O‘zbekiston | 21:10 / 14.12.2021
26718
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Abdurazzoqov va Turdimovga viloyat markazlarida yirik savdo majmualari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi

Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida yuqori daromadli xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 dekabr kuni xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Videoselektorda Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida yuqori daromadli xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinishi ma’lum qilindi.

Prezident yirik, zamonaviy savdo va ko‘ngilochar maskanlar ushbu shaharlarning «tashrif qog‘ozi»ga aylanishi zarurligini ta’kidladi.

«Lekin bugungi kunda Samarqand shahrida maydoni 10 ming kvadrat metrdan oshadigan atigi 4ta zamonaviy gipermarket mavjud bo‘lsa, Namangan shahrida endi qurilmoqda.

Abdurazzoqov (Namangan viloyati hokimi) kelgusi yilda maydoni 200 ming kvadrat metr bo‘lgan 3ta, Turdimov 400 ming kvadrat metr bo‘lgan 7ta yirik savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari faoliyatini tashkil etsin.

Boshqa viloyat hokimlari ham, viloyat markazlarida ana shunday yirik savdo markazlarini barpo qilib, borganimda menga ko‘rsatadi», deya prezidentning so‘zlarini keltiradi Kun.uz muxbiri.

Poytaxtning Sergeli tumanidagi yer usti metrosi atrofida savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida 5 mingta ish o‘rni yaratish imkoniyati borligi, shuningdek, rassomchilik, haykaltaroshlik, hunarmandchilik mahsulotlari sotiladigan «san’at ko‘chalari» tashkil etish mumkinligi qayd etildi. 

Mutasaddilarga muzeylar faoliyatini yaxshilash, ko‘rgazmalarini kengaytirish va turistlar uchun yangi yo‘nalishlar ochish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

«Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi yirik shaharlarda «Taks fri» tizimini joriy etish, shahar ichida «Dyuti fri» do‘konlarini tashkil etish orqali chakana savdo hajmini 2-3 barobarga oshirish mumkin.

Umuman, xorijiy mehmonlarga xaridlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish tizimini barcha turistik shaharlarda yo‘lga qo‘yish lozim. Ikki oy muddatda bojsiz savdo do‘konlarini tashkil etish hududlarini belgilab, loyihalar boshlansin.

Toshkent, Namangan va Samarqand shaharlarida xizmat ko‘rsatish sohasida 750 ming ish o‘rni yaratiladi. Ushbu 3ta shahar misolida ko‘rsatib berilgan imkoniyatlar, barcha viloyat markazlari va yirik shaharlar uchun tegishli», dedi davlat rahbari.

Kelgusi yilda xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga 500 million dollar ajratilishi belgilandi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.

 

Mavzuga oid