14:47 / 06.01.2022
4152

Ekoqo‘mita Nukusda kallaklangan daraxtlar voqeasi yuzasidan tushuntirish berdi

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

Nukus–Taxtako‘pir aylanma yo‘li yoqasidagi 300 tupdan ziyod daraxt kallaklangani, buning oqibatida xunuk manzara hosil bo‘lgani, daraxtlarning shoxlari, ustki qismi kesilgani va ular go‘yoki simsiz simyog‘ochga aylangani haqida Kun.uz muxbiri xabar qilgandi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida voqea sodir bo‘lgan joyga ekolog va dendrologlarni safarbar qilgan. Holat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida nazorat bo‘yicha Nukus shahar inspeksiyasi va «Qoraqalpoq yo‘lko‘kalam» unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan joyiga chiqib o‘rganilgan. 

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

Aniqlanishicha, «Qoraqalpoq yo‘lko‘kalam» unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan «Nukus-Chimboy-Taxtako‘pir» yo‘lining 14-kilometri bo‘yidagi daraxtlarga 2021 yil oktabr oyida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida shakl berilgan.

Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan daraxtlarga shakl berish ishlari to‘g‘ri olib borilganligi to‘g‘risida xulosa berilgan.

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

«Bu daraxtlar sadaqayrag‘ochdir. Ular aynan shunday kallaklanadi. Yo‘l yoqasi alleya qilingan va daraxtlar baland bo‘lib ketmasligi, chiroyli, yumaloq shaklga kirib, estetik zavq berishi uchun alleyaga ekilgan. Daraxtlar alleyadagi chim va gul ko‘chatlariga soya berib, to‘sib qo‘ymasligi uchun eniga o‘stiriladi. Agar shunday butalmasa, bo‘yiga o‘sib, shoxlari tarvaqaylab, beso‘naqay ko‘rinishga kelib qolishi mumkin. Bu joy yo‘l yoqasi, odamlar aylanib yuradigan istirohat maskani emas. Shu tufayli eng avvalo estetik holatiga e’tibor beriladi. Davlat rahbarining Nukusga tashrifi davomida o‘sha alleya ham taqdim qilinadi», deb tushuntirish berdi Ekoqo‘mita boshqarma boshlig‘i Abdurashid Sodiqov.

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi
Mavzuga oid
Top