Jahon | 23:20 / 10.12.2021
4850
2 daqiqa o‘qiladi

Pfizer’da koronavirusga qarshi vaksinaning to‘rtinchi dozasi bilan emlash zarurligi aytildi

Foto: EPA/Vostock-photo

AQShning Pfizer farmatsevtik kompaniyasi rahbari Albert Burla koronavirusga qarshi vaksinaning to‘rtinchi dozasi bilan emlash zarurligini aytdi. Bu haqda Daily Mail nashri xabar berdi.

Burlaning ta'kidlashicha, vaksinaning uchta dozasi koronavirusdan juda yaxshi himoyani ta'minlaydi, biroq olimlar bunda odam immuniteti virusga qarshi qanchalik tez kuchsizlanishini bilmaydilar. U “omikron” shtammi paydo bo‘lgani va xavf solayotgani virus mutatsiya qilishda davom etayotganini va ikkinchi buster doza hal qiluvchi bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Burlaning fikricha, dastlabki tadqiqotlar yangi shtamm boshqa shtammlarga nisbatan kamroq darajada o‘lim holatlariga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, biroq uning borligining o‘zi odamlarni ogoh bo‘lishga chaqiradi.

“Fikrimcha, to‘rtinchi dozani kiritish kerak bo‘ladi. Bungacha men avvalgi shtammlar bilan bu dozani uchinchi dozadan 12 oy o‘tib kiritishga zarurat bo‘lishi mumkin, deb o‘ylardim. “Omikron” bilan esa kutishga to‘g‘ri keladi, chunki bizda u haqida ma'lumot kam. Biz ko‘proq ma'lumot olganimizdan keyingina uchinchi doza yangi shtammga qarshi qanchalik samarali ekani va uning ta'siri qancha uzoq saqlanib qolishini bilishimiz mumkin”, deb tushuntirgan Pfizer rahbari.

Kompaniya o‘tkazgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, Pfizer/BioNTech vaksinasining uchta dozasi “omikron”ni yo‘q qilishga qodir. Ma'lumotlarga ko‘ra, vaksinaning uchinchi dozasi kiritilgandan keyin virusni zararsizlantiruvchi antitanachalar miqdori ikki doza kiritilgandan keyingiga nisbatan 25 marta ortadi. Shu bilan birga, yangi shtammning S-oqsilidagi epitoplarning 80 foizi mutatsiya qilmasligi sababli vaksinaning ikki dozasi ham kasallikning og‘ir kechishidan himoyalay oladi.

Mavzuga oid