Kun.uz O‘zbekiston musulmonlari idorasining yangi raisi bilan intervyu uyushtirdi.
— Muftiylik vazifasiga kirishar ekansiz, oldingizda qanday vazifalar turibdi, deb hisoblaysiz? Musulmonlar bugun sizdan nimalarni kutishga haqli yoki aksincha?
— Alloh subhanahu va taologa hamdu sanolarimiz bo‘lsin. Payg‘ambarimiz alayhissalomga salovatu salomlarimiz bo‘lsin. Go‘zal bir diyor va ajib bir qavm ichida, mo‘min-musulmonlar bilan ishlashni, ularga xizmat qilishni nasib qilib turibdi.
Muftiylik – juda og‘ir va mas’uliyatli vazifa. Boshqa vazifalardan farqli, uni hech kim o‘zi xohlab qabul qilolmaydi. Bu, eng avvalo, Allohning inoyati va bizdagi ulamolar kengashining e’tirofi, qarori bilan qabul qilinadi.
To‘g‘risini aytaman, bu vazifani menga ishonishlarini kutmagan edim. Chunki unga mendan ko‘ra haqlilar, mendan ko‘ra munosiblar bor deb o‘ylagandim. Allohning taqdiri ekan.

Muftiylikni qabul qilib olar ekanman, Allohdan uni bajarishda madadkor bo‘lishini, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qoldirgan shariat mezonlarining vorisi o‘laroq uni xalqimizga chiroyli tarzda yetkazuvchi qilishini so‘radim.
Har bir kishi yangi ishga kirishayotganda oldiga maqsadlar qo‘ygani kabi, muftiylikka kirishayotganda ham oldimga maqsadlar qo‘ydim. Birinchi maqsadim – bugungi O‘zbekistonda hamma sohada bo‘layotgani kabi Diniy idorada ham islohotlar qilsak. Qolaversa, ko‘pchilik musulmonlar anchadan beri kutib turgan ko‘plab masalalar ham bor.
Agar e’tibor bersak, oxirgi yillarda din yo‘nalishidagi islohotlar bizning ko‘p yillik orzularimiz edi. Bundan foydalanishimiz kerak.
Men ulamolar kengashining ishonchi va xalqimiz qo‘yayotgan vazifalarni oqlash, bajarish uchun bor bilim, salohiyat va imkoniyatimni ishga solaman. Alloh o‘zi muyassar qilsin.
— Muftiylikka saylanar ekansiz, bu borada jamoatchilikning turli fikr va ba’zan tanqidlarini ham ko‘rdik. Qanday qaraysiz mana shunday tanqidlarga?

— Dinimizda har bir gapni asos bilan gapirish buyuriladi. Shu o‘rinda avvalgi muftiyimiz Usmonxon Alimov domlani eslab o‘tsak. Xalqimiz, butun tizim u kishiga o‘rganib qolgandi. Lekin Allohning taqdiri ekan, hazrat olamdan o‘tdi. U kishini Alloh rahmat qilsin.








