Mavzu yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Orif Bozorov va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” DUK rahbari Sohibjon Murodovlar bilan suhbatlashdik.

– Avvalo umumiy ma’lumotlar bersangiz, masalan so‘nggi bir yilda nechta mulk savdoga qo‘yildi va ularning necha foizi realizatsiya qilindi?

Orif Bozorov: – Suhbatimiz boshida shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki onlayn auksion savdolariga chiqariladigan mol-mulklarni shartli ravishda ikki toifaga bo‘lish mumkin. Birinchi toifa bu qarzdorlikni qoplash uchun garov ta’minoti bo‘lgan mol-mulklardir. Bu turdagi mol-mulklarni qarzdorlikni qoplash evasiga sotish sudning ijro hujjatida belgilab qo‘yilgan bo‘ladi va mol-mulkning narxi ham aniq bo‘ladi. Ya’ni garovga qo‘yuvchi bilan garovga oluvchi o‘rtasida garov shartnomasi rasmiylashtirilganda mol-mulkning narxi ham kelishib olingan bo‘ladi. Ikkinchi toifa esa bu ijro ishi yuzasidan majburiy ijro harakatlari davomida aniqlanib, xatlangan mol-mulklardir. Bu toifadagi mol-mulklar davlat ijrochisi tomonidan narxlatilib, auksion savdolariga qo‘yiladi.

Endi raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2021 yilning o‘tgan davrida Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan jami 970 dona 2,4 trillion so‘mlik mol-mulklar auksion savdolariga chiqarilgan, bulardan 286 dona 201.5 milliard so‘mlik yoki 8,4 foizi bugungi kunga qadar sotilgan.

Sohibjon Murodov: – “E-AUKSION” elektron savdo platformasi 2017 yilda bir yo‘nalishda faoliyat boshlagan bo‘lsa, tizimga ishonchning ortib borishi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 24.07.2021 yildagi PQ-5197-sonli va boshqa qarorlari qabul qilingach 19 ta yo‘nalishga, kelgusi yil boshidan 25 ta yo‘nalishdagi elektron savdo turiga yetadi.

Sohibjon Murodov. Foto: DUK

Dastlabki yilda yillik savdo hajmi 42 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, xaridorlar faolligi va tizimga bo‘lgan qiziqishining ortishi natijasida 2021 yil 11 oyida savdo hajmi 2,3 trln so‘mdan oshdi. Birgina oxirgi uch oyda platforma orqali 1 trln so‘mdan ortiq mulklar sotildi va ijaraga berildi.

Onlayn auksion savdolarida 2017 yilda 2800 ta ishtirokchi qatnashgan bo‘lsa, 2021 yilda ishtirokchilar soni 100 mingdan ortdi.