16:28 / 31.01.2022
3447

2021 yilda o‘zbekistonliklarning uy sotib olish ko‘rsatkichi 16 foizga oshdi

Ko‘chmas mulk bozoridagi oldi-sotdilar soni Namangan (48,6 foiz), Buxoro (41,1 foiz), Andijon (39,8 foiz) va Farg‘ona (33,6 foiz) viloyatlarida keskin oshgan.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekistonda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha 248,2 mingta shartnoma rasmiylashtirilgan. Bu 2020 yilga (216,2 ming dona) nisbatan 14,8 foizga ko‘p.

Hududlar kesimida ko‘chmas mulk bozorida oldi-sotdilar soni 2020 yilga nisbatan faqatgina Toshkent viloyatida (0,9 foiz) kamaygan.

Namangan (48,6 foiz), Buxoro (41,1 foiz), Andijon (39,8 foiz) va Farg‘ona (33,6 foiz) viloyatlarida esa keskin yillik o‘sish kuzatilgan.

Ta’kidlanishicha ko‘chmas mulk bozorida oldi-sotdilar soni har yili dekabr oyida sezilarli darajada oshadi. 2020 yilning dekabrida o‘sish sur’ati 20,9 foizni, 2019 yilning dekabrida esa 79,3 foizni tashkil etgan.

Avvalroq, 2021 yil yakunlariga ko‘ra, hududlar kesimida uy-joy narxlarining eng baland qiymati Toshkent shahri (1 kv metr uchun 7 mln 952,3 ming so‘m), Samarqand (5 mln 745,1 ming so‘m), Navoiy (4 mln 356,1 ming so‘m) va Toshkent (4 mln 208,9 ming so‘m) viloyatlarida, eng past narxlar esa Sirdaryo (2 mln 715,7 ming so‘m), Xorazm (2 mln 814,5 ming so‘m) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (2 mln 879,9 ming so‘m) qayd etilgani xabar qilingandi.

Top