11:26 / 31.01.2022
16139

KXDR yana ballistik raketalar sinovlarini o‘tkazmoqda. So‘nggi raketa tovushdan 16 barobar tez uchgan

KXDR o‘rta masofaga harakatlanuvchi ballistik raketalar sinovini o‘tkazganini tasdiqladi. Yakshanba kuni so‘nggi 5 yillikdagi rekord masofaga yetib borgan ballistik raketa uchirilgan. U tovushdan 16 barobar tez uchgan.

Foto: EPA/Vostock-photo

30 yanvar kuni Shimoliy Koreya 2017 yildan buyon rekord masofani bosib o‘tgan ballistik raketa uchirdi. Bu haqda dastlab Bloomberg KXDRning qo‘shnilari Yaponiya va Janubiy Koreya hukumatlari bayonotlariga asoslanib xabar tarqatdi.

31 yanvar kuni Markaziy telegraf agentligi bu ma’lumotni tasdiqladi.

Shimoliy Koreya o‘rta masofaga harakatlanuvchi raketani Chagando provinsiyasidan uchirgan. U uchirilishdan oldin tik holda o‘rnatilgan. 30 daqiqa mobaynida u Yer yuzasi bo‘ylab 800 kilometr masofaga uchgan va dengizga qulashdan avval 2000 kilometr yuqoriga chiqqan. Raketa Yaponiya iqtisodiy zonalari chegaralaridan tashqariga qulagan.

Foto: EPA

Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi anonimlik sharti bilan gapirgan harbiy amaldorga tayanib xabar berishicha, uchish vaqtida raketa maksimal tezligi 16 Max’ni tashkil etgan, ya’ni tovush tezligidan 16 marta yuqori. Manba so‘zlariga ko‘ra, raketa KXDR 2017 yilda sinovdan o‘tkazgan «Xvason-12»ga o‘xshash bo‘lgan.

Shimoliy Koreya 2017 yil oxiridan buyon qit’alararo harakatlanuvchi ballistik raketalar va yadroviy sinovlarga moratoriysiga amal qilgan holda bu kabi sinovlarni o‘tkazmagandi.

Associated Press agentligi xabar qilishicha, bu - KXDRda 2022 yil yanvar oyi boshidan buyon yettinchi marta raketa sinovlari o‘tkazilishi bo‘ldi. Shimollik koreyslar oxirgi marta 27 yanvar kuni raketa uchirgan edi. Joriy yildagi birinchi raketasini 5 yanvar kuni, ikkinchisini — 11 yanvarda, uchinchisini — 14 yanvarda uchirgan. Shuningdek, 17 va 25 yanvar kunlari ham Yapon dengizi tomon snaryadlar uchirilgan.

Bu 2021 yil mobaynida o‘tkazilgan barcha sinovlardan ko‘p.

  • 2017 yilda KXDR rahbari Kim Chen In mamlakat yadroviy kuchlarini yaratishda muvaffaqiyatga erishilgani, AQShga qadar yetib boruvchi raketa uchirilgani haqida e’lon qilgandi. O‘shanda, 2017 yil noyabrida «Xvason-15» raketasi sinovi o‘tkazilgandi. Raketa 53 daqiqa mobaynida 4,5 ming kilometr yuqoriga ko‘tarilgan va uchirish joyidan 950 kilometr masofada dengizga qulagandi.
Mavzuga oid
Top