Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkcha inflatsiya. Liraning qadrsizlanishi Istanbuldagi hayotga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
Turk lirasi yangi rekordlar o‘rnatib, dollarga nisbatan qadrsizlanishda davom etyapti. Bu oddiy odamlar hayotida qanday aks etadi?
Jurnalist va publitsist Ibrohim Nabio‘g‘li Istanbul aholisi – tadbirkor, meva do‘koni sotuvchisi va shifokor bilan shu mavzu haqida suhbatlashdi.
Istanbulda joriy yilda qish fasli juda erta keldi.
Do‘stim Mehmet o‘tgan qish faslidan beri kiyilmagan paltosini omborxonadan oldi. Uning cho‘ntagidan o‘tgan yil supermarketda berilgan chekni topdi. 20ta tuxum, bitta buxanka noni, 1 kg yog‘, yarim kilogramm go‘sht va boshqa mahsulotlar uchun Mehmet o‘shanda 112 lira (7,45 dollar) to‘lagan.
Kuni kecha Mehmet ana shu chek bilan xuddi o‘sha supermarketga keldi va savatni xuddi o‘sha mahsulotlar bilan o‘shandagidek miqdorda to‘ldirdi. Biroq bu safar 229 lira to‘ladi.
«Bir yil ichida narxlar sezilarli darajada oshdi. Ikki baravardan ko‘proq oshgan! Bu mamlakatda norozilikning katta to‘lqinini keltirib chiqarishi mumkin», deydi u.
Tadbirkor norozilik kelgusi prezidentlik va parlament saylovlarida ham aks etishi mumkinligiga ishora qildi.
Ofisiantga qanday qilib haq to‘lash mumkin?
Bosforning Yevropa qismidagi sohilida Mehmetning shinamgina baliq restorani bor. Dekabrning sovuq oqshomida kechki ovqat paytida u bilan suhbatlashyapmiz. Restoranda bizdan tashqari yana ikki nafar tashrifchi bor. Ilgari bunday vaqtda bu yerda stol topish oson bo‘lmasdi.
Grafik: Turkiyada oylik ish haqi qanday o‘zgardi?
«O‘g‘illarim katta bo‘lyapti, bu yerda – yana pandemiya, yetmaganiga iqtisodiy inqiroz. Bunday sharoitlarda restoran biznesi foyda keltirmaydi», deya noliydi Mehmet.
Turk gazetalarining yozishicha, koronavirus bilan bog‘liq cheklovlar tufayli restoran egalari ishchilarga ish haqi berishga qiynalmoqda. Hukumatning 2022 yilga kelib ish haqini taxminan 50 foizga oshirishi to‘g‘risidagi qarori Mehmetning muammolariga yana muammo qo‘shdi.
Endi u ofitsiantlar sonini to‘qqiz nafardan besh nafarga qisqartirishga majbur. «Bir vaqtning o‘zida to‘rt kishini ishdan bo‘shatish oson emas. Biroq boshqa ilojim yo‘q», deydi u o‘ychan holda.
Grafik: Minimal ish haqiga qancha non sotib olish mumkin?

So‘nggi uch oyda turk lirasi AQSh dollariga nisbatan o‘z qiymatining 45 foizini yo‘qotdi. Olti hafta davomida turk lirasining uzluksiz qadrsizlanishi ayrim tahlilchilarni Turkiya valuta inqirozi ostida qoldi, deya talqin etishga majbur qildi.
Bozor kutilmalaridan farqli ravishda Turkiya Markaziy banki so‘nggi uch oyda bazaviy stavkani jami 400 bazaviy bandga pasaytirdi, bu esa lira qadrsizlanishini tezlashtirdi.
Natijada turk lirasi dollarga nisbatan pasayish bo‘yicha tarixiy rekordlarni yangilamoqda. Turk hukumati narxlar oshishi oldini olishga qodir emas. Milliy valutaning xarid qobiliyati tez pasaymoqda, inflatsiya o‘z hajmi bilan qo‘rqityapti...
Sabzini kim oladi?
Bilol – Istanbulning zamonaviy tumanlaridan birida meva sotuvchisi. Turk lirasi kursi uni umuman qiziqtirmaydi, biroq u narxlar ko‘tarilayotganidan noliydi.
Uning qizi joriy yilda litseyni tamomlayapti va universitetga kirmoqchi. Ta’lim olish narxlari otani hozirdanoq xavotirga solyapti.
Bilol xijolat bilan gapirishda davom etadi: «Qo‘shnim besh oy oldin 90 ming liraga sotib olgan pikapim uchun menga 280 ming lira taklif qildi».
«Sotib yubor, yaxshi narx ekan», deya maslahat beraman men Bilolga.
«Sotib yuborsam, boshqa mashina ololmayman. Mashinalar narxi hayratlanarli darajada oshmoqda», deya xo‘rsinadi u.
Bilol kabi daromadlari kam odamlar inflatsiyadan eng ko‘p zarar ko‘radi. Iqtisodiy inqiroz sharoitida «boylar yanada boyiydi, kambag‘allar yanada kambag‘allashadi» aforizmi Turkiyada o‘z tasdig‘ini topyapti.
Taniqli olim, Istanbul texnika universiteti professori Jalol Shengor yuzaga kelgan vaziyatni quyidagicha izohlaydi:
«Poygada g‘olib chiqqan ot egasi 3 million, chavandoz 250 ming lira oladi. Otga esa faqat sabzi tegadi. Hozirgi holatda ot bu – aholining kam ta’minlangan qatlami».
Hamshiralar shifokorlardan qimmat?
Sog‘liqni saqlash tizimida tragikomik bo‘lib ko‘rinadigan murakkab vaziyat yuzaga keldi. Ba’zi shifoxonalarda hamshiralar shifokorlar bilan bir xil maosh olmoqda.
Elif – davlat kasalxonalaridan birida shifokor. Yaqin kunlarda uning dekret ta’tili tugadi. Tungi smenalar, navbatchiliklar, shoshilinch chaqiruvlar, bir so‘z bilan aytganda, pandemiya sharoitiga xos zo‘riqish boshlandi.
Shunga qaramay, maoshi katta emas. «Minimal ish haqining yangi stavkasida hamshiralar shifokorlarga qaraganda ko‘proq oylik oladi. Qanday qilib shunaqa bo‘lishi mumkin», deya tushunmaydi ayol.
Elif xorijiy valutaga sotib olinadigan tibbiyot preparatlari va asbob-uskunalar narxi misli ko‘rilmagan darajada oshishida haqiqiy xavfni ko‘radi.
«Sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar Turkiya tibbiyot sektorini dunyoda yetakchi o‘rinlardan biriga olib chiqdi. Ammo hozirgi holatda ko‘plab klinikalar vahima ko‘taryapti. Dori-darmonlar keskin yetishmay qolgan vaziyatda nima bo‘lishi haqida o‘ylashni ham istamayman», deydi Elif.
Yosh onani sut narxi g‘azablantirmoqda. «Bir litr sut bir oy oldin 6 lira edi, hozir 13,5 lira. Yangi yilga borib, ehtimol, 20 lira bo‘lsa kerak», deya hayron bo‘ladi shifokor.
Inqiroz «futbolning belini sindirdi»
Ayrim do‘konlar ko‘proq pul ishlashga intilib, balandroq narxda sotish umidida tovarlarni omborxonalarda saqlamoqda. Shu yo‘l bilan mahsulotlar yetishmasligi yuzaga keladi. Ko‘plab do‘konlarda quyidagicha yozuvlarni uchratish mumkin: «Bitta qo‘lda faqat 1 litr zaytun yog‘i».
Davlat choralar ko‘rishni boshladi: Turkiya parlamenti sanoat qo‘mitasi kuni kecha do‘konlar va markazlarda omborxonalarda oziq-ovqat zaxirasini tashkil etishni taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qulladi.
Iqtisodiy inqiroz sportga ham zarba berdi. Futbol klubi prezidentlari xorijiy valutada maosh oladigan chet ellik futbolchilarga qanday qilib haq to‘lashga hayron.
Shu bilan birga, klublarning daromadlari – chipta va merchendayzing savdosi, televizion translatsiyalar uchun yig‘imlar, reklamadan tushadigan foyda va h.k – turk lirasida keladi.
«Fenerbahche» klubi prezidenti Ali Koch yaqinda bergan intervyularidan birida inqiroz «futbolning belini sindirgani» haqida aytdi.
Yechim qanday bo‘ladi?
Kecha karerani muhokama qilayotgan ikki nafar yosh turkning suhbatiga guvoh bo‘ldim.
«Ish topsang, qanday maoshga rozi bo‘larding?» - deya so‘radi ulardan biri. «Istalgan maoshga, hatto eng kamiga ham», deya javob berdi do‘sti.
Turkiyada qish sovuq. Ayrim tog‘ chang‘isi markazlarida qor ko‘p. Diqqatga sazovor jihati, dam olish maskanlari tashrif buyuruvchilarining asosiy ulushini endilikda xorijliklar tashkil etmoqda. Mahalliy aholining bunday dam olishga qurbi yetmaydi.
Umuman olganda, mahalliy aholi hozir dam olish haqida emas, siyosat haqida ko‘proq o‘ylayapti. Turkiyada eng chuqur iqtisodiy inqirozlardan so‘ng yechim odatda saylov uchastkalarida bo‘ladi.
Mavzuga oid
17:44
Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
16:37 / 16.06.2026
Timur Ishmetov: 2027 yilda 5 foizlik inflatsiya maqsadiga erishish yo‘lida jiddiy xatarlar ko‘rmayapmiz
18:17 / 15.06.2026
Turkiyaning zilziladan jabrlangan Hatay viloyatida O‘zbekiston mahallasi ochildi
15:55 / 13.06.2026