O‘zbekiston | 09:45 / 31.01.2022
870
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda yuqori kuchlanishli elektr liniyasi muhofaza hududidagi yer qonunlarga zid ravishda auksionga chiqarilgani aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda, Yakkabog‘ tumani “Ayg‘irko‘l” MFY hududidagi futbol maydoni auksion orqali sotib yuborilgani haqida xabarlar tarqalgan. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi munosabat bildirdi.

Munosabatda ma’lum qilinishicha, Yakkabog‘ tumani, “Ayg‘irko‘l” MFY hududidagi bo‘sh turgan 38 sotix yer uchastkasi amaldagi qonun talablariga zid ravishda “Yer elektron avtomatlashtirilgan axborot tizimi” dasturi orqali sotib yuborilgan.

Xususan, “Ayg‘irko‘l” MFY hududida aholi tomonidan ijtimoiy maqsadlarda foydalanib kelinayotgan yerda mutasaddi idoralarning roziligi bilan 5 qavatli turar joy massivi qurilishi bo‘yicha taklif berilgan. So‘ng “Yer elektron avtomatlashtirilgan axborot tizimi” dasturiga ushbu yer uchastkasida ko‘p qavatli turar joy qurish haqida taklif kiritilgan.

O‘rganish davomida, mazkur hudud, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 dekabrdagi 1050-sonli va 11.12.2019 yildagi 981-sonli qarorlari talablariga asosan, 10kV Oybek havo liniyasi muhofaza zonasida ekani, drenaj o‘tgani sababli ko‘p qavatli bino qurish mumkin emasligi aniqlangan.

Ushbu hudud tadbirkorlar tomonidan auksion orqali sotib olinishi oqibatida, ularning manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Yakkabog‘ tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Yakkabog‘ tumani Qo‘tanboy qishlog‘ida joylashgan 51-maktab oldida yo‘l yoqasidagi joy ham amaldagi qonunchiliklarga zid ravishda auksion savdolariga chiqarib yuborilgandi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid