O‘zbekiston | 12:55 / 04.01.2022
44276
6 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi yangi tunnel devorlaridan suv otilib chiqdi. Qurilish tendersiz amalga oshirilgan

Qurilishi uchun 143 mlrd so‘m sarflangan loyiha «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ «Ko‘prikqurilish» tresti UK tomonidan amalga oshirilgan. Tunnel 31 dekabr kuni foydalanishga topshirilgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida 31 dekabr kuni foydalanishga topshirilgan avtomobil-tramvay tunneli shaklidagi yo‘l o‘tkazgich devorlaridan yomg‘ir tufayli suv sizib chiqayotgani aks etgan videolar tarqaldi.

«Yomg‘ir Samarqand shahrida barpo etilgan yangi tunnel va ko‘prikli yo‘lni sinovdan o‘tkazmoqda», deyiladi Samarqand | Kun.uz kanalidagi videoli postda.

«Umumiy qiymati 143 milliard so‘mni tashkil etgan hamda to‘liq davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilgan yo‘l inshooti, aftidan, kecha yoqqan yomg‘irlar sinovidan o‘ta olmagan», deydi davletovuz kanali muallifi.

Tunnel ochilganiga bir hafta ham bo‘lmadi

2021 yil 31 dekabr kuni Samarqandda Ro‘dakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari kesishmasida barpo etilgan avtomobil-tramvay tunneli tantanali ravishda ochildi.

Foto: Samarqand viloyati hokimligi

Tunnel qurilishi 2019 yil oxirida boshlangandi. Ushbu qurilish 2022 yilda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidan oldin shahar ko‘chalarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar doirasida amalga oshirilgan. Qurilish sababli chorrahadagi transport qatnovi to‘xtatib qo‘yilgan edi, shu jumladan 2-raqamli «Vokzal — Siyob bozori» tramvay qatnovi ham.

Hokimlikning «Samarqand ovozi» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, qurilish uchun 143 mlrd so‘m sarflangan, bu mablag‘lar to‘liq davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilgan.

Tunnel har bir tomonga uchta harakatlanish yo‘lagiga ega, ulardan biri tramvay uchun mo‘ljallangan.

Foto: t.me/samvest.

Nega «shes sekund»da?

«O‘zgidromet» yetakchi mutaxassisi Erkin Abdulahatov telegramdagi kanalida drenajlarni qurishda meteorologik ma’lumotlarga asoslanilganini shubha ostiga oldi.

«O‘zbekiston MTRKda tunnel ko‘rinishidagi yo‘l o‘tkazgich ochilish marosimida ketgan lavhada jurnalist qiz tomonidan «Reja bo‘yicha 3 yilda qurilishi lozim bo‘lgan tunnel 1,5 yil ichida, 1 yil ichida qurilishi lozim bo‘lgan galereya tipidagi yo‘l o‘tkazgichi esa olti oy ichida foydalanishga topshirilishiga erishildi» deya ta’kidlangan. 

«Nega buncha tez va nega galereya tipidagi yo‘l qurilishi so‘nggi bosqichi sovuq qish oylarida barpo etildi?» deya savol beradigan odamning o‘zi yo‘q.

Bu tipdagi ko‘prik loyiha umumiy qiymati 143 mlrd so‘m (taxminan 14 mln dollar) bo‘lib, qurilish obektining parametrlari quyidagicha: 

  • yo‘l o‘tkazgich uzunligi 1 km;
  • balandligi 5,8 metr;
  • kengligi 26,4 metr;
  • yopiq qismining uzunligi 120 metr.

Xo‘sh, loyihada hududda kuzatilgan yog‘inlarni xavfsiz talafotsiz o‘tkazib yuboruvchi drenajlarni qurishda qanday yog‘in miqdori inobatga olingan? O‘zi umuman, qurilish loyihasida tabiiy omil ta’sirlari e’tiborga olinganmi? Samarqand shahrida muqaddam kuzatilgan maksimal yog‘in jadalligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida suv o‘tkazish inshootlari loyihada ko‘rsatilganmi? 

Hisobga olingan bo‘lsa, nega «to‘rtta yomg‘ir»da suv yangi obekt devorlaridan sizib chiqmoqda? Bahor va yozda sel-suv toshqin keltirib chiqaradigan haqiqiy intensiv yog‘inlar davrida nima bo‘ladi? 

O‘zi bu ko‘prikni qaysi pudrat tashkiloti «shes sekund»da qurib tashladi? Va nima uchun «shes sekund»da? 

Samarqand kuzatuv meteorologik stansiyasi o‘z ish faoliyatini boshlaganiga mana salkam 1 asrdan ko‘p vaqt bo‘ldi. U o‘zida hududda kuzatilgan asriy yog‘ingarchilik ma’lumotlarini to‘plab, yig‘ib yotibdi. Ma’lumotlar shu kabi qurilish obektlarini barpo etish uchun to‘planyapti. Nega, chuqurroq tahlil olib borib mukammal obektlar qurmaysizlar? Sizlarga kim, nima xalaqit beryapti?» deydi kanal muallifi.

Pudratchi — «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ «Ko‘prikqurilish» tresti UK

2019 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur tunnel «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ «Ko‘prikqurilish» tresti UK tomonidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. 

Hukumat qarori bilan loyihachi, pudratchi tashkilotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri eng yaxshi takliflar asosida tanlovlarsiz belgilab olishga mutasaddi vazirliklar, idoralar hamda Samarqand viloyati hokimligiga, istisno tariqasida, ruxsat berilgan. Shuningdek, qurilish-montaj, ta’mirlash, rekonstruksiya ishlari loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash bilan bir vaqtda amalga oshirilishiga ham ijozat berilgan.

Bakiroo kanali tunnelni «G‘alvirtunnel» deb atadi.

«Davletovning e’tibor qaratishicha, loyihaning amalga oshirilishiga tendersiz (boshqacha bo‘lishi mumkinmi?) tarzda ruxsat berilgan.

Umuman olganda, davlat buyurtmalari bo‘yicha loyihalar qiymatining cheksiz shishirilishi va taqsimlovchilar tomonidan mablag‘larni o‘zlashtirishda tugamaydigan qonunbuzarliklar davlat yaxshi taqsimlovchimi o‘zi, degan savolni o‘rtaga chiqaraveradi.

Biz g‘alvirda suv tashishni davom ettiraveramizmi?» deya savol qo‘yadi u.

Mavzuga oid