O‘zbekiston | 17:10 / 04.12.2021
26685
5 daqiqa o‘qiladi

Zamonaviy, tartibli va juda sovuq – O‘zbekiston prezidentini kutayotgan Nur-Sulton Kun.uz nigohida

Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahri joriy yilning 5-6 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga mezbonlik qiladi. Ayni paytda shaharda bu tashrifga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Foto: Kun.uz

Ko‘pchilik Nur-Sultonning bugungi zamonaviy qiyofasini bir jihat – shahar yangidan qurilgani bilan bog‘laydi. Ya’ni Qozog‘iston poytaxti yaydoq dalada barpo etilgan shahar, degan yanglish tushuncha mavjud. Aslida Nur-Sulton anchagina qadimiy tarixga ega, hatto shahar maqomini 1862 yildayoq qo‘lga kiritishga ulgurgan.

1997 yildan buyon Qozog‘iston poytaxti hisoblangan Nur-Sulton shu paytgacha to‘rtta nomga ega bo‘lgan. Akmolinsk, Tselinograd, Akmola, Astana kabi nomlarning barchasi ayni shu shaharga tegishli.

1997 yilga qadar aholisi 280 ming kishi atrofida bo‘lgan va muntazam ko‘payib borayotgan Nur-Sultonda bugungi kunda 1,2 mln atrofida odam doimiy istiqomat qiladi. Aholi shiddat bilan o‘sishi ikki raqamda ko‘rinadi – 24 yilda aholi soni 4 karradan ko‘proq oshgan bo‘lsa, so‘nggi 4 yilning o‘zidayoq 20 foizga ko‘paygan. Nur-Sulton 2017 yilning iyun oyida rasman “Millioner shahar” maqomini olgan va bu borada Qozog‘istonning Olmaotadan keyingi ikkinchi shahriga aylangan.

Lekin Nur-Sultonni yangi shahar deb atovchilar ham ma’lum ma’noda haq. Shaharning markaziy qismida birorta eski bino yoki uyga ko‘zingiz tushmaydi. Osmono‘par binolar soni va balandligi jihatidan Nur-Sulton Dubayning ortidan quvib ketayotganga o‘xshaydi.

Shaharga qadam bosishingiz bilan O‘zbekistonda tasavvur qilib bo‘lmaydigan izg‘iringa duch kelinadi. Umuman Nur-Sultonni uchta so‘z bilan ta’riflash mumkin – zamonaviy, tartibli va juda sovuq.

Zamonaviyligi shahar yangidan barpo etilgani bilan bevosita bog‘liq. Ya’ni butun poytaxt qachondir tasdiqlangan bosh rejaga izchil amal qilib borayotgani, har bir qurilgan bino umumiy kompozitsiyaga qo‘shimcha bezak tarzida paydo bo‘layotganini his qilish mumkin. Osmono‘par binolarning hech biri ikkinchisini takrorlamaydi. Albatta, egizak binolar ham bor, ammo ular shunday rejalashtirilgani aniq. Nafaqat baland binolar, balki ko‘p qavatli uylarda ham alohida yondashuv, o‘ziga xos yorqin ranglar ko‘zga tashlanadi.

Tartibli jihati dastlab tozaligida ko‘rinadi. Ayni paytda Nur-Sultonda bir qarich qor bor. Lekin muzlamalar tinimsiz tozalanib turiladi, qorlar olib chiqib ketiladi. Umuman, poytaxt tozalash tizimi shu qadar uzluksiz va mukammal ishlaydiki, biror joyda chiqindi to‘planib yotganiga ko‘zingiz tushmaydi. Bu o‘rinda aholi madaniyatining ham yuqoriligini ta’kidlash shart.

Alohida jihat – yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish. Qozoqlar qachon bu qadar tartibli bo‘lishga ulgurdi, bunisi katta savol. Biror joyda signal ovozi, asabiy haydovchilar so‘kinishi, katta tezlikda ketayotgan mashinalarning chiyillagan tovushi eshitilmasligiga hayratlanmay iloj yo‘q. Mana shu nuqtada barcha yirik shaharlarimizda, nainki shaharlar, harakat u qadar tig‘iz bo‘lmagan tumanlarimizda ham bu borada qilinadigan ishlar ko‘pligi ko‘zga tashlanadi. Tartib bilan, qoidani buzmay ham manzilga yetish mumkinligini Nur-Sulton haydovchilaridan o‘rgansa arziydi.

Sovuqligi tabiiy. Nur-Sultonda ayni paytda havo harorati kunduzi 5 darajagacha, kechasi 15 darajagacha sovuq. O‘zbekistondan kelgan mehmonlar bu sovuqdan hayratlanishini mezbonlar yanada kuchaytirib yubordilar: “Bu yaqin yillardagi eng issiq qish, oldinlari bu payt kamida 20 darajagacha sovuq bo‘lardi”, – dedi ulardan biri. Umuman, Qozog‘iston poytaxtida yozda +50, qishda -50 qayd qilinishi bilan kimnidir hayron qoldirish qiyin.

Poytaxtning iqlimi mo‘’tadil, o‘zi yam-yashil va katta shahar bo‘lgan Olmaotadan 1300 km uzoqlikdagi sovuq, chang-to‘zonlarga ko‘milgan bu shaharchaga ko‘chirilishi ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘lgan. Tanqid qilishgan, ko‘chib kelishni istashmagan, baribir ertami-kechmi poytaxt o‘z o‘rniga qaytishiga ishonilgan. Ammo inson irodasi (aniqrog‘i bir odam qat’iyati) bilan bu reja amalga oshdi – bugun hech kim Qozog‘iston poytaxti deyilganda Nur-Sultondan o‘zga shaharni tasavvur qila olmaydigan darajaga keldi. Shundan keyin boshqa hududlardan, hatto Olmaotaning o‘zidan ham odamlar oqib kela boshladi. Bugungi kunda dinamik rivojlanayotgan Nur-Sulton aholisining uchdan birigina tub aholi hisoblanadi.

Nur-Sulton O‘zbekiston prezidenti tashrifiga katta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Barcha mehmonxonalar to‘la, tashrifgacha turli tadbirlar, muzokaralar, forumlar o‘tkazilyapti. Bu tashrif ham ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa bo‘lishiga ishonilmoqda.

Abror Zohidov, Toshkent – Nur-Sulton

Mavzuga oid