20:15 / 12.12.2021
22103

Putin kirakashlik qilmoqchi bo‘lgani haqida so‘zlab berdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 1990-yillarda kirakashlik bilan shug‘ullanganini tan oldi. U bu haqda so‘zlagan videoyozuv “Rossiya 1” telekanalida 12 dekabrda efirga chiqadigan “Eng yangi tarix” deb nomlangan filmga kirgan.

Foto: Aleksey Nikolskiy / TASS

“Ba'zida kirakashlik qilishga to‘g‘ri kelgan. Bu haqda gapirish yoqimsiz, biroq afsuski, bu ham bo‘lgan”, deb aytgan Putin.

2018 yilda Rossiya prezidenti “Putin” filmi uchun bergan intervyusida 90-yillarda taksichi bo‘lib ham ishlashga tayyor bo‘lgani haqida so‘zlab bergan. Putinga bunday fikrlar Sankt-Peterburg meri Anatoliy Sobchak gubernatorlik saylovlarida mag‘lubiyatga uchragandan keyin kelgan. U o‘shanda Sobchakning saylovoldi shtabi boshlig‘i bo‘lgan. “Men nima qilish kerak, balki taksida ishlab ko‘rish kerakmikan, deb ham o‘ylaganman. Hazillashmayapman, qayerga ham borasan? Ikkita kichik yoshli farzanding bo‘lsa”, deb aytgan Rossiya prezidenti o‘sha intervyusida.

“Shu sababli Moskvaga ko‘chib o‘tib, prezident ishlari boshqarmasida ishlashni taklif qilishganda, rozi bo‘lganman va bu yerga kelganman”, deb qo‘shimcha qilgan Putin.

Top