21:06 / 01.02.2022
31129

Boris Jonson «Ukrainani qo‘llayotganini ko‘rsatish uchun» Kiyevga bordi

Foto: Reuters

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Kiyevga bordi. Qirollik hukumati rasmiy saytida yozilishicha, Jonson Rossiya agressiyasi fonida Ukraina bilan birga ekanini ko‘rsatish uchun Kiyevga borgan.

Jonsonning Kiyevga tashrifi davomida xavfsizlik masalasida Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv o‘tkaziladi. Xususan, Britaniya Ukrainaga 118 million dollar miqdorida harbiy yordam ko‘rsatishi e’lon qilinishi kutilmoqda.

Boris Jonsonni kutib olgan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy u bilan tarjimonsiz gurung qilishga ulgurdi. Jonsonning yordamchisi yugurib kelib uning qo‘lidan hujjatlar papkasini «yulqib olgani» esa OAVning diqqati va kamerasiga tushdi.

Jonson Zelenskiyga Britaniya ular bilan birga ekanini aytish asnosida bardam bo‘lishni so‘radi va Ukraina prezidentini yengil mushtlab qo‘ydi. Zelenskiy bilan uchrashuvdan keyin Jonson Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefonda gaplashishi kutilmoqda. Kecha bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan muloqot qoldirilgandi. Jonson Putin bilan ertaga gaplashishi ham mumkin.

Jonson bilan birga Kiyevga Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass ham uchishi kerak edi, ammo unda koronavirus aniqlanib, Ukrainaga borolmadi. Shu sabab Ukraina, Britaniya va Polsha o‘rtasida kichik xavfsizlik alyansi tuzilganini e’lon qilish bir muddat kechiktirildi. Uchrashuvlardan keyin Boris Jonson jurnalistlar uchun brifing o‘tkazadi.

Britaniya bosh vaziri Ukrainaga borish uchun Yaponiyaga safarini bekor qildi. Jonson kelishidan avval Tvitterda «Kiyevga uchyapman. Boshqa demokratik mamlakatlar kabi Britaniya ham Ukraina suverenitetini uni buzish niyatidagilar oldida qo‘llab-quvvatlashga tayyor» deb yozgandi.

Jonsonning Kiyevga kelishi Rossiya va Ukraina o‘rtasida yuzaga kelgan taranglik fonida Kiyev uchun jiddiy qo‘llab-quvvatlov bo‘lishi aytilmoqda. Ekspertlarning fikricha, Rossiya bilan munosabatlari sovuq bo‘lgan Britaniya bosh vazirining Kiyevga tashrifi orqali Ukrainani qanchalik jiddiy qo‘llashga tayyorligini ko‘rsatmoqchi.

Mavzuga oid
Top