11:00 / 28.01.2022
5159

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari tomonidan Buxorodagi tabiiy gaz qazib chiqarish va qayta ishlash holati o‘rganildi

Joriy yilning 25 yanvar kuni mintaqaviy energotizimda ro‘y bergan nosozliklar sabab Respublika bo‘ylab elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo‘ldi va tabiiyki ushbu holat “O‘zbekneftgaz” AJ boshqarma va zavodlari faoliyatiga ham salbiy ta’sir o‘tkazdi. Xususan, Buxoro viloyatida joylashgan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida ham gaz qazib chiqarish vaqtincha to‘xtadi.

Foto: O‘zbekneftgaz

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida tuzilgan “Vaqtinchalik shtab” a’zolari tomonidan elektr ta’minoti tiklangach, boshqarmalar hamda zavodlar faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas choralar ko‘rildi hamda tizimdagi korxonalar faoliyati to‘liq tiklandi.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” joylarda tizim korxonalari faoliyatini tiklash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni nazorat qilishi va uglevodorodlar qazib chiqarishni to‘liq tiklash faoliyatini jadallashtirish maqsadida Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘ldi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Ishchi guruh tashrif davomida Gazli gazni qayta ishlash zavodi qurilmalarida texnologik jarayonlarning qayta yo‘lga qo‘yilganligi, qurilmalarning ish holati bilan yaqindan tanishdi.

Xususan, zavod hududidagi siquv kompressor stansiyasi, gazdan suyultirilgan gaz ajratib olish qurilmasining faoliyati o‘rganilib, uzluksiz ish tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

Mavjud gaz haydash agregatlari to‘liq quvvatda ishlatilishini ta’minlash bilan konlardan tabiiy gaz qazib chiqarishni tezda to‘liq qayta tiklash, suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish choralarini ko‘rishga doir masalalar bo‘yicha Gazli boshqarmasi va zavodi hamda tegishli departament boshliqlariga bir qator vazifalar belgilab berildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Shuningdek, Gazli gazni qayta ishlash zavodi infrastruktura obektlarini barpo etish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar holati ham joyida o‘rganildi va amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

2021 yil davomida ushbu zavodda yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishi, suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va uglevodorodlar qazib chiqarish hajmining ko‘payishini inobatga olib, mahsulotlarni iste’molchilarga o‘z vaqtida yetkazib berishni ta’minlash, transport vositalariga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash uchun barcha qulayliklarga ega zamonaviy 120 dan ortiq transport vositalariga xizmat ko‘rsatuvchi Avtosaroy, AYoQSh va AGQShlar ham barpo etish loyihasi bo‘yicha qurilish-montaj ishlari boshlangan edi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Loyihaga asosan AYoQSh va AGQShlar avtomatik raqamlashtirilgan rejimda ishlaydigan qurilmalar bilan jihozlanishi lozimligi ta’kidlab o‘tildi va barcha qurilmalar xavfsizlikni ta’minlovchi nazorat o‘lchov asboblari bilan ta’minlanib, raqamlashtirishni yo‘lga qo‘yish hamda markazlashtirilgan nazorat tizimi, transport vositalarini identifikatsiya qilish tizimini joriy qilish topshirig‘i berildi.

Hozirgi kunga qadar Buxoro neftni qayta ishlash zavodi hamda Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tomonidan loyiha bo‘yicha qurilish montaj ishlarining 70 foizdan ortig‘i bajarildi. Qurilish ishlari bilan tanishish davomida, mas’ul rahbarlarga qurilish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Tashrif davomida, sayyor yig‘ilish tashkil etilib, 2022 yilda Boshqarma bo‘yicha uglevodorodlar qazib chiqarishni ko‘paytirish maqsadida amalga oshirilishi rejalashtirilgan geologo-texnik tadbirlar, xususan quduqlarni kapital ta’mirlash va intensifikatsiya ishlari hamda texnologik obektlarni ishga tushirish yo‘nalishlaridagi rejalar taqdimoti o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Gazli gazni qayta ishlash zavodida 2022 yilda gazni oltingugurtdan tozalash qurilmalarining barqaror ishlashini ta’minlash va suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish yo‘nalishlarida amalga oshiriladigan loyihalar ham ko‘rib chiqildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

O‘z navbatida, bajariladigan geologo-texnik tadbirlar va loyihalarni jadallashtirish masalalari muhokama etilib, Boshqarma, zavod rahbarlari hamda departament boshliqlariga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ishlarni tashkillashtirish vazifalari berildi.

Eslatib o‘tamiz, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan o‘tgan 2021 yil davomida 23 ta konlardagi mavjud 280 ta quduqlar orqali 4,5 mlrd. metr kub tabiiy gaz va 98,8 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarishga erishildi. Gazli gazni qayta ishlash zavodi tomonidan 21,2 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarildi. Hozirda 10 ta quduqda kapital ta’mirlash hamda 6 ta quduqda burg‘ilash ishlari olib borilmoqda. Geologik texnik tadbirlarni bajarish hisobiga 2022 yilda 4,6 mlrd. kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish va 60 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati Ⓣ

Top