O‘zbekiston | 23:38 / 29.01.2022
25897
4 daqiqa o‘qiladi

«Bir kunda qancha sochimiz oqardi...» – prezident faoliyati haqida navbatdagi ko‘rsatuv suratga olindi

«O'zbekiston 24» telekanalida prezident Shavkat Mirziyoyevning haftalik faoliyatiga bag‘ishlangan «Menimcha» loyihasining uchinchi soni efirga uzatildi. Xayrulla Nuriddinov muallifligidagi ko‘rsatuvning bu galgi sonida ham Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishlardan olingan eksklyuziv kadrlar ko‘rsatildi.

«Tuni bilan hech kim uxlamadi»

Teleloyihada Shavkat Mirziyoyevning 26 yanvar kungi yig‘ilishda 25 yanvarda kuzatilgan elektr uzilishi borasidagi gaplari ham ko‘rsatildi. Prezident o‘sha tunni bedor o‘tkazganini aytib berdi: «Avvalo OAVdan odamlarni ogohlantirishni so‘radim, chunki xalq sarosimaga tushib qolishi mumkin edi. Metrodan qancha odam chiqarildi, tog‘dan necha kishi olib chiqildi, nechta svetofor ishlayapti, qayerda «GAI» turibdi, telefon nima bo‘ldi – bular haqida har daqiqa xabar berdik. Hammani «baqirtirdim», baqiringlar, dedim. Hech kim uxlagani yo‘q kechasi, birorta odamni yo‘qotmaylik deb harakat qildik.

Bu juda katta ofat bo‘ldi, shunchaki hisoblagichni ochib tuzatadigan avariya emas. Hamma narsani o‘chirishimizga to‘g‘ri keldi. Men stansiya yonib ketishidan qo‘rqdim. Sirdaryodagi stansiya yonib ketgan, 1982 yoki 1983 yil edi. Mana shunday avariya bo‘lgan, oltita stansiyaning hammasi yonib ketgan. Shu sabab bosh vazir bilan doimiy aloqada bo‘ldim, bir kunda qancha sochimiz oqardi...», dedi prezident.

«Sen ham eplolmasang, vazirlikni yopish kerak»

Shavkat Mirziyoyev faoliyatini boshlaganidan buyon mamlakatdagi asosiy muammolardan biri kadr topish ekanini aytib keladi. Prezident hukumat vakillari bilan navbatdagi uchrashuvda bu haqda yana gapirib, sog‘liqni saqlash vaziriga ham ogohlantirish, ham ishonch ifodasi ohangida murojaat qildi: «Oldingi vazir mamlakatdagi vrachlarni tanimasdi, faqat Toshkentdagilarni bilardi. Sen bunday bo‘lma, hamma vrachlarni tani, hatto QVPdagilarni ham. Sen ham eplolmasang, bu vazirlikni yopish kerak», dedi prezident yangi sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayevga qarata.

«Xalqimiz bizga yana besh yillik ishonch bildirdi, uni oqlashimiz kerak»

Prezident hukumat a’zolariga yuzlanar ekan o‘zbek xalqining yuksak ishonchini oqlash kerakligi haqida gapirdi: «Xalqimiz bizga yana besh yilga ishonch bildirdi. Bu ishonchni oqlash uchun ikki hissa ko‘p ishlash kerak», dedi prezident.

«Tadbirkor O‘zbekistonda ishlab ketgan boshqa tadbirkordan so‘raydi»

O‘zbekiston iqtisodiyotiga keyingi 5 yilda 120 milliard dollar pul, shundan 70 milliard dollar investitsiya kirib kelishi kutilmoqda. Shavkat Mirziyoyev mamlakatda qulay investitsion muhit shakllanishi uchun hokimlarning o‘rni kattaligini aytdi: «Har bir tuman, shahar hokimi tadbirkorlar bilan gaplashib, 3-4 million dollar investitsiya olib kelmasa, nima qilib yuribdi hokim bo‘lib?», dedi prezident.

«Investorga sharoit yaratib berish kerak, chunki kelgan investor qonunlarni internetdan o‘qishi mumkin, lekin sizdan, bizdan so‘ramaydi bu yerda ishlab bo‘ladimi deb, O‘zbekistonda ishlab ketgan boshqa tadbirkordan so‘raydi», deb qo‘shicha qildi mavzuni davom ettirgan Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid