O‘zbekiston | 19:32 / 23.12.2021
13039
2 daqiqa o‘qiladi

Ekoqo‘mdan tizimdagi inspektorlarning brakonerlarga qarshi yetarli kurasholmayotgani bo‘yicha izoh so‘raldi

Ekoqo‘mdan tizimdagi inspektorlarning brakonerlarga qarshi yetarli kurasholmayotgani, jumladan, Taxtako‘pir tumanida «Qizil kitob»ga kiritilgan 14 dona jayron otilishi bo‘yicha izoh so‘raldi.

Qo‘mita matbuot xizmati rahbari Ozod Rajabov savol yuzasidan izoh berarkan, hududiy inspektorlar joylarda doimiy ish olib borishi, ammo ularning soni va moddiy imkoniyati yetarli emasligini bildirdi.

«Taxtako‘pirdagi cho‘l hududi juda katta maydonni egallaydi. Inspektorlarimiz doimiy ravishda o‘sha hududda xizmat vazifalarini olib boradi. Ularning har kuni qaysi marshrut bo‘ylab yurishi belgilangan. 

Hudud juda katta. Inspektorlarimiz belgilangan marshrut bo‘ylab aylanib yurar ekan, o‘q ovozini eshitishi mumkin yoki aholi ularga cho‘l hududida begona odamlar yurgani haqida xabar beradi. 

Jayronlar otilgan hududda ham shunday bo‘lgan. Inspektorlarimiz 14 dona jayronni otib, ularning go‘shtini bo‘laklayotgan brakonerlarni ko‘rib qoladi va ularning izidan tushadi. Inspektorlar brakonerlarning ortidan 5 chaqirimgacha quvib boradi, ammo ular qochib ketgan. 

Ozod Rajabov

Brakonerlar u yerda nafaqat jayron go‘shti, o‘z ov qurollari, kiyim-kechak va ozuqalarini ham tashlab ketgan. 

Qaytaraman, hudud juda katta. Inspektorlarning soni va imkoniyatlari esa cheklangan. Brakonerlar ham ahmoq emas, ular inspektorlarning harakatini kuzatgan. Bu yerda hudud nazoratsiz qolgan, deyish noto‘g‘ri. Chunki inspektorlar nazorat olib borayotgani uchun ham ularning izidan quvdi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berildi va brakonerlar oradan 24 soat o‘tmasdan turib ushlandi.

14 dona jayronni otganlar esa hozir tergovda so‘roq bermoqda. Tergovni Orolbo‘yi prokuraturasi olib bormoqda», — deya matbuot kotibi so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid