Sport | 15:33 / 06.12.2021
14917
29 daqiqa o‘qiladi

«MYu»da yangi davr boshlandi - «Kuchli beshlik»da hafta o‘yinlari

Dam olish kunlarida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar.

Foto: JAN KRUGER/GETTY IMAGES

Oson bo‘lmadi, ammo baribir «Kristal Pelas» taslim etildi.

Manchester Yunayted – Kristal Pelas 1:0
Gol: 1:0 – 77 Fred.
Manchester Yunayted – De Xea, Diogu Dalot, Maguayr, Lindelef, Telles, Fred, Brunu Fernandesh (van de Bek, 86), Maktomini, Sancho (Grinvud, 62), Ronaldu, Reshford (Elanga, 76).
Kristal Pelas – Guaita, Klayn, Tomkins, Gexi, Mitchell, Shlupp, Kuyate (Eze, 84), Gallaher, Ayyu (Olise, 84), Zaha, Benteke (Eduar, 67).

5 dekabr kuni Ralf Rangnik nihoyat «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi sifatida debyut uchrashuvini o‘tkazdi. «Qizil iblislar» «Kristal Pelas»ni qabul qildi.

Germaniyalik mutaxassisdan «Yunayted»da ko‘p narsa kutishmoqda. Mavsum oxirigacha jamoa boshqa bir murabbiy bilan to‘laqonli shartnomaga kelishsa ham, Rangnik yana ikki mavsum davomida klubda maslahatchi sifatida qoladi.

«Men jamoaning hozirgi darajasini qabul qilishim kerak. «Manchester Yunayted» futbolchilari buni anglash uchun yetarlicha tajribali va aqlli. Men ikki, uch yoki to‘rt haftada futbolchilarning hozirgi holatidan kuchli pressing qiluvchi mashina yarata olmayman. Tarkibdagi futbolchilarning imkoniyatlariga qarash kerak. Men ulardan qilishga odatlanmagan ishlarini talab qila olmayman. Mening futbolim — albatta vals tushish emas! Men Yurgen Kloppning g‘oyalaridan unchalik uzoqda emasman. Buni yashirmayman», — dedi Rangnik ilk matbuot anjumanida.

«Kristal Pelas»ga qarshi o‘yinda 63 yoshli mutaxassisdan kamida natija ko‘rsatish talab etilardi. Patrik Viyeyr shogirdlari bu mavsumda top darajadagi raqiblarni ranjitishga ulgurgan. Masalan, «burgutlar» Nunu Eshpiritu Santu davridagi «Tottenhem»ni yirik hisobda taslim etishgan (3:0) va Manchesterdagi boshqa stadionda «Siti»ni 2:0 hisobida yengishgan.

Birinchi bo‘lim Rangnik o‘z jamoasi pressing qila olmasligi haqida yanglish fikrda ekanini ko‘rsatdi. «Manchester Yunayted» mehmonlarga o‘z hududiga kirishga deyarli yo‘l bermadi va aksar holatlarda to‘p yo‘qotilishi bilan qaytarib olindi. Shu bilan birga, «Kristal Pelas» yaxshi himoyalandi. Himoyachilar Krishtianu Ronaldu tomon uzatmalarni o‘tkazishmadi, portugaliyalik futbolchi baribir to‘pni qabul qilgan hollarda uning zarbalari yo‘lini to‘sishdi. Ronalduning terma jamoadagi sheriklari yaxshi vaziyatlarga ega bo‘ldi, ammo 26-daqiqada Brunu Fernandeshning zarbasi yetarlicha kuchli bormadi, Diogu Dalot esa tanaffus arafasida Visente Guaita qo‘riqlayotgan darvoza «to‘qqizligi»ni nishonga olishda biroz adashdi.

O‘yinning ikkinchi yarmida londonliklar biroz boshni ko‘tarish va maydon markazidan o‘tishga muvaffaq bo‘lishdi. «Manchester Yunayted» imkon berdi, «Pelas» o‘yinni kuchaytirdi yoki barchasi bir vaqtda ro‘y berdi, ammo Guaita deyarli ishsiz o‘tirdi. Aleks Tellesning 69-daqiqada jarima nuqtasidan bergan zarbasi to‘singa tegdi. «Burgutlar» javob qaytarib, Davida De Xea darvozasi oldida yuz foizlik imkoniyat yaratishdi. 75-daqiqada Jyeyms Tomkins raqib jarima maydonida ikkinchi qavatda to‘p uchun kurashda ustun kelib, to‘pni Jordan Ayyuning oyog‘iga tashlab berdi. Ganalik futbolchi darvozabon hududi atrofidan uzoq burchak tomon zarba berdi, ammo to‘p biroz xato ketdi. «Pelas»ning boshqa ikki futbolchici to‘pga tashlanib, uni kerakli yo‘nalishga burib yuborolmadi.

Mehmonlar bu vaziyat yo‘qqa chiqarilgani uchun tezda jazolanishdi. Kombinatsion o‘yin «MYu»ga London klubining jarima maydoniga yorib kirishga imkon bermadi, shu tufayli uzun uzatmalar amalga oshirila boshlandi. O‘tgan turda «Arsenal»ga qarshi o‘yinda xatosini yuvgan holda g‘alabaga katta hissa qo‘shgan Fred yana katta sahnaga chiqdi. Ushbu yarimhimoyachi o‘ziga xos bo‘lmagan holda o‘ng oyoqda zarba berib «Kristal Pelas» darvozasining chap «to‘qqizligi»ni aniq nishonga oldi — bu vaziyatda Guaitada to‘pni qaytarish uchun hech qanday imkon yo‘q edi.

Rangnik boshchiligidagi ilk g‘alaba «qizil iblislar»ni APL turnir jadvalida oltinchi o‘ringa olib chiqdi (yettinchi o‘ringa tushib qolgan «Arsenal» tur uchrashuvini bugun «Everton»ga qarshi o‘tkazadi). Rangnikning o‘zi esa Angliya chempionatida debyutida g‘olib bo‘lgan ilk germaniyalik mutaxassis bo‘ldi. Hatto Tomas Tuxel va Yurgen Klopp ham (bu ro‘yxatda Magat, Zivert va Farke ham bor) bunga erisha olmagandi.

8 dekabr kuni «Manchester Yunayted» Chempionlar ligasining so‘nggi turida «Yang Boyz»ni qabul qiladi.

«Vest Hem» — «Chelsi» — 3:2 (Lansini, 40, penaltidan. Bouen, 56. Masuaku, 87 — Tiagu Silva, 28. Maunt, 44)

O‘tgan turda «Uotford» ustidan qozonilgan g‘alabaga qaramay Tomas Tuxel «Chelsi»ning o‘yinidan qoniqish hosil qilmagandi. Germaniyalik mutaxassisda London derbisidan keyin ham shogirdlariga savollar bo‘lishi tayin, ko‘klar bu o‘yinning ilk daqiqalaridan maydonda ustunlik qilgan va burchak zarbasidan keyin hisobni ochgan bo‘lishsa-da, himoyada ishonchli o‘yin ko‘rsata olishmadi. Natijada Jorjinoning o‘z jamoasi darvozasi tomon muvaffaqiyatsiz uzatmasi Mendini fol qilishga va penalti qo‘yilishiga olib keldi.

Maunt «Chelsi»ni hisobda oldinga olib chiqqani aldamchi taassurot bo‘lib chiqdi. Bu gol jamoa himoyasidagi kamchiliklarni yopa olmasdi, mezbonlar safida eng faol o‘yin ko‘rsatgan Bouen dubl qayd etishi ham mumkin edi (penaltini ham aynan u ishlagandi), ammo u Antonioning uzatmasidan keyin to‘pni darvoza burchagiga to‘g‘rilab yubora olmadi. Lekin bu kun «Chelsi» futbolchilari uchun emasdi, jamoa mavsumda ilk marta bir o‘yinda bittadan ortiq gol o‘tkazib yubordi, ayniqsa Mendi ishonchsiz o‘yin ko‘rsatdi.

Na darvozabon, na APLda 96-o‘yinida ilk golini urgan Masuaku qanotdan berilgan uzatma darvoza to‘rining yaqin burchagiga borib tushishini kutgandi. Mehmonlarga jarohatdan tuzalib qaytgan va Haverts jarohat olgani tufayli to‘liq bir bo‘lim o‘ynash imkoniga ega bo‘lgan Lukaku ham yordam berolmadi. Sensatsion mag‘lubiyat natijasida «Chelsi» chempionat peshqadamligini boy berdi, bu turdagi o‘yinlarini keyinroq o‘tkazgan raqobatchilar oldinga o‘tib ketishdi.

«Vulverhempton» — «Liverpul» — 0:1 (Origi, 90+4)

Yurgen Klopp o‘yindan oldin har doimgidek xushchaqchaq edi, jonli efirda shamol uning ortidagi reklama bannerini ag‘darib yuborganida hazil ham qilishga ulgurdi. Ammo maydon «Liverpul»ni u qadar yaxshi qarshilamadi, birinchi bo‘lim yakunigacha mehmonlar birorta aniq zarba bera olmadi.

Tanaffusdan keyin esa o‘z tug‘ilgan kunida (25 yosh) APLda yuzinchi o‘yinini o‘tkazgan Diogu Jota mavsumning eng kulgili vaziyatlari hit-paradiga kiradigan epizod qahramoniga aylandi. «Bo‘rilar» darvozaboni Joze Sa to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ygach, portugaliyalik forvard to‘p bilan darvoza qarshisiga bordi, ammo u to‘pni darvoza chizig‘ida turgan Koadiga qarata tepdi. Balki Jota sobiq jamoasi «Vulverhempton» rahbariyatiga kuchli zarbasi bilan nimanidir isbotlamoqchi bo‘lgandir, ammo u to‘pni shunday kuch bilan tepgani xato bo‘lib chiqdi.

Shundan keyin ham mersisaydliklar qator vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi va barcha «Liverpul» bu kecha gol ura olmasligiga amin bo‘layozgandi. Ammo Kloppda doim qiyin pallalarda yordamga keluvchi sehrli tayoqcha bor. Origi juda kam maydonga tushadi, ammo u so‘nggi daqiqalarda muhim gollar urish qobiliyatiga ega. Qolaversa, unga a'lo darajada to‘p yetkazib beruvchi Saloh bor, bunday uzatmalardan foydalanmaslikning imkoni yo‘q. Misrlik futbolchi nafaqat g‘alaba golini uyushtirdi, balki o‘z yubileyini ham rasmiylashtirdi, u APL o‘yinlarida gol va paslar bo‘yicha 150 ball (108+42) to‘plab ulgurdi.

«Uotford» — «Manchester Siti» — 1:3 (Ernandes, 74 — Sterling, 4. Bernardu Silva, 31, 63)

«Liverpul» bir muddat peshqadamlik qilib turgach, turnir jadvalining yuqori o‘rniga amaldagi chempion qaytdi, «shaharliklar» navbatdagi o‘yinda qiyinchiliksiz g‘alaba qozondi va mavsum boshidan buyon ilk bor birinchi o‘ringa chiqdi. Uotfordga Klaudio Raneri kelgach, «Everton» va «MYu» kabi jamoalar yirik hisoblarda mag‘lub etildi, so‘nggi turlarda «Lester» (2:4) va «Chelsi»ga (1:2) jang taklif etildi. Ammo «Siti»ga bunday nomer o‘tmadi. Qolaversa, Xosep Gvardiola uchun «qovog‘arilar» — Angliyadagi eng qulay raqiblardan biridir. Agar barcha turnirlar hisobga olinsa, «Siti» «Uotford»ni qatorasiga 10 o‘yinda mag‘lubiyatga uchratgan (to‘plar nisbati 42-4). O‘yinning bezagi — Bernardu Silvaning «to‘qqizlik»ka yo‘llangan kuchli zarbasi bo‘ldi, yana asosiy tarkibning almashtirib bo‘lmas futbolchisiga aylanayotgan Sterling esa APLdagi gollari sonini 100taga yetkazish arafasida.

Ispaniya: «Real» Benzemani yo‘qotdi, Xavida ilk mag‘lubiyat

Foto: ERIC ALONSO/GETTY IMAGES

«Real Sosedad» — «Real» — 0:2 (Vinisius Junior, 47. Yovich, 56)

Yaqin vaqtgacha chempionatda peshqadamlik qilib kelgan «Real Sosedad» yangi peshqadamni qabul qildi. San-Sebastyanda turning markaziy uchrashuvi o‘tkazilishi ayon edi, ammo bu o‘yin boshidayoq Benzema bilan yoqimsiz holat ro‘y berdi. La liganing eng yaxshi futbolchisi va to‘purari bo‘lib turgan fransuz o‘zini almashtirishlarini so‘radi va Karlo Anchelotti jamoasi kuchsizlandi. Yovich — uning o‘rnini bosa olishi biroz shubhali edi.

Shundan keyin jamoa Vinisius Juniorning jasorat ko‘rsatishidan umid qilishi mumkin edi va braziliyalik futbolchi uyaltirib qo‘ymadi, u ikkinchi bo‘lim boshida hisobni ochib, chempionatdagi gollari sonini 10taga yetkazdi. Yovich esa bu vaziyatda tanasi bilan to‘pni yashirgan holda Benzema uslubida pas berib, tanqidchilariga javob qaytardi. Serbiyalik hujumchi jarima maydoni markazida turib, xato zarba bergan holda o‘zining ilk golli imkoniyatidan foydalana olmagan bo‘lsa-da, bir necha daqiqa o‘tgach, burchakdan to‘p uzatilgan vaziyatda Kazemiro tashlab bergan to‘pni darvozaga yo‘lladi. Madrid oradagi farqni oshirmoqda, basklar esa Chempionlar ligasi kvartetidan tushib qoldi.

«Barselona» — «Betis» — 0:1 (Xuanmi, 79)

So‘nggi yillarda bu raqiblarning o‘zaro o‘yinlarida haddan tashqari ko‘p gol urilgan — 31 o‘yinda 140 gol. Bir o‘yinga o‘rtacha 4,5tadan gol to‘g‘ri keladi. Ammo bu safar «Barsa»ga ijodkor futbolchilar yetishmadi. Xavi Frenki de Yongni YeChLda «Bavariya»ga qarshi o‘yin uchun asrashga qaror qildi. O‘yin arafasida «Kamp Nou»da ayol futbolchilar uchun «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan Aleksiya Putelyas bilan birga 2021 yilning eng yaxshi yosh futbolchisi uchun berilgan sovrinini namoyish etgan Pedri esa hamon o‘ynashga tayyor emas. Jamoadagi boshqa bir vunderkind — Gavi esa birinchi bo‘lim o‘rtalaridayoq maydonni shifokorlar ko‘magida tark etishga majbur bo‘ldi.

Xavi boshqaruvidagi «Barselona» hali yangi murabbiy futboliga endi o‘rganmoqda, «Betis» esa Manuel Pellegrinining g‘oyalarini allaqachon o‘zlashtirgan. Seviliyaliklar o‘zlari nima istashini va bunga qanday erishish mumkinligini aniq bilishadi. Mehmonlar hal qiluvchi hujumni namunali ravishda «3ga 3» holatida tashkil etishdi, Xuanmi shunday pozitsiyaga chiqib bordiki, u xuddi mashg‘ulotlar vaqtidagi kabi osonlik bilan gol urdi.

2008 yildan buyon «Barsa»ga qarshi o‘yinlarda g‘alabaga erishmagan Pellegrini uchun bu ideal o‘yinlardan biri bo‘ldi. O‘shanda chililik mutaxassis «Vilyarreal»da ishlar, shundan keyin uning boshqaruvidagi jamoalar kataloniyaliklarga qarshi o‘yinlarda 16 bor mag‘lub bo‘lib, ikki bor durang o‘ynadi. Hozir esa vaziyat butunlay boshqacha. «Betis» bu g‘alaba evaziga uchinchi o‘ringa ko‘tarildi, Xavi boshqaruvga kelgach ilk bor mag‘lubiyatga uchragan ko‘k-anorranglilar esa hamon yevrokuboklar hududidan tashqarida.

«Sevilya» — «Vilyarreal» — 1:0 (Okampos, 16)

«Atletiko» — «Malorka» — 1:2 (Mateus Kunya, 68 — Russo, 80. Kubo, 90+1)

La ligada tur o‘yinlari «Sevilya»ning sobiq bosh murabbiyi Unai Emerining hozirgi jamoasi ustidan g‘alabasi bilan boshlangandi. «Sariq submarinalar» turnir jadvalining ikkinchi qismidan chiqa olishmayapti va bir oydan buyon la ligada g‘alabaga erishmadi (=1-3). Bu esa jamoani bosim ostida qoldirmoqda va «Vilyarreal»ning eng yaxshi to‘purari Jyerar Moreno esa bu o‘yinda uddalab bo‘lmas ishni qildi - bir metr masofadan turib bo‘sh darvozani ishg‘ol etolmadi. Yuqori sport formasiga chiqayotgan Okampos esa hal qiluvchi pallada xato qilmadi va «Ramon Sanches Pisxuan»da qatorasiga uchinchi o‘yinda gol urdi.

Andalusiyaliklar ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi, chunki «Atletiko» «Real»ning asosiy ta'qibchisiga aylanib olish imkoniyatini qo‘ldan chiqardi. «Matraschilar» odatda raqibga o‘z qo‘lidagi g‘alabani berib qo‘ymaydi, ammo Mateus Kunyaning katta qiyinchiliklar bilan urgan goli g‘alaba goli bo‘la olmadi. Madrid klubi tarixida eng uzoq vaqt davomida birinchi raqamli posbon bo‘lib kelayotgan Oblakning kayfiyatini (244 o‘yin) mehmonlarning markaziy himoyachisi Russo yo‘qqa chiqardi. Ammo bu hali hammasi emasdi va o‘yin oxirida Diyego Simeone shogirdlari qulay vaziyatni yo‘qqa chiqardi, transfer huquqi «Real»ga tegishli bo‘lgan yaponiyalik Kubo esa so‘nggi daqiqalarda g‘alaba golini urdi.

Italiya: «Roma»da yirik mag‘lubiyat, «Napoli» endi yetakchi emas

«Milan» — «Salernitana» — 2:0 (Kesse, 5. Salemakers, 18)

Chap tizzasidagi xochsimon bog‘lami jarohati tufayli milanliklar mavsumdagi eng yaxshi himoyachisi Kerni mavsum yakuniga qadar yo‘qotdi. Ammo «Salernitana» bunday yo‘qotishning o‘rni seziladigan raqib emas. O‘yindan oldin daniyalik futbolchini qo‘llab-quvvatlab aksiya o‘tkazgan Stefano Pioli jamoasi o‘yinning dastlabki qismidayoq V Seriyadan chiqqan jamoaga ikki gol urdi. 18-daqiqaga kelib kamida Neapoldagi o‘yin boshlanguncha «Milan» turnir jadvali yetakchisi bo‘lib turishi aniq bo‘lib ulgurdi.

«Rossoneri»da kelgusida himoyada muammolar bo‘lishi mumkin, ammo jamoada raqiblar darvozalarini ishg‘ol etishi mumkin bo‘lgan futbolchilar ro‘yxati keng. Salemakers — jamoaning joriy chempionatda kamida bitta gol urgan o‘n to‘rtinchi futbolchisiga aylandi. Top-5 chempionatlarida bu borada yaxshiroq ko‘rsatkich faqat «Chelsi»da (16).

«Roma» — «Inter» — 0:3 (Hoqon Chalxono‘g‘li, 15. Djyeko, 24. Dyumfris, 39)

Chempionlarga qarshi o‘yin oldidan O‘zbekistondan kelgan delegatsiya Joze Mourinoni ziyorat qilib, unga milliy liboslar va buyumlar sovg‘a qilishdi. Rimliklar jamoasida ayni vaqtda jarohatlar, diskvalifikatsiya va koronavirus tufayli hujum chizig‘ida tanlov qolmagan va bu sovg‘a-salomlarsiz ham Shomurodov boshlang‘ich tarkibda tushishi tayin edi.

Ammo maydonda «bo‘rilar» hujum chizig‘i deyarli imkoniyatlarga ega bo‘lmadi. Aniqrog‘i «Inter» bir bosh baland bo‘lgani uchun mezbonlarda hujumga chiqishning o‘zi ham muammoga aylandi. Burchakdan to‘p uzatilgan vaqtda Hoqon Chalxono‘g‘li ikki himoyachidan o‘tib kelgan to‘pni tovoni bilan darvoza to‘riga joyladi. Mehmonlarning ikkinchi golli kombinatsiyasi ham mazxaromuz chiqdi, Djyeko esa o‘zini norozi qilib jo‘natishgan bo‘lsa-da, sobiq jamoasiga urgan golini nishonlamaslikka qaror qildi. «Roma» shunchaki ilojsiz holatda qoldi, «neradzurri» esa qatorasiga to‘rt o‘yinda g‘alaba qozongach, peshqadam «Milan» bilan oradagi farqni bittagacha qisqartirdi.

«Napoli» — «Atalanta» — 2:3 (Zelinski, 40. Mertens, 47 — Malinovskiy, 7. Merix Demiral, 66. Froyler, 71)

Neapolitanliklar «Sassuolo»ga qarshi o‘yindagi harakatlarini davom ettirishdi, o‘tgan turda Luchano Spalletti jamoasi o‘yin oxirida ikki gol ustunligini boy berishgandi. Bu safar esa muammolar o‘yin boshidayoq davom etdi, Malinovskiy Sapataning uzatmasidan keyin uzoq masofadan turib kuchli va aniq zarba yo‘lladi. O‘yinidagi pasayish tarkibdagi muammolar bilan izohlanayotgan «Napoli» esa Zelinskining goli bilan javob qaytardi.

Ikkinchi bo‘lim boshida Mertens bergamolik himoyachilarni dog‘da qoldirib, jamoani oldinga olib chiqdi. O‘yinning qaysidir pallalarida mezbonlarning omadi keldi, Sapataning zarbasi ustunga tegdi, boshqa bir vaziyatda arbitr videotakrordan keyin mezbonlar darvozasiga qo‘yilgan penaltini bekor qildi. Ammo Merix Demiral markaziy hujumchi pozitsiyasida paydo bo‘lishi «Napoli» uchun yoqimsiz syurprizga aylandi.

Neapolitanliklar qatorasiga ikkinchi o‘yinda so‘nggi qismni juda bo‘sh o‘tkazishdi. Jan Pero Gasperini jamoasida ayni vaqtda zaxira o‘rindig‘i kuchli va zaxiradan qo‘shilganlar istalgan vaqtda o‘yinni kuchaytira olishadi. Bu safar joker rolini Ilichich a'lo darajada ijro etdi, u to‘pni qulay tashlab bergach Froyler g‘alaba golini urdi, qo‘shimcha daqiqalarda esa yanada qulay vaziyatda Petanya bergan zarba darvoza to‘sini yuqorisidan o‘tib ketdi. «Napoli» bir hafta ichida besh ochko va birinchi o‘rinni boy berdi, Milanning ikki jamoasi oldinga o‘tkazib yuborildi, qatorasiga besh o‘yinda g‘alaba qozongan «Atalanta» esa juda yaqin masofada ta'qib qilmoqda.

Germaniya: Hummelsning muvaffaqiyatsizligi va Shikning pokeri

«Borussiya» D — «Bavariya» — 2:3 (Brandt, 5. Holand, 48 — Levandovski, 9, 77, penaltidan. Koman, 44)

Myunxenliklar ba'zida bo‘shashishi mumkin, ammo kimdir ichki arenada ularning pozitsiyasiga xavf sola boshlasa, jamoa tom ma'noda quturadi. «Bavariya» o‘zining eng yaxshi versiyasiga qaytadi va raqibni yakson qiladi, oktabr oyida bu holat Leverkuzenning «Bayyer» klubiga qarshi o‘yinda sodir bo‘lgandi (5:1). Ammo «Borussiya» bunday achchiq tajribani o‘zida  sinab ko‘rishni istamadi va nemis klasikosi Brandtning tezkor goli bilan boshlandi.

Dortmundliklar bavarlar pressingidan chiqa olishsa, ularning tezkor hujumi juda xavfli qurolga aylanadi. Lekin mehmonlar birinchi bo‘limda to‘pga egalik qilishda dars o‘tishdi. Levandovski esa bundesliganing yangi rekordini o‘rnatdi, u begona maydonlarda urgan gollar soni 118taga yetdi. Komanning goli — mezbonlar himoyasidagi qo‘pol xato tufayli yuzaga keldi, to‘pni uzoqlashtirishga urinish vaqtida to‘p Hummeslga tegib, yo‘nalishini o‘zgartirdi va fransiyalik futbolchiga borib tushdi.

Ammo Marko Roze tanaffusda jamoasini yana ruhlantira oldi va ikkinchi bo‘lim ham birinchisi kabi boshlandi. Levandovskidan ortda qolishni istamagan Holand to‘pni aylantirib, uzoq burchakka joyladi va o‘z grafigini davom ettirdi. U bundesliganing 51 o‘yinida — 51 gol urgan. Lekin «asalarilar»ning xursandchiligi uzoq cho‘zilmadi, avvaliga arbitr Roysning raqib jarima maydonida yiqilishida fol ko‘rmadi, keyin Brandt ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida maydonni zambilda tark etdi.

Oqshomning asosiy antiqahramoni Hummels bo‘ldi. Videotakror burchak zarbasi ijro etilgan vaqtda u to‘pni uzoqlashtirishda qo‘lini ishlatganini ko‘rsatdi va hal qiluvchi penalti belgilandi. Roze norozilik bildirdi va arbitr tomonidan tribuna ostiga jo‘natildi, Holandning almashtirilishi va o‘yinga 10 daqiqa qo‘shib berilishi ham dortmundliklarga yordam bermadi. Aksincha, qo‘shimcha daqiqalarda mehmonlar yana gol urishga yaqin keldi, ammo Tolisso bo‘sh darvozani ishg‘ol etolmadi. Ammo uning golisiz ham «Bavariya» prinsipial raqibni qatorasiga yettinchi o‘yinda ham mag‘lub etib, turnir jadvalida bu raqibdan to‘rt ochkoga o‘zib ketishni uddaladi, Levandovski esa yana bir bor zamonaning eng yaxshi markaziy hujumchisi kim ekanini ko‘rsatdi.

«Bayyer» — «Groyter Fyurt» — 7:1 (Adli, 12. Tapsoba, 17. Xinkape, 45. Shik, 49, 69, 74, 76 — Dudziyak, 33)

Bu vaqtda Leverkuzen uchinchi o‘rinni mustahkamlab oldi. Juma kuni «Union» «Leypsig»ni mag‘lub etib to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilgach (tur yakunlariga ko‘ra jamoa yana oltinchi o‘ringa tushib ketdi), «aspirinchilar» bundesliganing asosiy autsayderini osonlik bilan tor-mor keltirdi. «Groyter Fyurt» qatorasiga 12-o‘yinda mag‘lub bo‘lishi o‘yin boshidayoq aniq bo‘lib ulgurdi, Shik esa hisobni sharmandali ko‘rinishga keltirdi. Bir oylik tanaffusdan keyin formasini tiklayotgan chexiyalik forvard «Bayyer» tarixida bundesligadagi ilk pokerni qayd etdi va bir kechada gollari sonini 12taga yetkazgan holda, chempionat to‘purarlari safida ikkinchi o‘ringa chiqib oldi.

Fransiya: Mbappe joker rolida

«Lans» — «PSJ» — 1:1 (Fofana, 62 — Vaynaldum, 90+2)

O‘tgan turda parijliklar safida debyut qilgan Serxio Ramosning muammolari davom etadi. Hafta o‘rtasidagi tanaffus mantiqiy ko‘ringan bo‘lsa-da, endilikda ispaniyalik futbolchining mushaklaridagi muammo jiddiyroq ekani ma'lum bo‘ldi, shu tufayli u faqat yakshanba kuniga kelib mashg‘ulotlarga qaytadigan bo‘ldi. «PSJ» mavsumning katta qismini Ramossiz ham o‘tkazgandi, hozirda Maurisio Pochettino jamoasiga himoyadan ko‘ra hujumdagi gollar muhimroq.

Lekin murabbiy Mbappeni zaxirada qoldirishga qaror qildi, Ikardini maydonga tushirib, hujumda argentinaliklar triosini o‘ynatdi. Ammo Messining zarbalari o‘xshamadi, Di Mariyaning yaqin masofadan yo‘llagan kuchli zarbasini darvozabon to‘sdi, «Lans»ning mehnatkash futbolchilari o‘z maqsadiga erishdi. To‘pni yo‘qotgan Messi hakamning hushtagi chalinishini kutib gazonda o‘tirganida, Fofana uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan oldinroqqa chiqib ketgan Keylor Navasni to‘pni darvozasidan olib chiqishga majbur etdi.

Mezbonlar qolgan vaqt davomida hisobdagi ustunlikni mustahkamlashi ham mumkin edi, ammo «PSJ» kabi raqibga qarshi o‘yinda ko‘p imkoniyat berilmaydi. Mbappe esa baribir jamoani fiaskodan qutqarib qoldi, o‘yinning qo‘shimcha daqiqalari o‘tayotgan pallada u to‘pni Vaynaldumning boshiga qo‘ndirib berdi. Qo‘shimcha daqiqalar yakuniga qadar Messi jarima zarbasidan gol urishi mumkin edi, ammo bu holda o‘yin natijasi adolatli bo‘lmasdi. «Lans» ochkoga munosib o‘ynadi, argentinalik futbolchi esa mavsumdagi eng yomon o‘yinini ko‘rsatdi va o‘yindan keyin L’Équipe nashri unga 4 baho qo‘ydi - bu o‘yinda qatnashgan barcha futbolchilar orasidagi eng past baho edi.

Statistika

  • Turkiya chempionatida peshqadamlik qilayotgan «Trabzonspor» 2004 yildan buyon ilk bor qatorasiga 8 o‘yinda g‘alaba qozondi.
  • «Liverpul» Klopp davrida APL o‘yinlarida 13 bor qo‘shimcha daqiqalarda g‘alabaga erishdi.
  • «Inter» safar o‘yinlarida 18 o‘yinda uzluksiz gol urgan holda g‘alaba qozonib kelmoqda, bu 1951 yilgi klub rekordining takrorlanishidir.
  • PSV «Utrext»ga qarshi uy o‘yinlarida qatorasiga 25 o‘yinda g‘alaba qozondi — bu eyndxovenliklarning Erediviziyada bir raqibga qarshi o‘yinlardagi rekord seriyasidir.
  • «Atletiko» safida 300 o‘yin o‘tkazgan 30-futbolchi hujumchi Korrea bo‘ldi.
  • 48 o‘yin — 2018 yil dekabridan buyon «Chelsi» tanaffusga hisobda oldinda borgan holatda chiqib, yakunda mag‘lubiyatga uchramagandi.
  • Liga 1da «Marsel» yarimhimoyachisi Payyet gol+pas bo‘iycha 200 ball to‘pladi (97 gol va 103 uzatma).
  • Tomas Myuller «Bavariya» safida 397-o‘yinini o‘tkazdi va Frans Bekkenbauerni ortda qoldirib, bu borada klub tarixidagi to‘rtinchi ko‘rsatkichni qayd etib turibdi.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid