Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Koronavirus hujumi. «Real» mag‘lubiyat bilan boshladi, tarkibning yarmisiz qolgan «Barsa»da g‘alaba
Ispaniya chempionatida yakshanba kungi o‘yinlar.
Madrid ta’tildan chiqa olmayapti

Xetafe – Real 1:0 (1:0, 0:0)
Gol: 1:0 – 9 Unal.
Xetafe – Soriya, Suares, Kabako (Nom, 83), Mitrovich, Kuenka, Olivera, Maksimovich, Arambarri, Alenya (Florentinu, 74), Sandro Ramires (Mata, 64), Unal (Yankto, 83).
Real Madrid – Kurtua, Vaskes (Peter, 85), Militao, Alaba, Mendi (Marselo, 46), Modrich, Kazemiro, Kroos (Isko, 85), Rodrigo (Mariano Dias, 67), Benzema, Asensio (Azar, 46).
Ogohlantirishlar: Rodrigo (21), Suares (56), Arambarri (82), Kazemiro (87), Olivera (90).
APLda biror jamoada koronavirus avj olishi o‘yinlar qoldirilishi uchun yetarli bo‘lsa, la ligada qoidalar boshqacha: birinchi va ikkinchi jamoadan jami 13 nafar sog‘ futbolchi topilsa, o‘ynash kerak bo‘ladi. Kasallanishning birinchi to‘lqinini boshdan kechirgan «Real»da Vinisius Junior, Kamavinga, Valverde, Kurtua va Luka Yovich ham testga musbat natija topshirdi. Karlo Anchelotti futbolchilardan noroziligini yashirmadi va sanitar protokolni hurmat qilish va o‘ynashda davom etish kerakligini aytdi.
Ehtimol, hozirgidan qiyinroq vaziyat bo‘lganida italiyalik mutaxassisning reaksiyasi boshqacharoq bo‘lardi, ammo chempionat peshqadami koronavirus hujumidan boshqalarga qaraganda osonroq chiqmoqda - Kurtua tezda tuzaldi va yakshanba kungi o‘yinga tayyor bo‘ldi, ammo ligada jon saqlash uchun kurashayotgan «Xetafe» madridliklar himoyasidagi qo‘pol xatodan foydalandi. 9-daqiqada Eder Militaodan to‘pni olib qo‘ygan Enes Yunal Kurtuani aldab o‘tib, hisobni ochdi.
Bu tasodifdek ko‘ringandi. «Real» tashabbusni qo‘lga olib, vaziyatlar yaratdi, Modrichning zarbasi darvoza to‘siniga tegdi, javob goli urilishi vaqt masalasidek edi. Ammo Anchelotti o‘yindan norozi edi va tanaffusda chap qanotni yangilab, Marselo — Azar juftligini tushirdi. Faqat bu o‘yinni yanada yomonlashtirdi. Madridliklar ikkinchi bo‘limni juda bo‘sh o‘tkazishdi va Soriya darvozasiga aytarli xavf sola olishmadi.
Yil mag‘lubiyat bilan boshlandi, bu madridliklar uchun chempionatda mavsumdagi ikkinchisi - birinchisi oktabr oyida «Espanol»dan qabul qilingan, shundan keyin 11 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etilgandi.
«Futbolchilar asabiylashishdi. Biz to‘pni ko‘p yo‘qotdik va ularning golidan keyin duellarni yutqazdik. Jamoa bugun ta’tilda edi. Hech qanday konsentratsiya, umuman hech narsa ko‘rsata olmadik. Biz shunchaki ularga ochko berdik va buni qabul qilib bo‘lmaydi», — deya tan oldi o‘yindan keyin Anchelotti.

Lekin vahimaga hojat yo‘q, bugun «Sevilya» o‘z o‘yinida g‘alaba qozongan taqdirda ham, oradagi farq 5 ochkoni tashkil etadi.
«Xetafe» esa to‘qqiz yil ichida ilk bor «Qirollik klubi»ni mag‘lub etdi. Bunda Kike Sanches Floresning mehnatini e’tirof etish kerak. U jamoaga kelishidan oldin jamoa sakkiz turda atigi bir ochko olgandi, murabbiy almashgach — 11 o‘yinda 17 ochko to‘plandi va jamoa xavfli zonani tark etdi.
Kutilmagan qahramon

Malorka – Barselona 0:1 (0:1, 0:0)
Gol: 0:1 – 44 de Yong.
Malorka – Reyna, Maffeo, Russo, Valent, Kosta, Li Kan In (Lyabres, 71), Dani Rodriges, Sanches (Jordi Mboula, 70), Baba (Ruis de Galarreta, 61), Battalya (Prats, 84), Anxel Rodriges (Fer Nino, 61).
Barselona – ter Stegen, Mingesa (Langle, 76), Pike, Erik Garsiya, Arauxo, Niko Gonsales (Alvaro Sans, 71), de Yong, Puch, Axomash (Pedrola, 80), de Yong, Jujla.
Ogohlantirishlar: Jujla (79), Kosta (83), Prats (89), Dani Rodriges (90), Langle (90), Valent (90), Maffeo (90).
Kataloniyaliklar moliyaviy muammolarga qaramay, ehtimoliy transferlar bilan axboriy kenglikni portlatishmoqda, klub dastlabki transferni amalga oshirib bo‘ldi - «Manchester Siti»dan 55 million yevro evaziga Ferran Torres olib kelindi. Ammo yangi futbolchisini o‘ynatish uchun «Barselona» to‘lovlar vedomostini yengillashtirishi kerak. Klub Filippe Koutino va Umtitini sotishi deyarli aniq, bundan tashqari yanvarda Kataloniya poytaxtini Dembele ham tark etishi mumkin, rahbariyat va futbolchi o‘rtasida shartnomani yangilash bo‘yicha muzokaralar samarasiz yakunlandi. Bu futbolchilar sotuvi haqidagi xabarlar fonida «Kamp Nou»ga Morata kelishi kutilayotgani haqida xabar paydo bo‘ldi.
Ammo «Barsa»ning yuqoridagi muammolari hal qilinishi uchun butun yanvar turgan bo‘lsa, navbatdagi tur doirasida «Malorka»ga qarshi o‘yin uchun tarkib yig‘ish qiyin vazifaga aylandi. Ko‘k-anorranglilar tarkibida koronavirus avj olgan, kasallanganlar soni geometrik progressiya bo‘yicha ko‘paydi, o‘yin arafasida Xavi 17-18 futbolchi safdan chiqqanini aytib, liganing o‘yinni qoldirmaslik qarorini aqlsizlik deb atadi.

Boshqa tomondan, bu futbolchilardan yetti nafari kovid tufayli emas, jarohatlanib oldinroq safdan chiqqandi.
- Jarohat: Martin Breytueyt, Serji Roberto, Memfis Depay, Ansu Fati va Pedri. So‘nggi uch futbolchi mashg‘ulotlarga qaytgan. Ferran Torresda ham kichik jarohat bor, ammo u baribir o‘ynay olmasdi, 3 yanvar holatiga ko‘ra la liga qaydnomasidan o‘tkazilmagan;
- Diskvalifikatsiya: Serji Buskets va Gavi «Malorka»ga qarshi o‘yinni sariq kartochkalar soni ko‘payib ketgani uchun o‘tkazib yuborishardi;
- Koronavirus: Gavi virus ham yuqtirib olgan va Usmon Dembele, Serjino Dest, Filippe Koutino, Abde Ezzalzuli, Dani Alves, Jordi Alba va Aleks Balde kabi futbolchilardan iborat kampaniyaga qo‘shilgan.
Katalonlar zayavkaning yarmini «Barselona-B» va U-19 jamoasi futbolchilari bilan to‘ldirishiga to‘g‘ri keldi. Jamoa bilan «Malorka»ga muxlislarga tanish bo‘lib qolgan Jujla, Axomash va Niko Gonsalesdan tashqari Alvaro Sans, Arnau Komas, Gilem Jaime, Estanis Pedrola, Lukas De Vega va Mika Marmol kabi yangi nomlar ham yo‘l oldi. Bu fonda Ronald Arauxo – faxriy futbolchi bo‘lib ko‘rinadi.
O‘yin qoldirilishi mumkinligi haqidagi bayonot esa «Malorka»dagilarning noroziligini uyg‘otdi. Orolliklar jamoasi bosh murabbiyi Luis Garsiya uning jamoasi ligada koronavirusdan eng ko‘p jabr chekkan jamoa ekanini eslatib, ko‘k-anorranglilarning zaxirasidagilar la liganing istalgan jamoasi boshlang‘ich tarkibi bilan teng darajada ekanini ta’kidladi.
Umuman olganda, hayot davom etadi, «Malorka» stadionida esa Samyuel Eto'Oning ko‘rinishi aks etgan freska ochilishi marosimi o‘tkazildi. Kamerunlik futbolchi sobiq jamoasi o‘yiniga tashrif buyurdi va sovg‘alar qabul qilib oldi, o‘yin boshlanishi arafasida eski do‘sti Xavi bilan quyuq so‘rashdi.
O‘yin mehmonlar ssenariysi bo‘yicha kechdi va maydondagi eng yorqin figura Lyuk de Yong bo‘ldi. Yozda Kuman ilojsizlikdan tarkibga olgan va ayni vaqtda o‘ziga yangi klub axtarayotgan («Kadis» va Turkiyadan variantlar bor) kutilmagan qahramonga aylandi.

Ushbu niderlandiyalik Xavi kelganidan keyin faqat ikki o‘yinda boshlang‘ich tarkibda tushdi, u hozirgi murabbiylar shtabiga to‘g‘ri kelmasligini aytishmoqda. U esa bu o‘yindagi asosiy haylaytlar ishtirokchisiga aylandi - birinchi bo‘limda darvoza ustunini poyladi, keyin qaychi uslubidagi zarbasi bilan darvoza to‘sinni titratdi, nihoyat tanaffus arafasida oldinga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ygan darvozabonni jazolab, hisobni ochdi.
Ikkinchi bo‘limda Sans va Pedrola debyut qildi, «Barselona» esa hisobni ushlashga o‘ynadi. G‘alabani saqlab qolishda Mark-Andre ter Stegen ham yordam berdi - qo‘shimcha daqiqalarda uning fantastik seyvi jamoani ochko yo‘qotishdan qutqardi.
Mag‘lubiyatsiz seriyani to‘rt o‘yinga yetkazgan kataloniyaliklar «Real Sosedad» va «Rayo Valekano»ni ortda qoldirib, beshinchi o‘ringa ko‘tarildi. Xavi davrida «Barsa» safar o‘yinlarida mag‘lub bo‘lish an’anasiga barham berdi (ikki g‘alaba va ikki durang) va endi jamoani Chempionlar ligasi kvartetidan birgina ochko ajratib turibdi, lekin «Real»gacha 15 ochko bor.
«Atletiko» to‘rtlikka qaytdi
Atletiko – Rayo Valekano 2:0 (1:0, 1:0)
Gollar: 1:0 – 28 Korrea, 2:0 – 53 Korrea.
Atletiko – Oblak, Tripper, Ximenes, Ermoso, Lodi, Karrasko (Felipe, 90), de Paul, Kondogbia, Lemar, Korrea, Suares (Mateus Kunya, 72).
Rayo Valekano – Zidan, Baliu, Savelich, Marash, Fran Garsiya, Palason (Martin, 46), Unai Lopes (Trexo, 59), Rodriges (Bebe, 59), Komesanya (Falkao, 76), Oskar Valentin, Gvardiola (Agirre, 82).
Ogohlantirishlar: Suares (26), Ximenes (63), de Paul (73).
Diyego Simeone jamoasida inqirozdan chiqish uchun yaxshi imkoniyat yuzaga keldi — qatorasiga to‘rt mag‘lubiyatdan keyin kvartet uchun raqiblar bilan o‘zaro o‘yinda g‘alaba qozonish orqali kvartetga qaytish. Dekabr oyi oxirida «matraschilar» yetakchilari Koke, Grizmann, Errera va Joau Felishda koronavirus aniqlangandi, ammo «Atletiko» zaxirasi «Rayo»nikidan ancha kuchliroq edi.
«Asalarilar» esa 17 futbolchisi kasallanganini e’lon qilib, chempionatning qayg‘uli rekordini o‘rnatishgandi. Dastlabki holatlar Rojdestvodan oldin aniqlangandi, shu tufayli jamoa bosh murabbiyi Andoni Iraola ta’tilni bir kunga uzaytirdi. Ammo birinchi ish kuni — navbatdagi test natijalaridan keyin — mashg‘ulotlarda faqat 8 futbolchi qatnashishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi.
Natijada mehmonlar darvozasini birinchi turdan beri maydonga tushmagan Lyuk Zidan egalladi, o‘shanda Zinedin Zidanning o‘g‘li 16-daqiqadayoq chetlatilgandi. O‘yin boshida himoyachilarni aldab o‘tgan Suares fransuzni xafa qila olmadi, ammo ko‘p o‘tmay Korreaning zarbasi aniq chiqdi. Argentinalik futbolchi unikal natija qayd etmoqda - u so‘nggi besh yilda uch marta «Atletiko»ning yangi yildagi ilk goli muallifi bo‘lgan.
Korreaning ikkinchi goli «Rayo» uchun hukm bo‘ldi va o‘yin faqat bir tomonlama ko‘rinish oldi. Mezbon muxlislar tomonidan olqishlar bilan qarshi olingan Falkao ham yordam bera olmadi. O‘yin qahramoni Korrea nafaqat o‘z jamoasini Chempionlar ligasi hududiga qaytardi, balki gollari sonini 52taga yetkazib, Paulo Futre bilan tenglashdi va klub tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar o‘ttizligiga kirdi.
Aspas «Betis»ni nokaut qildi
Andalusiyaliklar bu o‘yin natijasidan qat’i nazar uchinchi o‘rinni saqlab qolishi aniq edi. «Betis»da ham koronavirus avj olgan, klub testi musbat natija bergan futbolchilari nomini ochiqlamadi, ammo boshlang‘ich tarkiblar protokoli paydo bo‘lishidan avvalroq jurnalistlar kasallanganlardan birining kimligini aniqlashdi. Gap shundaki, «Betis» bilan yaqinda shartnoma imzolagan Borxa Iglesias mashhur teledastur jonli efirida chiqishdan bosh tortishga majbur bo‘lgandi.
Ammo forvard o‘yingacha zayavkaga qaytdi va Manuel Pellegrinining xavotirlariga ters o‘laroq andalusiyaliklar zaxirasi Fekir va Telo ham borligini hisobga olgan holda u qadar kuchsiz ko‘rinmasdi. Bu muhim edi, chunki «Selta» «Benito Vilyamarin»da o‘yinni juda kuchli boshladi. Maydon egalari darvozaboni Ruy Silva to‘pni tashlab berishda xatoga yo‘l qo‘yishi Gaurdado jarima maydoni ichida Servini yiqitishiga olib keldi va Aspas nuqtadan adashmadi - u qatorasiga yettinchi mavsum kamida 10tadan gol urmoqda. Galisiyaliklar yetakchisi Viktor Ruisning e’tiborsizligidan foydalanib ikkinchi golni urdi va g‘alabani mustahkamladi.
«Betis»ga tanaffus ham, o‘yinchi almashtirishlar ham yordam bermadi. Mezbonlar maydonning ikkinchi qismida ham to‘pga egalik qilishdi, ammo yaqqol golli vaziyatlar yuzaga kelmadi. Agar Santi Minaning zarbasi ustunga tegmaganida hisob yanada yirik ko‘rinish olishi mumkin edi. Yashil-oqlar uchun bu qatorasiga to‘rt g‘alabadan keyin ketma-ket ikkinchi mag‘lubiyat bo‘ldi.
UPD: 3 yanvar kungi o‘yinda «Sevilya» «Kadis»ni kichik hisobda yengdi (1:0) va ikkinchi o‘rinni mustahkamladi.

Mavzuga oid
16:18 / 17.03.2025
Avtogollar, 70 yil kutilgan kubok va «Barsa»ning superkambeki – Yevroturning eng muhim 8 voqeasi
13:54 / 30.11.2024
Noxush seriyadagi «Siti» «Enfild»ga boradi, Germaniyada Der Klasiker, «Inter» «Fiorentina»ga qarshi - hafta o‘yinlari anonsi
14:31 / 02.11.2024
«Arsenal»da yana jiddiy raqib, Husanov «PSJ»ga qarshi, «Chelsi» «Old Trafford»ga boradi - uikend anonsi
15:13 / 05.10.2024