O‘zbekiston | 18:32 / 16.01.2022
18081
6 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi fuqarodan 123 mln so‘m qarz. Undiruvga kelganda MIB yana ojiz

Fuqaroning noqonuniy buzilgan bog‘i uchun hokimlik 123 mln so‘m to‘lashi kerak. Sobiq hokimning noto‘g‘ri qarori uchun mahalliy budjet zarar ko‘radi. Amaldagi hokim esa qarzdan qutulishga shoshilmayapti.

Kun.uz muxbiri Kattaqo‘rg‘on tumanida bo‘lib, Umarovaning turmush o‘rtog‘i Dilmurod Davirov hamda tuman hokimi Jamshid Nasriddinov bilan suhbatlashdi.

Oilaga Kattaqo‘rg‘on tumani hokimining 1995 yil 29 noyabrdagi qarori bilan hududdan 1 gektar yomon holatdagi uzumzor dehqon xo‘jaligi tashkil qilish uchun xususiylashtirib berilgan. Davirovning aytishicha, yillar davomida ushbu bog‘da mehnat qilgan va daromad olib kelgan.

Ammo 2020 yil 13 mart kuni tuman hokimligining bir guruh xodimlari texnika yordamida bog‘ni buzdirishgan. Mas’ullar ushbu yerlar «Kattaqo‘rg‘on Klubnika» MChJga tegishli ekanini ma’lum qilishgan. Davirov bir gektar yerda mingdan ortiq tok ekilgani va yiliga o‘rtacha 4,5-5 tonna hosil olganini aytmoqda.

Shundan so‘ng Davirov tuman hokimining 2019 yil 7 fevral kuni chiqarilgan (dehqon xo‘jaligi yer maydonlaridan maqsadli va samarali foydalanilmagani sababli yerni tuman zaxirasiga qaytarib olish to‘g‘risida) haqiqiy emas deb topishni so‘rab, sudga murojaat qilgan.

Samarqand tumanlararo ma’muriy sudining 2021 yil 4 fevraldagi qarori bilan fermer arizasi dastlab rad etiladi. Shundan so‘ng viloyat ma’muriy sudiga apellyatsiya beriladi. Ammo viloyat ham qarorni o‘zgarishsiz qoldiradi.

Davirovlar Oliy sudga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Oila boshlig‘ining aytishicha, Oliy sudda adolat qaror topadi. Oliy sud ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 2021 yil 25 maydagi ajrimi bilan tuman hokimining 2019 yil 7 fevral – yerni zaxiraga olish to‘g‘risidagi qarori bekor qilinadi.

Biroq jarayon shu bilan yakunlanmaydi. Davirov tuman hokimi qarori bekor qilingach, moddiy va ma’naviy zarar undirish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudiga murojaat qiladi. Sud da’voni qisman qanoatlantirib, tuman hokimligidan jami 123 million so‘m moddiy-ma’naviy zarar undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqaradi. Shuningdek, tuman zaxira yerlariga olingan E.Qurbonov massividagi bir gektar tokzor yer maydoni Hadicha Umarovaga qaytarilishi belgilanadi.

Ushbu qarorga ko‘ra, Hadicha Umarovadan davlat foydasiga 22 710 000 so‘m miqdorida davlat boji undirilishi ham qayd etilgan. Umarovaning turmush o‘rtog‘i Dilmurod Davirovning ma’lum qilishicha, MIB ko‘proq qarorning mana shu qismi, ya’ni Davirovlardan davlatga boj undirishga urg‘u beryapti. Murojaatchi dastlab 123 million so‘m zarar undirilishi, undan keyin davlat bojini to‘lash maqsadga muvofiqligini aytmoqda.

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi Jamshid Nasriddinov ham holat yuzasidan fikrlarini bildirdi.

Nasriddinov ushbu holat o‘zining rahbarlik paytida kuzatilmagan bo‘lsa-da, voqeadan xabardorligini aytib o‘tdi va sud qaroriga e’tiroz qilmasligini bildirdi.

«Davirovlar muhimi yerdan samarali foydalanishsa bo‘ldi, e’tirozimiz yo‘q. Ammo Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2021 yil 8 sentyabr kungi qarorida yerni qaytarishdan tashqari, tuman hokimligidan 123 mln so‘m moddiy-ma’naviy zarar undirish ko‘zda tutilgan. Qarorning zararni undirish bilan bog‘liq qismi bo‘yicha sudga murojaat qilmoqchimiz. Agar ish fuqaro foydasiga hal bo‘ladigan bo‘lsa, hech qanday e’tirozimiz yo‘q», dedi hokim.

Shu o‘rinda huquqshunoslar yaxshi tushunadigan bir qoidaga e’tibor qaratamiz: sud protsessual normalariga ko‘ra birinchi instansiya sudi chiqargan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat kiritish muddati – 1 oy!

Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2021 yil 8 sentyabrdagi qarori ijrosi bo‘yicha Majburiy ijro byurosi Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi boshlig‘i Nasim Turapov bilan telefon orqali bog‘landik. Turapov fuqaro foydasiga 123 mln so‘mni undirishni so‘rab tuman hokimiga o‘tgan yilning oktyabr oyida xat chiqarilganini ma’lum qildi. Biroq tuman g‘azna bo‘limi bu kabi holatlar uchun xarajatlar vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Davirovlarning o‘zi ham bugun «yoz-yoz»lardan charchagan.

«Biz yerimizda qonuniy va samarali ishlashimiz uchun hokimlik o‘z talabini qo‘yish barobarida, majburiyatini ham inobatga olsin» degan istakni bildiryapti. Tuman g‘azna bo‘limi hamda hokimning munosabati shuni anglatadiki, Kattaqo‘rg‘onda sud qarorini ijro etishdan qochilyapti.

Bu o‘rinda qonunlarning barcha uchun aniq va bir xilda bajarilishi uchun mas’ul bo‘lgan Bosh prokuraturaning bir bo‘lagi bo‘lgan MIB hokimlar oldida ojiz ekani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topmoqda.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri

Suratlar muallifi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid