklar yetakchilaridan biri Ker maydonni zambilda tark etishga majbur bo‘ldi. Bu yo‘qotishdan besh daqiqa o‘tib Ibrahimovich jarima zarbasini a'lo darajada ijro etdi, darvozabon «to‘qqizlik» tomon uchgan to‘pga tomoshabin bo‘lishdan o‘zga chora topolmadi. Yoshi o‘ttizdan o‘tganda yulduzga aylanayotgan Junior Messias esa bu o‘yinda dublni nishonlab, yirik hisobdagi g‘alabani ta'minladi.

«Inter» — «Spetsiya» — 2:0 (Galyardini, 36. Martines, 58, penaltidan)

«Bolonya» — «Roma» — 1:0 (Svanberg, 35)

Amaldagi chempionlar ortiqcha kuch sarflamasdan uch ochkoni qo‘lga kiritdi, lekin o‘yindagi gollar chiroyli urildi. Hisobni ochgan Galyardinining yakunlovchi zarbasidan ham ko‘ra Lautaro Martinesning tovon bilan uzatgan pasini e'tirof etmoq kerak. Umuman, «Inter» uchun barchasi xotirjam kechdi, argentinalik forvardning o‘zi ham ikkinchi bo‘limda penaltini aniq ijro etdi, «neradzurri» Simone Indzagi boshqaruvi davrida ilk bor uch g‘alabadan iborat seriya qayd etdi.

Bolonyada esa «Roma» jiddiy qiyinchilikka uchradi, lekin bu o‘yinda mezbonlarda ham muammolar bor edi. Debyutdayoq Sinisha Mixaylovich zarbdor forvardi Arnautovichdan ayrildi va Svanberg ham to‘qnashuvda kichik jarohat oldi. Ammo shved futbolchi tezda o‘ziga keldi va keyinroq aylanma zarbasi bilan hisobni ochdi.

«Roma»da esa hech kimda, shu jumladan ikkinchi bo‘lim boshida Al-Sha'roviy jarohat olgach, uning o‘rniga maydonga tushgan Shomurodovda ham darvozani ishg‘ol etish imkoniyati yuzaga kelmadi. Mehmonlar safidagi eng faol futbolchi Mxitaryan bo‘ldi, ammo uning zarbalari darvozabon tomonidan qaytarildi, armanistonlik futbolchi raqib jarima maydoni ichida yiqitilganida esa, arbitr qo‘yilgan penaltini ofsayd tufayli bekor qildi.

«Sassuolo» — «Napoli» — 2:2 (Skamakka, 71. Ferrari, 89 — Fabian Ruis, 51. Mertens, 59)

Chempionat peshqadami bu mavsumda favoritlardan ochko tortib olish bilan mashg‘ul bo‘layotgan «Sassuolo» mehmoni bo‘ldi. Oktabr oyida «Yuventus» ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin qora-yashillar bir oy mobaynida g‘alaba nimaligini bilmadi, ammo keyin ularning yo‘lidan «Milan» chiqdi va bu jamoaning mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham berildi. «Napoli» ikkinchi bo‘lim boshida ikki gol urganida mezbonlar o‘z an'anasini davom ettirishiga ko‘pchilik ishonmayotgandi.

Dastlab Skamakka himoyachilar qurshovida turgan holda to‘pni ko‘kragi bilan to‘xtatdi va uni darvoza to‘sini ostidan to‘rga joyladi, o‘yinning asosiy vaqti tugashiga bir daqiqa qolganida Ferrari Berardi uzatmasidan foydalanib, hisobni tenglashtirdi. «Sassuolo» g‘alabani ilib ketishi ham mumkin edi, ammo uchinchi gol VAR aralashuvi tufayli bekor qilindi, arbitr hujum boshlanishida qilingan folni o‘tkazib yuborgandi.

Alessio Dionizi jamoasi bir necha kun farqi bilan chempionat yetakchilarini besh ochkodan mahrum etdi, endi «Napoli» va «Milan»ni turnir jadvalida atigi bir ochko ajratib turibdi.

Ispaniya: Madrid saviya evaziga ustun keldi

«Real» — «Atletik» — 1:0 (Benzema, 40)

Ispaniyadagi ko‘pchilik jamoalar kubok turnirida chigalyozdi o‘yinlarini o‘tkazayotgan vaqtda, qaymoqranglilar la ligada qoldirilgan o‘yinlar siklini boshlab berdi - bu o‘yin ko‘plab janubiy amerikalik futbolchilar JCh-2022 saralashiga jo‘nab ketishi munosabati bilan qoldirilgan tur o‘yinlaridan biri edi. «Real» shunday o‘ynadiki, jamoa bir necha kun oldin «Sevilya»ga qarshi qiyin o‘yin o‘tkazganiga ishonish qiyin edi.

Karlo Anchelotti jamoasi bu safar ilk daqiqalardanoq hujumlar uyushtirdi, shu bilan birga bu safar ham jamoa himoyasi ideal o‘yin ko‘rsatmadi va Kurtua yana supermen rejimini yoqishiga to‘g‘ri keldi. Benzema esa har o‘yinda supermen va bu safar mavsumdagi 12-golini urdi. O‘tgan mavsumda — bu ham juda yorqin o‘tgandi — fransuzdan bu natijaga erishish uchun 23 o‘yinda maydonga tushish talab etilgandi, bu safar esa 15 o‘yin yetarli bo‘ldi.

Endilikda eng yaqin ta'qibchisidan yetti ochkoga o‘zib ketgan «Real»da Benzemadan tashqari Vinisius Junior, Modrich va Kurtua ham juda kuchli o‘ynamoqda. Ammo madridliklarga hozircha jamoaviy o‘yin yetishmayapti. Chorshanba oqshomidagi o‘yinda «Atletik» o‘yinni butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan pallalar ham bo‘ldi.

Fransiya: «Oltin to‘p» bilan, ammo g‘alabasiz

«PSJ» — «Nitssa» — 0:0

Fransiyada turning markaziy o‘yini oldidan «Park de Prens»da o‘rnatilgan fasadda «Parij — oltin shahar» yozuvi aks etdi, unda shuningdek yettinchi marta «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan Messi va yilning eng yaxshi darvozabon deb topilgan Donnarummaning suratlari ham bor edi.

Muxlislarga o‘z sovrinini namoyish etgan argentinalik futbolchiga yana bir sabab tufayli e'tibor yanada kuchaydi - u jamoa hujum chizig‘idagi sherigi Neymar jarohat olgan vaqtda o‘zini qanday ko‘rsatadi. Braziliyalik futbolchi ikki oygacha safga qaytmasligi mumkin, u yo‘qligida Maurisio Pochettino uch markaziy yarimhimoyachi bilan o‘ynashga qaror qildi.

Bu oqshomda esa parijliklar ligada uchinchi o‘rinda borayotgan «Nitssa» himoyasini yorib o‘ta olmadi. Messining pasidan keyin Mbappedan to‘pni shunchaki darvozaga kiritib yuborish talab etilardi, ammo fransuz futbolchisi qulay pozitsiyada turib aniq zarba berolmadi. Ammo mehmonlar faqat shuning evaziga poytaxtdan 1 ochko bilan qaytishmadi. Ularning o‘zida ham bir necha qulay vaziyatlar bo‘ldi, Dolbergning vaziyatida gol urmaslikning o‘zi qiyin ish edi. Bu o‘yinda yaqqol ajralib turgan jihat Kristof Galtening murabbiylik ishlanmalari bo‘ldi, u o‘tgan mavsumda Parijning gegemonligiga chek qo‘ygan holda «Lill»ni chempionlikka yetaklab borgandi.

Statistika

  • «Feyyenoord» hisobda ortda borayotgan o‘yinlarda iroda ko‘rsatish orqali jami 10 ochko to‘pladi.
  • «Brest» o‘z tarixida ilk bor Liga 1 o‘yinlarida qatorasiga besh g‘alabaga erishdi.
  • «Monako» safida 49 yil ichida ilk bor niderlandiyalik futbolchi gol urdi, «Anjye»ga qarshi o‘yinda Boaud yarim asr muqaddam Rud Sorendonk qilgan ishni takrorlay oldi.
  • Brendan Rodjyers «Lester» bosh murabbiyligida APLdagi 100-o‘yinini o‘tkazdi.
  • Xosep Gvardiola APL o‘yinlarida 150-g‘alabasiga erishdi, u bu natijaga rekord darajada tez yetib keldi — 204 o‘yin.
Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid