O‘zbekiston | 02:32 / 23.12.2021
3253
2 daqiqa o‘qiladi

Nogironligi bo‘lgan shaxslar orasida respublika tanlovlari o‘tkazib boriladi

Tanlov natijalari har yili “3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni” arafasida e’lon qilinadi hamda tanlov g‘oliblari bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar orasida ularning hayotini yaxshilashga qaratilgan eng yaxshi ijtimoiy loyihalarni rag‘batlantirib borish maqsadida 2022 yildan boshlab respublika tanlovlari tashkil etiladi va o‘tkazib boriladi. Bu haqda prezidentning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida aytilmoqda.

Hujjatda belgilanishicha, tanlovlar quyidagi nominatsiyalarda o‘tkaziladi:

  • Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi ijtimoiy loyiha”;

  • Savdo-sanoat palatasi tomonidan – “Eng yaxshi tadbirkor”;

  • Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi talaba”;

  • Turizm va sport vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi sportchi”;

  • Madaniyat vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi kitobxon”;

  • Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan – “Eng yaxshi ish beruvchi”.

Tanlov natijalari har yili “3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni” arafasida e’lon qilinadi hamda tanlov g‘oliblari tashkilotchilarning budjetdan tashqari manbalari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid