Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Bunday ko‘lamdagi fojiada 11 kishi jabrlanib, shundan 9 kishi tirik qolganining o‘zi mo‘jiza” - vazir o‘rinbosari
Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov Surxondaryo viloyatining Denov tumanida ro‘y bergan, ulkan vayronalarga sabab bo‘lgan portlashdan keyin atigi 11 kishi jabrlanganini mo‘jiza deb atadi.
“Portlash tufayli 2 nafar bemor o‘ta og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan. Shulardan biri 1986 yilda tug‘ilgan Omonova Feruza portlash vaqtida qulagan bino to‘sinlari tagida qolib ketgan. Uning qo‘l panjalari o‘ng bilak uchlik qismidan uzilib ketgan. Bundan tashqari, tos suyagi singan, bosh miyasi yopiq jarohat olgan, jigarining yettinchi sigmentar sohasi ezilib yirtilgan, shuningdek, tanasining ko‘p qismida shilingan, yirtilgan va ezilib ketgan jarohatlar bor.
Ushbu jarohatlar natijasida bemorda ochiq va yopiq tarzdagi o‘tkir qon ketishi kuzatilgan. Mutaxassislarimiz tomonidan o‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam natijasida uning hayoti saqlab qolindi. Kecha u o‘ta og‘ir ahvolda bo‘lgan bo‘lsa, hozir o‘rtacha og‘ir holatda, hushi o‘zida, yaqinlari bilan gaplashmoqda.
Ikkinchi bemorimiz ko‘p sonli yumshoq to‘qimalarining ezilishi, bosh miyaning chayqalishi va boshqa jarohatlar bilan o‘ta og‘ir ahvolda shifoxonaga olib kelingan. Unga ham eng malakali shifokorlar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatildi, bugungi kunda ushbu bemorning hayotiga xavf soladigan xatar yo‘q. Ahvoli barqaror. O‘ta og‘ir ahvoldagi har ikki bemor jonlantirish bo‘limidan umumiy bo‘limga o‘tkazilgan.
Ikki nafar bemorning katta va kichik suyaklari ochiq siljib singan. Portlash vaqtida ushbu bemorlarning biri bino ichkarisida, biri esa tashqarida bo‘lgan. Ularning singan suyaklarini tiklash operatsiyalari o‘tkazilgan, bu bemorlarning umumiy ahvoli o‘rta og‘irlikda.
Ikki nafar bemor binoning qulab tushgan to‘sinlari tagida qolib ketgani, ularning qayerda ekanidan kechroq xabar topilgani hisobiga voqea joyida o‘lim holati kuzatilgan. Jasadlari bir soat ichida topilib, oila a'zolariga topshirildi. Bunday ko‘lamdagi fojiadan 11 kishi jabrlanib, shundan 9 kishi tirik qolganining o‘zi mo‘jiza”, deb aytgan Amrillo Inoyatov 8 dekabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Eslatib o‘tamiz, hodisa sabab va oqibatlarini o‘rganish uchun O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi hukumat komissiyasi tuzilgan bo‘lib, komissiya a'zolari shu kunning o‘zida voqea joyiga yetib borgan. Rasmiy ma'lumotlarda hodisaga taxminan “gaz-havo aralashmasi bilan bog‘liq chaqnash” sabab bo‘lgani va buning oqibatida yong‘in yuzaga kelgani aytilmoqda.
Biroq ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy xabarlarga munosabat bildirgan denovliklar portlash gaz to‘planishi sababli yuzaga kelganiga ishonishmayotgani, mutaxassislar tomonidan berilgan javoblardan qoniqishmaganini ko‘rish mumkin.
Internet foydalanuvchilarining yozishicha, savdo markazi joylashgan hududda gaz bosimi juda past bo‘lgan. Qolaversa, denovliklar majmuada ventilyatsiya uskunalari ishlab turgani, agarda gaz sizib chiqishi kuzatilganda, ichkarida bo‘lganlarda gazdan zaharlanish kuzatilgan bo‘lishi, biroq bunday bo‘lmaganini ta'kidlashmoqda. Portlash natijasida jabrlangan shaxslar ham “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida gaz hidini sezishmaganini aytishgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda savdo majmuasi atay portlatilgan bo‘lishi mumkinligi, Denovda bunday holatlar ilgari ham sodir bo‘lgani, xususan, mashhur “Habib” bozorida chiqqan yong‘in ham uyushtirilgani, biroq o‘shanda ham ishlar bosti-bosti qilingani haqida fikr-mulohazalar bildirilgan.
Hukumat komissiyasi a'zolari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Masaliyev “Indenim” savdo majmuasidagi portlash portlovchi moddalar yoki portlash xususiyatiga ega neft mahsulotlari yordamida portlatilganini rad etgan.
Shu bilan birga Bosh prokuratura vakili hodisaga “gaz-havo aralashmasi bilan bog‘liq chaqnash” sabab bo‘lgani hozircha dastlabki taxmin ekani, portlash sabablarini o‘rganish uchun o‘ndan ziyod ekspertiza tayinlangani ushbu ekspertizalarning natijalari tayyor bo‘lganidan so‘ng jamoatchilikka bu haqda ma'lumot berilishini ta'kidlagan.
Guvohlarning aytishicha, voqea sodir bo‘lgan hududdan 5-6 kilometr uzoqda yashaganlar ham portlash zarbini his qilishgan. Internetda hodisa joyidan 2 kilometr uzoqlikda joylashgan ofis kuzatuv kameralarida muhrlangan tasvirlar tarqaldi. Tasvirlarda kuchli portlash ovozi eshitilgani, ofis eshigi ochilib ketgani, bino devorlari silkingani aks etgan.
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov portlash oqibatida nafaqat “Indenim” savdo markazi va unga tutash binolar, balki voqea sodir bo‘lgan hududdagi 65ta uy zarar ko‘rgan, shundan 6ta xonadon devorlari yorilib, yashash uchun yaroqsiz holga kelganini ma'lum qilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda bir qancha mashina ham talafotdan zararlanganini ko‘rish mumkin. Viloyat hokimi matbuot anjumanida aholining uylariga yetkazilgan zarar davlat hisobidan qoplab berilishini aytgan, biroq fuqarolarning turar joyidan boshqa shaxsiy mulklariga yetkazilgan zarar qay tarzda qoplab berilishiga aniqlik kiritilmagan.
O‘zbekiston bosh prokurorining matbuot kotibi Denovdagi portlash terakt ekanini rad etgan. Hayot Shamsuddinov hodisa bo‘yicha Jinoyat kodeksining 257– va 259-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, ayni paytda tergov harakatlari olib borilayotganini ma'lum qildi.