Jahon | 19:06 / 24.01.2022
7006
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kiyevdan o‘z diplomatlarini evakuatsiya qilishga kirishadi

Foto: Reuters

AQSh Davlat departamenti Rossiya bosqinchiligi xavfi tufayli Amerikaning Kiyevdagi elchixonasi xodimlari oilalariga mamlakatni tark etishni buyurdi. Bu haqda muassasa saytida ma’lum qilingan.

Shu sabablar bilan diplomatlar AQSh fuqarolariga Ukrainaga bormaslikni tavsiya qilmoqda. Amerika hukumatining hisoblashicha, Moskva Kiyevga istalgan vaqtda hujum qilishi mumkin va harbiy harakatlar kuchaygan vaqtda AQSh o‘z fuqarolarini Ukrainadan evakuatsiya qila olmay qoladi.

Davlat departamenti Amerika elchixonasi Kiyevdagi faoliyatini davom ettirishini qayd etgan. AQShning Ukarinadagi muvaqqat ishlar vakili Kristina Kvin va asosiy diplomatik personal mamlakatda qoladi, majburiy evakuatsiya faqatgina davlat xizmatchilarining oila a’zolariga taalluqli bo‘ladi.

Avvalroq The New York Times 2022 yil boshida Rossiya Ukarinadan o‘zining diplomatik xodimlari oilalarining a’zolarini olib chiqib ketganini yozgandi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyevdagi elchixona va Lvovdagi konsullikdan 50 nafarga yaqin odam ketgan. RF TIV gazetaning bu maqolasiga javoban «Rossiyaning Kiyevdagi elchixonasi shtat rejimida ishlayotgani»ni bildirgan.

22 yanvar kuni Germaniyadagi Bild tabloidi Germaniya TIV mamlakatning Ukrainadagi elchixonasidan xodimlarning oila a’zolarini evakuatsiya qilish rejasini ishlab chiqayotgani haqida xabar tarqatgandi. Vazirlik rasmiy bayonotida «elchixona xodimlari sonini qisqartirish va ularning oila a’zolarini [olib chiqish] bo‘yicha hech qanday chora ko‘rilmayotgani» ma’lum qilindi.

  • 2021 yil kuzida G‘arbdagilar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirish ehtimolini muhokama qilishni boshladi. OAV Rossiya harbiylarini ukrain chegaralari yaqiniga olib kelayotgani haqida yozib keladi. AQSh va Yevropa mamlakatlari rossiyalik harbiylar chegaradan o‘tsa, qat’iy sanksiyalar joriy etilishidan ogohlantirmoqda. Moskva harbiy operatsiyaga tayyorlanayotganini tan olmagan, harbiylarning chegara tomon olib kelinishini o‘quv mashg‘ulotlari bilan izohlagan.

Mavzuga oid