Jahon | 21:46 / 11.12.2021
25250
7 daqiqa o‘qiladi

Diplomatik tortishuv: Rossiya Ukraina va Gruziya NATOga kirmasligining kafolatini so‘radi, alyans rad etdi

Foto: Getty Images

Rossiya tashqi ishlar vazirligi Ukraina bilan chegarada yuzaga kelgan mojaroli vaziyat fonida Vladimir Putin hamda Jo Bayden suhbatidan keyin mamlakatning talablarini ma’lum qildi. Bayonotda aytilishicha, G‘arb mamlakatlari 2008 yil Ukraina va Gruziyaga ular NATOga kirishi bo‘yicha bergan va’dalarini qaytib olishi kerak. NATO talabni rad etib, bu Rossiyaning o‘z ta’sir doirasidagi hudud yaratishga urinishi deb atadi. Britaniya tashqi ishlar vaziri Ukrainaga bostirib kirish strategik xato bo‘lajagini eslatdi.

Oxirgi vaqtlarda Rossiya Ukrainaga navbatdagi marta bostirib kirishga urinayotgani haqida ko‘p gapirilmoqda. AQSh va NATO mansabdorlari Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘playotgani va bu bosqinga tayyorgarlik ekanini aytadi. Rossiya esa o‘z hududida qo‘shinlar harakatlanishi boshqalarni bezovta qilmasligi kerakligini ta’kidlab, o‘z hududini himoya qilish uchun doim tayyorligini bildirdi. Rossiyaning bu bayonoti Ukraina bilan chegarada chindan qo‘shin to‘playotganining isboti sifatida qabul qilinmoqda.

G‘arb mamlakatlari maxsus xizmatlarining chamalashicha, ayni damda Rossiya Ukraina bilan chegarada 100 ming askar to‘plagan. Yanvar oyigacha ularning soni 175 mingga yetishi mumkin. O‘tgan haftada Putin va Bayden ikki soat davomida Ukraina chegarasidagi vaziyatni muhokama qildi. AQSh prezidenti Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, buning og‘ir oqibatlaridan ogohlantirdi. O‘z navbatida, Rossiya NATOning o‘zi tomonga kengaymasligi borasida kafolat so‘radi.

11 dekabr kuni Liverpulda katta yettilik davlatlari tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Unda dunyoning yirik iqtisodiyotga ega davlatlari «Ukrainaga nisbatan agressiya»ni muhokama qilishi haqida Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass ma’lum qilgandi. U Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi strategik xato bo‘lishi, buning jiddiy iqtisodiy oqibati ham borligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya va ittifoqchilari Rossiyani bosqin fikridan qaytarishi kerak.

Rossiya TIV nima talab qilmoqda?

Rossiya tashqi ishlar vazirligi bayonotida yozilishicha, G‘arb mamlakatlari Ukrainani NATOga olib kirishga harakat qilmoqda. Bu esa Ukraina hududida Rossiya markazigacha yetib bora oladigan raketa komplekslari joylashtirilishi imkonini beradi degani. «Bu mas’uliyatsiz ishlar bizning xavfsizligimizga jiddiy xavf tug‘diradi va hududda jiddiy harbiy xavf keltirib chiqaradi», deyiladi TIV bayonotida.

G‘arb mamlakatlari Rossiyani oxirgi yillarda tinimsiz ayblab keladi: Bolqon yarimorolidagi vaziyatni keskinlashtirishdan tortib, hakerlik hujumlari-yu xorijdagi siyosatchilarni o‘ldirishgacha. Kiyev va G‘arbdagi ittifoqchilari Rossiya Qrimni bosib olgan deb hisoblaydi. Ularning fikricha, Rossiya Ukraina sharqidagi vaziyatni yana izdan chiqarishga urinmoqda. Bu voqealar fonida Rossiya hududdagi keskinlikni yumshatishni iddao qilib, o‘z shartlarini e’lon qildi. Ular quyidagicha:

  • 2008 yil NATOning Buxarestdagi sammitida qabul qilingan Ukraina va Gruziya alyans a’zosi bo‘lishi haqidagi qarorni bekor qilish;
  • NATO sharqqa qarab kengaymasligi va Rossiyaning g‘arbiy chegaralari yaqinida raketa qurilmalari qo‘yilishini taqiqlovchi qonuniy kafolat berilishi;
  • AQSh va NATOning boshqa a’zolari Rossiya bilan chegara davlatlarda, ular alyans a’zosi ekani yoki a’zo emasligidan qat’i nazar, raketa qurilmalarini joylashtirmasligi.

Shuningdek, Rossiya tashqi ishlar vazirligi mudofaachilar o‘rtasida Rossiya – AQSh, Rossiya – NATO formatidagi muloqotni tiklashni taklif qilgan. Qo‘shimchasiga Rossiya NATOning operativ mashg‘ulotlarini o‘tkazish masofasini ham o‘zi bilan kelishilishini istamoqda.

NATO: Rossiya o‘z ta’sir doirasidagi hududni yaratmoqchi

AQSh va NATO bir necha marta Ukraina va Gruziya alyansga kirmasligi bo‘yicha kafolat berilishini rad etib, buni ular emas, NATOga a’zo davlatlar hal qilishi kerakligini ta’kidlagan.

Foto: Reuters

Juma kuni kechqurun, Rossiya TIV bayonoti e’lon qilib bo‘lingach, NATO bosh kotibi Yyens Stolenberg Moskvaning talablarini navbatdagi marta rad etdi: «Ukraina va NATO munosabatlari faqat alyansning 30 a’zosi o‘rtasida hal qilinadi. Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas», dedi Stolenberg Germaniya yangi kansleri Olaf Shols bilan birga o‘tkazilgan Bryusseldagi matbuot anjumanida.

«Rossiya kabi ta’sir doirasi katta davlatlar bu doirani yanada kengaytirishiga imkon bera olmaymiz», dedi alyans yetakchisi.

AQSh prezidentining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyek Sallivanning aytishicha, Bayden rossiyalik hamkasbi bilan suhbatda Ukrainaning NATO a’zoligi bo‘yicha hech qanday va’da bermagan. «Bayden dunyo davlatlari qaysi tashkilot bilan birlashish qarorini o‘zi qabul qila olishini biladi», dedi maslahatchi.

«U yerda shlagbaum bor»

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, mamlakatning NATOga kirish uchun intilayotgan yo‘lida «shlagbaum» turibdi: «Biz NATOga [kirish bo‘yicha] yo‘limizni davom ettiramiz. Biz-ku boraveramiz, ammo u yerda shlagbaum turibdi. Uni aylanib o‘tib bo‘lmayapti», dedi Zelenskiy 1+1 telekanaliga bergan intervyusida.

Ukraina NATO va Yevropa Ittifoqiga kirishni mamlakatning strategik yo‘li deb belgilagan. Bu hatto 2019 yil mamlakat konstitutsiyasida ham mustahkamlangan.

Rossiyalik hamkasbi bilan gaplashganining ertasiga Bayden Zelenskiyga telefon qilib, AQSh Ukrainaga harbiy ko‘makni oshirishi, Rossiya Ukraina chegarasini bosib o‘tsa, keskin iqtisodiy sanksiyalarga uchrashini aytgan. Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, Bayden sanksiyalar haqida Putinni ham ogohlantirgan.

«AQSh prezidenti sanksiyalar haqida gapirdi, bizning prezident esa sanksiya yangilik emasligi, ular na AQSh va na Rossiya uchun foyda bermayotganini aytdi», dedi Rossiya prezidenti yordamchisi Ushakov.

Bayden administratsiyasi Ukrainaga 200 million dollarlik harbiy ko‘mak berish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Ammo NBC’ning yozishicha, qurollar yuborilishi kechiktirilgan. Telekanal manbalarining aytishicha, qurollar diplomatik muloqotga imkon berish maqsadida vaqtincha kechiktirilmoqda.

AQSh Ukrainaga 200 million dollarlik qanday harbiy ko‘mak yubormoqchi ekani ma’lum emas, lekin telekanal manbasiga ko‘ra Ukraina havo hujumidan, kema hujumidan himoya raketalari, tank hujumidan himoya uchun Javelin tizimli qurol, og‘ir artilleriya uchun o‘q-dorilar va tibbiy vositalar so‘ragan.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid