Business class | 20:30 / 04.12.2021
378958
5 daqiqa o‘qiladi

30 yillik o‘zbek brendi – Ermak'ka ichkaridan nazar

“Biznes-klass” muvaffaqiyatli tadbirkorlar olamiga sayohatlarini davom ettiradi. Navbatdagi manzilimiz – qariyb 30 yillik tarixga ega, pista va qurut mahsulotlarini birinchilardan bo‘lib fabrika sharoitida tayyorlay boshlagan Ermak kompaniyasi.

Ermak – kungaboqar urug‘i, xandon pista, qurut, quruq mevalar, teshikkulchalar va shirin kulchalar ishlab chiqaruvchi kompaniya. Brend nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlari, AQSh va Isroil bozorlarigacha rasman kirib borgan.

Biz suratga olish jarayonida pista va quruq mevalarni qadoqlovchi, qurut tayyorlovchi sexlarda va bosh ofisda mehmon bo‘ldik, korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Kompaniya rahbarlari uskunalarning ishlash tizimi, xomashyoning tayyor holatga kelguniga qadar bosib o‘tishi kerak bo‘lgan bosqichlari haqida birma-bir so‘zlab berishdi. Ermak brendi ostidagi qurut, pista yo boshqa mahsulotlarni kunda-kunora iste’mol qilardig-u, ammo uning tayyorlanish vaqtida ko‘plab chig‘iriqlardan o‘tishi hech xayolimizga kelmagan ekan.

Quruq mevalar bo‘limida hafta kunlari mahsulot turlariga qarab bo‘lingan: bir kun yeryong‘oq, boshqa kun xandon pista qadoqlanadi. Kungaboqar tayyorlash bo‘limida ham ish deyarli to‘xtamas ekan: uskunalar tun-u kun yuvish, tozalash, qadoqlashdan bo‘shamaydi.

Kompaniya ish boshqaruvchisi Zafar Solihovning aytishicha, mahsulotlarning tabiiy va foydali bo‘lishi – eng muhim qoida.

“O‘tgan yillar davomida ishlab chiqarishni juda katta hajmga olib chiqish mumkin edi. Filiallar, sexlarni o‘n barobar ko‘paytirish imkoni bor edi. Lekin bunda sifatni ushlab turuvchi “ximikat”lardan foydalanishga to‘g‘ri kelib qoladi va asosiy bosh shiorimizdan chetga o‘tib qolishga majbur bo‘linar edi. Shuning uchun nisbatan kichikroq hajmda bo‘lsa ham, foydali mahsulot tayyorlash yo‘li tanlangan”, – dedi tadbirkor.

Ermak asoschisi Valijon bobo Salixov ham kompaniyaning asosiy qadriyati haqida gapirdi.

“Tabiiy mahsulotni tabiiy holatda uzoq muddat saqlab turish – bu muammo. Yegulikning sog‘liq uchun foydali bo‘lishi biz uchun juda muhim. Ishlab chiqarilgan va qadoqlangan Ermak qurutini ertaga yosh bolalar iste’mol qilishini biz yaxshi tushunamiz. Ehtimol, bu mening o‘g‘lim yoki nevaram bo‘lishi mumkin. Aynan shu tufayli men va kompaniyamizning har bir xodimi mahsulot ishlab chiqarishda o‘zimiz, o‘z bolalarimiz to‘g‘risida o‘ylaymiz”, – deydi u.

Valijon Boboning so‘zlariga ko‘ra, 1992 yilda tashkil etilgan korxona binosi o‘sha davrlarda 30 ming kuponga sotib olingan.

“Sovet davrida biznes boshlash haqida o‘ylash ham imkonsiz edi. Mustaqillikdan keyin bunga sharoit paydo bo‘ldi. Uch kishi bilan ish boshlaganmiz. Avvaliga sotuv bilan shug‘ullandik, keyin esa pista-qurut tayyorlashga o‘tdik. Ham yuk tashuvchi, ham qadoqlovchi, ham tozalovchi asosiy mas’uliyatni o‘zim bajarganman. Bir hisobchi va ishchi yordamlashib turishgan. Shu uch kishidan hozir 300 kishiga yaqin katta bir oilaga aylanganmiz”, – deya hikoya qiladi tajribali tadbirkor.

Tashrifimizning eng qiziq nuqtasi xodimlar bilan uchrashuv jarayoni bo‘ldi. Qadoqlovchi opalar kompaniyada 10-20 yillardan beri ishlab kelishayotganini, jamoa nihoyatda ahil, boshliqlarning chiroyli munosabatda ekaniga alohida to‘xtalishdi.

“Bu yerda ishlab uch qizni uzatdim. Xudoga shukr, ish joyimdan, oylik maoshimdan juda mamnunman. Hamkasabalar bilan bir oiladek bo‘lib ketganmiz. Ish vaqti 8:00dan 17:00gacha. Ba’zida yumushlar, buyurtmalar biroz ko‘payib, ustama evaziga qo‘shimcha ishlab berishni taklif qilishgan vaqtlar ham bo‘lib turadi”, – deydi Ma’suda Agzamova.

Agar Ermak sizning ham sevimli brendlaringiz qatorida bo‘lsa va kompaniya faoliyatini ichkaridan his qilishni istasangiz, ko‘rsatuvni albatta ko‘ring. Buning uchun ham yana boshqa rag‘batlantirish ham bor:

Ermak kompaniyasi “Biznes-klass” tomoshabinlari uchun maxsus yutuqlar taklif etadi. YouTube'dagi video ostiga qoldirilgan eng qiziqarli 10ta izoh muallifiga Ermak'dan sara mahsulotlar bilan to‘la savatchalar hadya etiladi.

Muallif – Eldor Vohidov.
Tasvirchi va montaj ustasi – Mahmud Soliyev.

Mavzuga oid