20:52 / 19.01.2022
18810

RBK: ekspertlar Ukrainaga harbiy bosqin rublning 20 foizga qulashiga olib kelishini prognoz qilmoqda

Foto: Oleg Yakovlev / RBK

Ukrainaga harbiy hujum ro‘y berishi va bunga javoban G‘arb qat’iy sanksiyalar qo‘llashi Rossiya valutasini 20 foizga qadrsizlantirishi mumkin. RBK nashrining yozishicha, «Renessans Kapital» investitsiya kompaniyasi tahlilchilari shunday xulosaga kelishgan.

Bu holatda dollar kursi ko‘tarilib, bir dollar 85-90 rublga yetishi mumkin. RBK bilan suhbatda «Renessans Kapital» iqtisodchisi Sofya Donetsning aytishicha, Rossiya valutasi Ukraina atrofidagi keskinlik tufayli 5 foizga qadrsizlanib ulgurgan.

«Renessans Kapital»dagilarning hisoblashicha, bunday pessimistik ssenariyda Rossiya regulyatorlari favqulodda choralarga qo‘l urishi, jumladan kapitalni nazorat qilish elementlari joriy etishi va xorijiy kapitalning olib chiqib ketilishini sekinlashtirishga qaratilgan harakatlar amalga oshirishi mumkin.

Shuningdek, tahlilchilar Markaziy bank moliyaviy barqarorlikni ta’minlash uchun valuta intervensiyalarini amalga oshirishga majbur bo‘lishini istisno etmagan.

  • Moskva birjasida ayni vaqtda 1 dollar 76,32 rublga teng.
  • 18 yanvar kuni Rossiya fond bozorida pandemiya boshidan buyon qimmatli qog‘ozlar narxining eng katta qulashi kuzatildi. Savdo yakuniga ko‘ra, Mosbirja indeksi 6,5 foizga, RTS indeksi 7,29 foizga pasaydi. 19 yanvar kuni birja indekslari oldingi kundagi yo‘qotishlarning katta qismini qaytardi.
  • AQSh va Yevroittifoq Ukrainaga bostirib kirishga javoban Rossiyaga nisbatan qat’iy sanksiyalar joriy etish bilan tahdid qilgan - Rossiyaning yirik banklariga nisbatan sanksiyalar va RF prezidenti Vladimir Putin va yuqori lavozimli amaldorlarga nisbatan alohida cheklovlar shular jumlasidan.
  • Rossiya Ukrainaga bostirib kirishga tayyorlanayotgani haqidagi xabarlarni qat’iyan rad etadi, ushbu davlat chegarasida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishini ichki ishi deb ataydi.
Mavzuga oid
Top