20:28 / 14.12.2021
7939

«Aholisi ko‘p shaharlardagi 10 mingga yaqin ko‘p qavatli uylarning noturar obekt sifatida 10 foizidan ham foydalanilmayapti» – Shavkat Mirziyoyev

Foto: Kun.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun har bir tuman va shahar kesimida ishlab chiqiladigan alohida dasturning ikkinchi yo‘nalishiga ko‘ra 29 ta o‘rta va yirik shaharlar hamda aholisi 300 mingdan yuqori 6 ta tumanda zamonaviy bozor xizmatlari rivojlantirilishi aytildi.

«29ta o‘rta va yirik shaharlar hamda aholisi 300 mingdan yuqori bo‘lgan 6ta tumanda zamonaviy bozor xizmatlari rivojlantiriladi. Eng avvalo, aholisi ko‘p shahar va tumanlarda xizmatlar ko‘lamini kengaytirish uchun eng dolzarb masala – bu joy ajratish hisoblanadi.

Lekin mazkur shaharlarda 10 mingga yaqin ko‘p qavatli uylar mavjud bo‘lib, noturar obekt sifatida ushbu uylarning 10 foizidan ham foydalanilmayapti. Vaholanki, aholiga xizmat ko‘rsatish uchun eng qulay joy – ko‘p qavatli uylarning birinchi qavati hisoblanadi. Shu kabi, shaharlarda ko‘p qavatli uylar yerto‘lalari ham deyarli bo‘sh turibdi.

Sababi, shu kungacha qurilgan ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalari odamlar ishlashi uchun mo‘ljallanmagan. Bir oy muddatda yangi quriladigan ko‘p qavatli uylar yerto‘lasida xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini yaratish bo‘yicha qurilish normalariga o‘zgartirish kiritilsin.

Bir oy muddatda ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni noturar obektga aylantirishni soddalashtirish bo‘yicha hukumatga qaror loyihasi kiritilsin. Bunda, keraksiz byurokratiyani olib tashlab, yong‘in xavfsizligi va sanitariya bo‘yicha aniq talablar belgilansin», degan davlat rahbari.

Shuningdek, yengil konstruksiyali ko‘chma savdo va xizmat faoliyati bo‘yicha barcha masalalar hal qilib berilganiga qaramasdan, elektron auksionga birorta yer uchastkasi chiqarilmaganiga e’tibor qaratilgan.

«Misol uchun, Toshkent shahrida birinchi qavatda joylashgan noturar obektning ijarasi o‘rtacha 3-5 million so‘m, viloyat markazlarida 1-2 million so‘m turadi. Sartaroshlik, tikuvchilik kabi xizmatlar uchun buncha miqdorda ijara haqi to‘lashga odamlarning imkoni yo‘q.

Yil yakuniga qadar 35ta tuman va shaharlarda yengil konstruksiyali obektlar uchun kamida 100tadan yer uchastkalari auksionga chiqarilsin.

Shaharlar va yirik tumanlarda xizmatlarni ko‘paytirishning «katta sakrash ustunlari» bo‘lgan – ta’lim, tibbiyot, san’at, turizm, uy-joy va transport imkoniyatlarini oshirish kerak. Misol uchun, shaharlardagi aksariyat davlat maktablari 2 barobar ko‘p yuklama bilan ishlayotgani, bog‘cha o‘rinlari yetishmayotgani hech kimga sir emas.

Shu bois, shaharlarda xususiy ta’lim xizmatlari qamrovini kengaytiramiz. Buning uchun, ham sohaga, ham aholiga katta imkoniyat va yengilliklar yaratyapmiz.

Mutasaddilar viloyat hokimlari bir oy muddatda aholining haqiqiy ehtiyojini o‘rganib, 100ta qulay yer maydonlarini belgilab, maktab va bog‘cha qurish sharti bilan auksion orqali tadbirkorlarga bersin», deydi prezident.

Yig‘ilishda hududlar uchun reja qilingan loyihalar bo‘yicha ishlar boshlanishi lozimligi ta’kidlandi.

«Yana bir masala – saylovoldi dasturida Urganchdagi Pahlavon Mahmud va Xivadagi Alleya hududlarida Turizm ko‘chasi; Buxoro shahrida tibbiyot shaharchasi; Guliston shahrida 6ta viloyat shifoxonasi negizida tibbiyot, Guliston va Yangiyer shaharlarida ta’lim va tarbiya klasterlari; Qo‘qon shahri yagona konsepsiya va zamonaviy infrastruktura asosida vodiyning savdo va transport-logistika markazi; Andijon va Yangi Andijon shaharlarini o‘zaro Nurafshon va Parkentni poytaxt bilan bog‘lovchi tezyurar transport tizimi yo‘lga qo‘yilishini aytgan edim.

Endi mas’ullar belgilanib, loyihalar boshlanishi shart. Umuman, 35ta tuman va shaharlarda turizm, transport, tibbiyot, ta’lim obektlari va yirik savdo komplekslarini tashkil etish uchun 200 million dollar yo‘naltiriladi. Umuman, 29ta shahar va 6ta yirik tumanda xizmat ko‘rsatish sohasida 200 ming ish o‘rni yaratiladi», dedi prezident.

Top