Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainada milliy gvardiya zobiti besh kishini otib o‘ldirdi. Uni «quloq» deb haqorat qilishgan
Ukrainaning Dnepr oblastida dahshatli qotillik sodir bo‘ldi. Milliy gvardiya zobiti to‘rt nafar sherigi va bir ayolni otib o‘ldirgan.
Fojia 27 yanvar kuni Dneprdagi milliy gvardiya zobitlari qo‘riqlaydigan «Yujmash» zavodi hududida, soat 04:00lar atrofida sodir bo‘lgan. Zobitlarga qurol berishayotganda muddatli harbiy xizmatchi Artemiy Ryabchuk kutilmaganda boshqa zobitlarni otib tashlaydi. Videoda u otib tashlagan qurbonlari o‘lganini tekshirish uchun yana ortga qaytgani ko‘ringan.
Ryabchuk milliy gvardiya zobitlaridan to‘rt nafari va zavod ishchisi bo‘lgan bir ayolni otib tashlagan. Yana besh kishi jarohatlangan. Xususan, milliy gvardiyaning 22 yoshli ayol zobitiga uch marta o‘q uzilgan. Qiz yelkasidan, tizzasidan va qornidan o‘q yegan, uch litrdan ortiq qon yo‘qotgan, ahvoli og‘ir.
21 yoshli Artemiy Ryabchuk Odessa oblastidagi Izmail shahrida tug‘ilgan. Muddatli harbiy xizmatchi bo‘lgan, otasiz o‘sgan. «Ukraina 24» telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Odessadagi korxonalardan birining omborida ishlagan. O‘tgan yil kuzida xizmatga chaqirilgan.
Qotillik sodir etilganidan biroz o‘tib tezkor tadbir o‘tkazgan politsiya xodimlari Ryabchukni tergov qilgani tasvirlangan video tarqaldi. Videoda zobitdan zavod ishchisi bo‘lgan ayolni va ayol zobitni nega otganini so‘rashgan. «Operator har 30 daqiqada harbiy qism bilan bog‘lanib, vaziyat haqida ma’lumot berishini bilardim. Uni (ayol zobitni) hisob bermasligi uchun otib tashladim», degan Ryabchuk.
Zavod ishchisi bo‘lgan ayol chiqish eshigi oldida zobitning yo‘lini to‘sgan. U eshikni ochmagan va kalitni ham bermagan. Shundan keyin zobit uning boshiga o‘q uzgan. Ammo baribir eshikni ocha olmay, tikanli simning bir burchagini kesib, devor oshib chiqib ketgan.
Zobitning ustidan kulishgan
Artemiy Ryabchuk nega sheriklarini otib tashlagani aniq emas, ammo Ukraina parlamentidagi inson huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi a’zosi Yuliya Yatsik feysbukdagi sahifasida yozishicha, yigitni sheriklari haqorat qilgan.
«Ikki oy avval Ryabchuk askarlar o‘rtasidagi janjalni tinchitgan. Keyin rahbariyatga bu haqda xabar bergan. Ammo rahbariyat hech qanday chora ko‘rmagan, yigitni «quloq» deb atab, ustidan kulishgan. U atay ikki oy qurol olish muddati yetishini kutgan va qasd olishni kutib yurgan. Qilgan ishidan afsuslanmaydi», deb yozgan Yatsik.
Deputatning aytishicha, qasos olish istagi Ryabchukni oqlash uchun asos bo‘la olmaydi, lekin bu motiv boshqa harbiylarni javobgarlikka tortmaslik uchun xizmat qilishi mumkin.
Ryabchuk haqida Ukraina nashrlarida turli ma’lumotlar tarqatishdi. Ma’lum bo‘lishicha, yigitning otasi uch yil avval vafot etgan. Onasi yaqinda ko‘zi yorigan qizining oldiga, Rossiyaga ketgan. U o‘sgan uyda hozir hech kim yashamaydi. U muqobil xizmatni tanlashi mumkin bo‘lgan, lekin milliy gvardiyada xizmat qilishni istagan. Ryabchuk tug‘ilib o‘sgan Broska qishlog‘ida yashovchilar Artemiy bu ishni qilishi mumkinligiga ishonmay, u yaxshi yigit bo‘lganini aytishgan.
Ukraina Davlat surishtiruv byurosi barcha holatlarni, xususan, Ryabchuk tazyiq yoki bosimga uchragan-uchramaganini tekshirishini ma’lum qildi. Byuroning xabar berishicha, Ryabchuk politsiyaga o‘zi taslim bo‘lgan. U yo‘lovchi ayoldan politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zi turgan joy haqida ma’lumot berishni so‘ragan.

Zobit avvalo ruhiy ekspertizadan o‘tkaziladi. Shuningdek, jinoyatni sodir etgan vaqtda alkogol ichimlik yoki narkotik modda ta’sirida bo‘lgan-bo‘lmagani aniqlashtiriladi.
Ukraina milliy gvardiyasi qo‘mondoni ishdan ketdi
Ukraina milliy gvardiyasi qo‘mondoni, general-polkovnik Nikolay Balan voqea sodir bo‘lgan 27 yanvarning o‘zida ishdan ketish bo‘yicha ariza yozgan.
«Har qanday yaxshi yoki yomon harakat uchun qo‘mondon javobgarlikni gardaniga olishi kerak. Bugun ertalab ichki ishlar vaziriga raport, prezidentga ishdan ketish bo‘yicha ariza yozdim», degan general matbuot anjumanida.
Nikolay Balan iste’foga chiqquniga qadar Ryabchuk xizmat qilgan polkdagi barcha komandirlarni ishdan bo‘shatganini aytdi. Polk komandiri, uning shaxsiy tarkib bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, shtab boshlig‘i ishdan ketgan. Kechga borib Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy milliy gvardiya qo‘mondonining arizasini qabul qilib, uni lavozimdan ozod etdi.
Mavzuga oid
11:35
Kapotnyadagi zavodga zarba oqibatlari. Kosmosdan ko‘rinish
22:13 / 19.06.2026
Zelenskiy Lukashenkoga ultimatum qo‘ydi va uni bajarish uchun bir hafta muhlat berdi
20:34 / 19.06.2026
Kapotnyadagi zavodga Rossiya raketasi tushgani ma’lum qilindi
18:17 / 19.06.2026