Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bir oyoqda 4 ta sport turi bilan shug‘ullanadigan Muhammaddin
Matonatli hamyurtlarimiz juda ko‘p. Biz bugun hikoya qilmoqchi bo‘lgan qahramonimiz ham bir oyog‘idan ajralganiga qaramay, biryo‘la 4ta sport turi: futbol, baydarka va kanoeda eshkak eshish, yengil atletika va stol tennisi bilan muntazam shug‘ullanadi.
32 yoshli Muhammaddin Turjanov Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti Nukus shahrida yashaydi. U 14 yoshida chap oyog‘idan ayrilgan.
U 8-sinfligida maktabda oyog‘ini partaga urib oladi. Singan oyoqni davolashdagi nuqsonlar tufayli alaloqibat uni kestirishga majbur bo‘ladi.

Muhammaddin oyog‘idan ajralgani bilan hammasi tugamagan edi. Haqiqiy sinovlar shundan keyin boshlandi. U ikki yil davomida muntazam shifoxonada qolishga majbur bo‘ldi.
“Oyoqdan ayrilish og‘riqli emas, undan keyingi jarayon fojiali. Tana a’zosidan ayrilish jismoniy og‘riq tug‘diradi. Unga chidasa bo‘ladi. Undan keyingi jarayonda ham jisman, ham ruhan qiynalasiz. Mana shundan chiqib ketish qiyin”, deydi qahramonimiz.
Uzoq muddatli davolanishdan keyin, tibbiy amaliyotlardan 5 yil o‘tib, u futbol bilan shug‘ullanishni boshladi. O‘zining aytishicha, o‘sha paytlarda unga mahallasidagi yigitlar yordam bergan.


Qahramonimiz hozirda “Matonat” va “Baynalminal” nogiron-amputantlar futbol jamoasida to‘p surmoqda. O‘zbekiston amputantlar terma jamoasiga ham jalb qilingan. Uning maydondagi vazifasi himoyachi. 2- va 22-raqamlarda o‘ynaydi.



Bundan tashqari, u yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston birinchiligida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Parakanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida ham sovrindorlar qatoridan o‘rin olgan.


Hamma ishga bir oyoqda ulguradigan qahramonimiz stol tennisiga ham vaqt topgan. Hozirda qish mavsumi bo‘lgani uchun Muhammaddin har kuni 2-3 soatdan mustaqil mashg‘ulotlarni Nukusdagi sport majmuasida olib bormoqda.



Qoraqalpog‘istonning chekka hududlarida Muhammaddinga o‘xshab hayot sinovlarga duch kelgan yoshlar ko‘p. Uning hayotiy maqsadi – o‘zi kabi jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarga sport orqali yordam berish.
Shuhrat Saidahmadov, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov
Mavzuga oid
19:13 / 07.04.2026
Futbol bo‘yicha Superliga o‘yinlari soat 19:00 dan keyin belgilanishi mumkin
19:12 / 07.04.2026
Oliy sport mahorati maktablari o‘rniga «Olimpiya terma jamoalari markazi» tashkil qilinadi
18:34 / 07.04.2026
Ishchilarining sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratgan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi
18:32 / 07.04.2026